Tish chirishi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tish chirishi, tish kariyesi - tish qattiq toʻqimalarining zararlanishi; tish emali (dentin)ning astasekin yemirilib, kovak hosil boʻlishi. Bolalarda koʻp uchraydi. Koʻpincha bolalarning birinchi katta jagʻ tishlari (oltinchi tish) chiriydi. Tish chirishi ovqatlanish tarzining buzilishi; xamir ovqat va shirinliklarga ruju qilish; ovqat tarkibida kaliy, fosfor va vitaminlar yetishmasligi, shuningdek, ovqatda hoʻl meva va sabzavotlar boʻlmasligi hamda tishlarni notoʻgʻri parvarish qilish oqibatida paydo boʻlishi mumkin. Bolalar tishining chirishiga homilador ayollarning ovqatlanish rejimi, bolani notoʻgʻri ovqatlantirish va boshqa maʼlum darajada taʼsir etadi. Ichimlik suv tarkibida ftor kam boʻlgan joylarda bu kasallik koʻp uchraydi (asosan, bolalarda). Ogʻir infeksion kasallik bilan ogʻrigan bolalarda, ayniqsa, ularning balogʻatga yetish davrida (xususan, qizlarda) Tish chirishi tez avj olib ketadi. Tish chirishi koʻpincha homiladorlikda ham kuzatiladi, chunki bu davrda homila skeleti shakllanishi uchun zarur boʻlgan kaltsiyga talab oshishi natijasida ona organizmida ichki sekretsiya bezlari faoliyati va moddalar almashinuvining buzilishi kabi fiziologik oʻzgarishlar roʻy beradi.

Tish chirishi sezilarsiz boshlanadi. Dastlab tish emali xiralashib, gʻadirbudurlashadi, oqish yoki sargʻimtir dogʻ paydo boʻladi (qarang Tish); keyinchalik bu joy yumshab qoladi, bu — yuza Tish chirishi deyiladi; bunda tish choʻtka bilan tozalanganda, shirin, nordon narsalar yeyilganda ogʻriydi. Chirigan tish kovagi astasekin chuqurlashib, emaldan dentinga oʻtadi, ana shunda oʻrta Tish chirishi kelib chiqadi, oʻtkir kechganda mexanik, kimyoviy yoki issiqsovuq taʼsirida bir oz ogʻriq paydo boʻladi. Tish chirishi jarayoni dentin toʻqimasining ichiga utishi natijasida pulpa ustida yumshab yupqalashgan dentin qoladi; bunda chirigan tish kovagiga ovqat kirishi (issiq, sovuk, suv va boshqa taʼsir etishi) bilan kuchli ogʻriq paydo boʻlib, taʼsirot yoʻqolganda darrov toʻxtaydi; bu — chuqur Tish chirishi deb ataladi. Agar oʻz vaqtida davo qilinmasa, mikrob tishning yumshoq toʻqimasi (pulpa)ga kirib, uni yalligʻlantiradi — pulpit vujudga keladi; borabora tish ildizi atrofidagi toʻqimalar ham yalligʻlanishi mumkin, Tish chirishi ni stomatolog vrach davolaydi. Tish kovagini tozalab plombalanadi.

Oldini olish uchun organizm ehtiyojiga zarur mineral tuzlar (ayniqsa, kaltsiy, fosfor), vitaminlar, yogʻlar, uglevodlar va h.k.ga boy ovqatlar yeb turish, ovqatlanish rejimiga rioya qilish, ogʻiz boʻshligʻini sogʻlom saqlash kerak.



tish kariesini oldini olish uchun har doim ovqatdan keyin tishlarni yuvish lozim.