Zamira Suyunova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Zamira Rajabovna Suyunova (1958.27.6, Kitob tumani) — xonanda, Oʻzbekiston xalq artisti (1999). Toshkent konservatoriyasini xor dirijyorligi ixtisosligi boʻyicha tugatgan (1981). Oʻzbek ashulachilik sanʼati sirlarini Gʻ. Toshmatov, K. Ismoilova, A. Ismoilovlardan oʻrgangan. Dutorchi qizlar ansambli repertuari shakllanishida xonanda (1979 yildan), musiqa rahbari (1984 yildan) va badiiy rahbar (1995—2002) sifatida xizmatlari alohida. Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida oʻqituvchi, dotsent (2004 yildan). Jarangdor, butun diapazonida tiniq ovozga ega boʻlib, maqom yoʻllari ("Dugoh Husayn", "Savti Chorgoh", "Saraxbori Dugoh taronasi" va boshqalar), xalq ashula, yalla va laparlari ("Yoʻl boʻlsin", "Yoryor" va boshqalar), ayniqsa, bastakorlar asarlari (Gʻ.Toshmatovning "Baxtimdan", A. Ismoilovning "Oybuloq", "Bilmam, adashdimmi", "Alla", "Ayol qalbi" va boshqalar)ni nozik did bilan va badiiy taʼsirchan talqin etgan. S. shirali, mayin ovoz sohibasi. Bastakor sifatida bir qator ("Vatan ishqi", "Alla", "Gul ochilsa", "Ona boʻlib" va boshqalar) qoʻshiq va ashulalar yaratgan. Ijrolari Oʻzbekiston radiosi fonojamgʻarmasiga, 3 grammplastinka, bir necha audiokassetalarga yozilgan. Uning hayoti va ijodiga bagʻishlangan telefilm va videofilmlar suratga olingan. Angliya, Fransiya, Ispaniya va Germaniyada gastrodda boʻlgan.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil