Yashil anura

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Yashil anura
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Gulli o‘simliklar
Sinf: Ikki urugʻpallalilar
Turkum: Anura
Oila: Qoqio‘tdoshlar
Binar nomi
Anura pallidivirens

Yashil anura (lotincha: Anura pallidivirens) — qoqio‘tdoshlar oilasi, anura turkumiga mansub ko‘p yillik gulli o‘simlik turi. O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Jizzax viloyati Nurota tog‘ tizmasi Qo‘ytosh tog‘i hududida uchraydi[1].

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Balandligi 40—50 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t o‘simlik. O‘q ildiz tizimiga ega. Poyasi tik o‘sadi, qalin tuklar bilan qoplangan, ildiz bo‘g‘zidan shoxlanib ketgan. Barglari poyada ketma ket joylashgan, charmsimon, ustki tomoni tuksiz, ostki tomoni qalin oq tuklar bilan qoplangan. Ildizoldi barglari bandli, tuxumsimon, chetlari tekis yoki mayda tishli. Poyadagi barglari yuqoriga qarab kichrayib boradi. Pastki barglari bandsiz, poyani o‘rab turadi, pastki qismining ikki tomoni tishchali. Gulqo‘rg‘on bo‘lakchalari qisman qo‘shilgan. Gultojibarglari oq rangda. Gullari bir jinsli, tilsimon, savatcha to‘pgulda joylashgan. Savatchasi kichkina va qisqa bandli. Hasharotlar yordamida changlanadi. Iyun iyul oylarida gullab, mevasi avgustda yetilib pishadi. Mevasi bir urug‘li pista meva. Urug‘i kichik, cho‘ziq oval shaklda. Urug‘i orqali ko'payadi.

Tarqalishi va o‘sish sharoiti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yakka yakka holatda ba'zida kichik to‘plar hosil qilib uchraydi. Samarqand viloyati Nurota tog‘ tizmasi va Qo‘ytosh tog‘ida tarqalgan. Tog'ning o‘rta va pastki qismlarida tosh shag‘alli tuproqlarda o‘sadi. Chorva mollari uchun to‘yimli ozuqa hisoblangani va urug‘idan ko‘payishining chegaralangani sababli kam tarqalgan. Nurota davlat qo‘riqxonasi hududida muhofaza ostiga olingan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Анура бледнозелёная“.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.