Yordam:Maqola qanday yoziladi (bichim)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Vikipediya sahifalarini bichimlash uchun juda qulay boʻlgan vikimatn yaratilgan. Vikimatn HTML oʻrnini qisman bosadi, HTML kodlarini oʻrganib oʻtirishga majbur boʻlmaysiz.

Vikimatn yoki Viki kodlari

Qalin va egri yozuvlar

Eng koʻp ishlatiladigan kodlar yozuvni qalin yoki egri (kursiv) qilib koʻrsatadiganlaridir. Bunda apostrof (') belgisidan foydalaniladi:

  • ''egri'' deb yozilsa egri boʻlib koʻrinadi. (2 ta apostrof)
  • '''qalin''' deb yozilsa qalın boʻlib koʻrinadi. (3 ta apostrof)
  • '''''qalin egri''''' deb yozilsa qalin egri boʻlib koʻrinadi. (5 ta apostrof)

Kirish paragraflari

  • Viki xususiyatlaridan biri har maqolaning birinchi jumlasi ichida maqola nomi boʻlishi va u qalin qilib koʻrsatilishidir. Masalan, Yurak maqolasi boshlanishi qanday yozilganiga qaraylik:
Yurak takroriy ritmik qisqarishlar orqali qonni tomirlarda yurgizuvchi organdir.
  • Maqola nomining maʼlum sinonimlari boʻlsa, ularni ham qalin qilib yozish kerak. Masalan, Dangasalik maqolasining kirish gapi:
Dangasalik yoki yalqovlik, tanballik, ishyoqmaslik deb biror ish yoki faoliyatni bajarishga layoqatli va imkoni boʻla turib, oʻsha ish yoki faoliyatni bajarishga istamaslikka aytiladi.
  • Yana bir Viki anʼanasi badiiy asar (kitob, film, qoʻshiq kabi) nomlarini egri yozishdir. Agar bu nomlar maqolaning ilk jumlasida boʻlsa, ularni ham qalin, ham egri yozish kerak. Masalan, Dogma (film) maqolasi:
Dogma 1999-yilda omma eʼtiboriga havola qilingan komediya filmdir.


  • Yuqoridagi misollarda koʻrinadigan Viki xususiyatlaridan yana biri kirish gaplarida otdan feʼl yaratadigan -dir qoʻshimchasi ishlatilishidir. Agar kirish jumlasida maqola nomidan keyin tire qoʻysangiz, -dir qoʻshimchasiga hojat yoʻq.

Boʻlimlar va ostboʻlimlar

Uzun maqola oʻqilishini qulaylashtirish va ichidagi maʼlumotlarni tartibli ajratish uchun boʻlimlar va ostboʻlimlar ishlatiladi. Agar juda uzun bir sahifa koʻrsangiz, mavzulariga qarab siz ham boʻlimlarga ajratishingiz mumkin.

Boʻlimlar bunday yoziladi:

  • == Boʻlim nomi == (2 ta barobar belgisi)
  • === Ostboʻlim nomi === (3 ta barobar belgisi)
  • ==== Ost-ostboʻlim nomi ==== (4 ta barobar belgisi)

va hokazo.

Maqolaning uchdan oshiq boʻlimi boʻlsa avtomatik tarzda uning mundarijasi hosil qilinadi. Sinov sahifasida toʻrt boʻlim yaratib koʻring.


Oʻrganganlaringizni sinov sahifasida tekshirib koʻring
Keyingi mavzu: Havolalar