Nikolay Zaprometov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Nikolay Zaprometov
Tavalludi 25-dekabr 1893-yil
Toshkent
Vafoti 1-aprel 1983-yil
Moskva
Fuqaroligi Rossiya imperiyasining bayrogʻi Rossiya imperiyasi SSSR bayrogʻi SSSR
Ilmiy darajasi fan doktori
Mukofotlari

Zaprometov Nikolay Georgiyevich (25-dekabr 1893-yil, Toshkent – 1983-yil, Moskva) – sovet mikologi, oʻsimliklar patologi va entomologi, Oʻrta Osiyoda fitopatologiya fanining asoschilaridan biri, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori (1943), Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan fan va texnika arbobi (1950)[1].

Boigrafiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nikolay Georgiyevich 1893-yil 25-dekabrda Toshkent shahrida tavallud topgan. U Petrograd davlat universitetining fizika-matematika fakultetida tahsil olgan. Institutni 1916-yilda tugatib, birinchi toifali tabiiy fanlar nomzodi unvoniga sazovor boʻlgan. 1914-yildan boshlab X. Y. Gobi boshchiligidagi kriptogamik laboratoriyada faoliyat olib borgan[2].

Zaprometov dastlab Turkiston entomologiya stansiyasida kichik ilmiy xodim boʻlib ishlagan. 1916–1929-yillarda Oʻzbekiston oʻsimliklarni himoya qilish tajriba stansiyasining fitopatologiya boʻlimini boshqargan. Nikolay Georgiyevich 1929–1931-yillarda SoyuzNIXI (Paxta instituti) oʻsimliklarni himoya qilish stansiyasi direktorining oʻrinbosari vazifasida faoliyat olib borgan. Turkiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi xalq komissarligi qoʻriqlash boʻlimi boshligʻi lavozimida ham ishlagan. Zaprometov 1918–1929-yillarda Turkiston xalq universiteti qishloq xoʻjaligi fakulteti dekanining oʻrinbosari boʻlgan. Keyinchalik, Oʻrta Osiyo davlat universitetining oʻsimliklarni himoya qilish kafedrasini ham boshqargan[3].

Nikolay 1929-yilda professor unvonini olgan. 1931–1943-yillarda Toshkentning bir qancha institutlarida dars bergan. Jumladan, 1934–1935-yillarda Oʻrta Osiyo oliy qishloq xoʻjaligi bilim yurtida, 1934–1946-yillarda Oʻrta Osiyo oʻsimliklarni himoya qilish boʻyicha agronomlar malakasini oshirish kurslarida fitopatologiya kursidan dars bergan. Zaprometov 1943-yilda qishloq xoʻjaligi fanlari doktori ilmiy darajasini olgan, shuningdek, Toshkent qishloq xoʻjaligi institutida fitopatologiya kafedrasi mudiri boʻlib ishlagan.

Professor Nikolay uzum kasalliklarini (xususan, oidiumga qarshi kurash usullarini), gʻoʻza, tut va Turkiston parazit zamburugʻlarining sistematikasini oʻrgangan. 1950-yilda Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan fan va texnika arbobi unvoni bilan taqdirlangan.

Nikolay Oʻzbekistonda fitopatologiya va mikrologiya maktablarining asoschilaridan biri hisoblanadi. Ilmiy ishlari, asosan, mikroflora, zararli fitopatologik mikroorganizmlarning morfologiyasi, biologik sistemasi, sistematikasiga hamda madaniy oʻsimliklarning, jumladan, gʻozaning zamburugʻli, bakteriyali kasalliklariga qarshi kurash muammolari mavzusiga bagʻishlangan.

Uning koʻplab shogirdlari orasidan mashhur olimlar yetishib chiqqan boʻlib, ularning yutuqlari mamlakatimiz va jahon ilm-fanini boyitgan.

1983-yil 1-aprelda Moskva shahrida vafot etgan.

Mukofotlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fan doktori Nikolay Georgiyevich "Lenin" ordeni, "Mehnat qizil bayroq" ordeni, "Oktyabr Inqilobi" ordeni hamda „Hurmat Belgisi“ ordeni bilan taqdirlangan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]