Kommunikatsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kommunikatsiya (lot. communicatio — umumlashtiraman, bogʻlayman) — 1) kibernetikada — informatsiya (axborot)larni almashish jarayoni. Jismoniy va ijtimoiy nuqtai nazardan yondoshiladigan K.lar mavjud. Jismoniy nuqtai nazardan yondoshiladigan K.ni aloqa ham deb ataladi. Aloqa faza joylashgan nuqtalar, qurilmalar yoki kishilar oʻrtasida mos aloqa kanali boʻyicha axborotlarni uzatish jarayonlarini oʻz ichiga oladi. Inson yaratgan texnikaviy tizimlarda quyidagi 4 ta asosiy K. turi bor: "inson-inson", "inson-mashina", "mashina-inson", "mashina-mashina". Texnikaviy darajadagi K. jarayonlarida turli xil sunʼiy tillar (mas, algol, kobol va axborotlarni avtomatik qayta ishlash uchun moʻljallangan boshqa tillar)dan foydalaniladi. Ijtimoiy nuqtai nazardan yondoshiladigan K. guruh yoki tashqilot ichidagi, butun jamoa ichidagi alohida shaxslar oʻrtasida axborot almashish jarayonini oʻz ichiga oladi. Bunday turdagi K., asosan, tabiiy til yordamida amalga oshiriladi. Yakka K.da inson axborotni aniqlashi va idrok etishi (oʻzlashtirishi) katta ahamiyatga ega. Guruh yoki tashqilot ichidagi K. uchun shu guruh yoki tashqilot aʼzolari orasida munosabatlarning taqsimlanishi, qabul qilingan K. qoidalarining xususiyatlari ahamiyatli; 2) transport, aloqa yoʻllari va shahar xoʻjaligi yer osti tarmoqlari. Shahar xoʻjaligi yer osti tarmoqlariga shaharni suv, elektr energiyasi, issiqlik, gaz bilan taʼminlash uchun yer ostidan oʻtkaziladigan suv quvurlari va kabellar kiradi. Yer osti tarmoqlari koʻcha va maydonlar ostidan oʻtkaziladi. Katta shaharlarda suv quvurlari va kabellar bir umumiy kollektordan oʻtkaziladi, natijada K.ni taʼmirlash vaqtida yoʻllarni qayta buzib-tuzatishga hojat qolmaydi; Z) hayvonlarda birbiri bilan "muloqot qilish"dagi "signalli" usullar majmui. Har bir tur hayvon uchun "oʻziga xos" K. "signallari" boʻladi. [1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil