Yashilgulli shirach

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Yashilgulli shirach
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Gulli o‘simliklar
Sinf: Bir urugʻpallalilar
Turkum: Shirach
Oila: Shirachdoshlar
Binar nomi
Eremurus chloranthus

Yashilgulli shirach (lotincha: Eremurus chloranthus) — shirachdoshlar oilasi shirach turkumiga mansub ko‘p yillik gulli o‘simlik turi. Birinchi marta Mixail Gregorovich Popov tomonidan tasvirlangan[1]. O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Samarqand viloyati Turkiston tog‘ tizmasi hududida tarqalgan. Tog‘larning yuqori qismlarida, ochiq ola jinslarda o‘sishga moslashgan[2].

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Balandligi 60-70 sm gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t o‘simlik. Ildizpoyasi, jigarrang, kalta, nursimon joylashgan, bo‘laklari urchuqsimon shaklda, biroz yog‘onlashgan. Barglari keng qalami nashtarsimon shaklda, eni 15 mm, rangi to‘q yashil, sirti silliq, tuksiz. Gullari shingil to‘pgulda yig‘ilgan. Shingili yog‘on, ko‘p gulli, silindr shaklida, uzunligi 25-30 sm. Guloldi bargchalari nashtarsimon uchli, chetlari mayin tuklar bilan qoplangan. To‘pgulining pastida joylashgan gullarning gulbandi gulqo‘rg‘onidan qisqaroq. Gulqo‘rg‘on bo‘lakchalari yashil tusda, yakka tomirli, uzunligi 14-15 mm. Changchilari gulqo‘rg‘onidan bir yarim barobar kaltaroq. Gullari ko‘rimsiz bo‘lganligi va hasharotlarni jalb qilmaganligi sababli shamol orqali changlanadi. Iyul oyida gullab mevasi avgustda pishib yetiladi. Mevasi ko‘sakcha. Urug‘i va ildizpoyalari orqali ko'payadi.

Tarqalishi va o‘sish sharoiti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tabiatda soni juda kamayib ketgan. Samarqand viloyati Turkiston tog‘ tizmasi hududida tarqalgan. Birinchi marta 1926—yilda gerbariy uchun yig‘ib olingan. Tog‘larning yuqori qismida, ochiq ola jinsli tuproqlarda o‘sadi. Ma'lum bir tuproq sharoitiga moslashganligi sababli tabiatda kam uchraydi[3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Eremurus chloranthus“.
  2. „Ширач зеленоцветний“.
  3. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.