Kontent qismiga oʻtish

Yozuv madaniyati va ilk kutubxonalarning vujudga kelishi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yozuv madaniyati va ilk kutubxonalarning vujudga kelishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kutubxonalar qadim-qadimdan insonlar uchun ma'naviyat va ma'rifat o‘chog‘i bo‘lib, inson zoti doim kitoblarga intilib yashab kelgan. Har doim kutubxonalar jamiyat hayotining ajralmas qismi bo‘lgan. Faqat kutubxonalar tufayligina qadimgi qo‘lyozmalar, bosma kitoblar, tarixiy shaxslar haqidagi manbalar bizgacha yetib kelgani hech kimga sir emas. Yozuvning paydo bo‘lishi va hujjatli manbalar, qo‘lyozma va keyinchalik bosma kitoblarning ko‘payishi kutubxonalarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.Insoniyat tomonidan yaratilgan ikkinchi kashfiyot – kitob yuzaga keldi va hamma bilim sohasida adabiyotning mavjudlik shakllariga aylandi. Davrlar davomida kitobning shakl-shamoyili, sifati, bezatilishi, tashqi koʻrinishi, ishlab chiqarilishi takomillashib bordi. Antik davrda oʻrama kitoblar shakllangan boʻlsa, keyinchalik eramizning IV asriga kelib, muqovaga ega qoʻlyozma kitoblar paydo boʻldi. Kutubxonalar miloddan avvalgi II ming yillikda vujudga kelib, yozuvlar sopol bitiklarda yozilgan edi. Qadimgi Sharqda birinchi marta kutubxonalar paydo bo'ldi. Ilk kutubxona loy taxtachalari to'plami holida miloddan avvalgi 2500 yilda Bobilning Nippur shahridagi ibodatxonadan topilgan. Misrning Fiva shahri yaqinidagi qabrlardan birida 2-o'tish davri (miloddan avvalgi XVIII - XVII asr) papiruslari bo'lgan quti topilgan. Yangi qirollik davrida Ramzes II tomonidan 20000 ga yaqin papiruslar to'plangan.Eng mashhur qadimiy Sharq kutubxonasi miloddan avvalgi VII asr Ossuriya shohi Ashurbanipalning Nineviyadagi saroyidagi jadval holidagi mixxat yozuvlari to'plamidir (asosan qonunlar to’plamidan iborat). Qadimgi Yunonistonda birinchi ommaviy kutubxonaga Klearx zolim tomonidan miloddan avvalgi IV asrda asos solingan.Qadimgi kitob yozuvining eng katta markazi Iskandariya kutubxonasi bo'lgan. Miloddan avvalgi III asrda Iskandariya kutubxonasiga Ptolemey I asos solgan va ellin dunyosining ma’rifat va ilm markazi hisoblangan. Iskandariya kutubxonasi maqbara (muzey) majmuasi tarkibiga kirgan. Majmuada yashash xonalari, oshxona, o'quv zali, botanika va zoologiya bog'lari, rasadxona va kutubxona mavjud bo’lgan. Keyinchalik unga tibbiy va astronomik asboblar, o'qitish uchun ishlatilgan hayvonlar mulyaji, haykallar va bustlar qo'shilgan. Muzey tarkibidagi ibodatxona qoshida 200000 papirus (deyarli barcha antik davr kutubxonalari ibodatxonalar qoshida bo’lgan) va maktab tarkibida 700000 ta tarixiy hujjat saqlangan. Milodiy 270 yilda muzey va Iskandariya kutubxonasining ko'p qismi vayron qilingan. O‘zbekiston hududida miloddan avvalgi I ming yillikning so‘ngi asrlarida dastlabki kutubxonalar paydo bo‘lgan. Bular ilk kutubxonalar bo‘lib, kutub – arabcha «kitoblar», xona – forscha «uy», ya'ni kitob va hujjatlar saqlanadigan joy demakdir.