Xoja guzari madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Xoja guzari madrasasi

Xoja guzari madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Qashqadaryo viloyati
Shahar Qarshi
Maktab yoʻnalishi sunniy
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Maqomi saqlanib qolmagan

Xoja guzari madrasasi — Qarshi madrasasi. Madrasa Qarshi qoʻrgʻoni tashqarisida Xoja guzari masjidining yonida qurilgan xujralardan tashkil topgandi. Uning faoliyati bilan bogʻliq, uchta hujjat saqlanib qolgan. Ulardan birida Qarshi muftiylari raisi mulla Ismoil xoja mazkur masjidga imom xatib tayinlash yuzasidan oliy hukmdorga murojaat qilgan. „Jahon panoho, oliy hazrat va sayyidimiz hamda hukmdorimiz aziz va muborak boshingizga ming-ming marotaba tasadduq, bulay. Hotamboy, Abdukarim oqsaqol, mulla Abduvouhid, Abdurauf, Umar xoja mutavalli, Burhon xoja, Ochildi xoja va Qarshi shahri qoʻrgʻoni tashqarisidagi Xoja masjidining boshqa kishilari ushbu nodon duoguy gʻulomingiz huzurida toʻplandi va janobi oliy hukmdorimiz haqqiga duo qildi. Mazkur masjid imom xatibi va mudarrisi mulla Xoja vafot etgani sababli, imom va xatib zarurligi uchun ularning muakillari ishtirokida mudarris mulla Muxtor xojani oʻsha boʻsh qolgan joyga oʻtkazishingizdan umidvor boʻlib, sizni duo qilgaymiz. Dunyoning quvvati, tasadduqingiz bulay. Ushbuni tahqiq eturmankim, mulla Muxtor xoja Chaqar guzaridandir. U solih va bechorahol kimsadir. Oliy marhamatingiz ila mazkur Chaqar guzari masjidi hujralariga mudarrislikka sarafroz etilgandi. Endi oliy marhamatingiz ila u marhum mulla Xojaning boʻsh qolgan oʻrniga Xoja masjidida imom va xatiblikka tayinlanishidan umidvor boʻlib, duo qilurmiz. Bu ojiz va nodon banda va fuqarolar muborak zoti oliy hukmdorimizga duo yoʻllagaymiz. Bu banda nodonligim bois arz birla sizni bezovta qilurman. Janobi oliy hukmdorimiz sohib ixtiyordirlar. Iloho, hazrat sayidimiz va hukmdorimiz dunyo turguncha salomat boʻlsin. Omin. Faqiringiz[1].Shuningdek, qozi Baqo xoja arznomasida esa mulla Xoja vafot etgach, Xoja masjidi hujralariga mulla Amin maxdum mudarris etib tayinlanishi soʻraladi. Ushbu arznomadan maʼlum boʻlishicha, marhum mulla Xoja Oliy Madrasa hujralaridan birida yashagan. Xoja madrasasi vaqfsiz edi. Oliy Madrasa hujralarining haqi 170 tanga atrofida boʻlganini eʼtiborga olsak, u hujradagi ikki kishiga boʻlib berilgan. Xoja madrasasi mudarrisi yiliga 85 tanga maosh olgan. Mulla Xoja oldinroq, Qizil masjidga imomlik qilgan[2].


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Jumanazar A. K. Nasaf. Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007 — 204 bet. 
  2. Ravshanov P. Qarshi tarixi. Toshkent: Yangi asr avlodi nashriyoti, 2006 — 639 bet.