Yasama tish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Yasama tish, tish protezi — turli sabablar tufayli tushib ketgan yoki olib tashlangan tabiiy tishlar oʻrnini toʻldirish hamda tish nuqsonlarini yoʻqotish maqsadida ishlatiladigan maxsus ortopedik moslama. Bolalar tishi notoʻgʻri joylashganda va jagʻ tishlar jipslashuvi buzilganda maxsus moslama qoʻllaniladi (ortodontik davo), bu esa ular yuzidagi nuqsonlarning oldini olish va davolash imkonini beradi.

YA.t. har bir kishining oʻziga, uning organizmiga zarar qilmaydigan materiallar: plastmassa, chinni va metall qotishmalar (oltin, kumush, platina, maxsus poʻlat va h.k.)dan yasaladi.

YA.t. ni oʻz vaqtida qoʻyish kerak, chunki bir nechta tish oʻrni boʻshab qolsa, ovqat toʻliq chaynalmaydi, bu esa meʼda va ichak faoliyatining buzilishiga sabab boʻladi.

YA.t. qoʻyishqoʻymaslikni stomatolog vrach belgilaydi. Yasama tishlar doimiy va olinadigan qilib qoʻyiladi.

Doimiy Yasama tishlarning qoplama (koronka), koʻpriksimon, shtift (mix) li va qistirma (vkladka) xillari bor.

Qistirma Yasama tishlar plastmassa va chinnidan yasaladi: ular, asosan, oldingi tish koronkasi chetnaganda yoki koʻp qismi yemirilib ketganda shaklini tiklash uchun qoʻllaniladi (qarang Tish chirishi). Qoplamalar zanglamaydigan poʻlat, oltin, plastmassa va chinnidan yoki ularni aralashtirib qilinadi. Oldingi tish koronkasi yemirilganda, tish ildizini toʻla davolab, shtiftli tish bilan tiklash mumkin; uni tish ildiziga oʻrnatib qoʻyiladi. Koʻpriksimon Yasama tish 1—2 ta tish boʻlmaganda qoʻyiladi. Ular tayanch tishlar oraligʻiga qoplanadi — bu koronkalar plastmassa yoki chinnidan yasaladi, yo hammasini metalldan qilish mumkin. Koʻpriksimon Yasama tish shikastlanmagan yoki toʻliq davolangan tishlargagina oʻrnatiladi. Olinadigan (plastinkali) Yasama tish milkka yoki qattiq tanglayga mahkamlab qoʻyiladigan va sunʼiy tishlar oʻrnatilgan plastinka (asos)dan iborat. Koʻp tishlar yoʻq va sogʻlom tayanch tishlar boʻlmaganda olinadigan Yasama tish tavsiya etiladi. U toʻliqmas va toʻliq (hamma tishlar oʻrnini toʻldiradigan) boʻladi. Koʻp tishlar yoʻq va tayanch tishlar sogʻlom boʻlsa, yoysimon (byugel) Yasama tish qulay, bunda asos plastinka oʻrnida metall yoydan foydalaniladi. Hamma tish boʻlmaganda toʻliq Yasama tish qoʻllaniladi: uning plastinkasi shilliq qavatga tiralib, soʻlak bilan hoʻllanib yopishib turganligi sababli protez ogʻizda yaxshi oʻrnashadi.

YA.t. qoʻyishdan oldin, albatta, ogʻiz boʻshligʻini sogʻlomlashtirish (chirigan tishlarni davolash, juda yemirilgan tishlar va tish toshlarini olib tashlash), tayanch tishlar ildizi atrofidagi toʻqimalar holatini tekshirish shart. Yasama tish qoʻydirishga muhtoj boʻlgan kishiga mos protez tuzilishini stomatolog vrach aniqlaydi.