Xloroplastlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xloroplastlar (yun. chloros — yashil va plastos — yasalgan) — oʻsimliklarning fotosintez qiladigan ichki organoidlari (plastidalari). Xloroplastlar oʻsimliklarning yer ustki qismida joylashgan hujayralari, ayniqsa, barglar va yashil mevalar hujayralari sitoplazmasida kup uchraydi. Yashil suvoʻtlar hujayrasi Xloroplastlari xromatoforalar deyiladi. Xromatoforalar, odatda, bitta, baʼzan bir nechta boʻladi. Xloroplastlarda fotosintez bilan bir vaqtda aminokislotalar va yogʻ kislotalari ham sintezlanadi; kraxmalning vaqtinchalik zaxiralari saqlanadi. Xloroplastlar 5—10 mkm, eni 2—4 mkm ga yaqin, shakli yumaloqlinzasimon yoki ellipssimon. Xloroplastlar sitoplazmadan ikki qavat membrana bilan ajralgan, ichki boʻshligʻi stroma deyiladi. Xloroplastlar stromasida joylashgan tuzilma birlik — tilakoidlar yassi xaltachalarga oʻxshaydi. Bir guruh disksimon tilakoidlar ustmaust joylashib, granlar (qirralar) hosil qiladi. Granlardagi tilakoidlar boʻshligʻi oʻzaro tutashgan boʻladi. Xloroplastlarda granlar soni 40—60, baʼzan 150 taga yetadi. Tilakoidlar membranalarida asosiy pigmentxlorofillar va qoʻshimcha pigmentlar — karotinoidlar joylashgan. Elektron mikroskopda tilakoidlar ustmaust qoʻyilgan tangachalarga oʻxshaydi. Xloroplastlar stromasida ribosomalar, DNK hamda fotosintez va ATF sintezida qatnashuvchi fermentlar joylashgan; stromada lipidlar, kraxmal va oqsil ham uchraydi. Xloroplastlarda ribosomalar, fotosintezning yorugʻlik fazasi reaksiyalarini katalizlovchi fermentlar va tilakoid membranalari tarkibiga kiruvchi oqsillar ham sintezlanadi. Xloroplastlar oʻz genetik apparate va maxsus oqsil sintezlovchi sistemaga ega boʻlgani uchun hujayraning avtonom organoidlari qatoriga kiritiladi. Xloroplastlardagi oqsillarning 25—30% ga yakini ularnint oʻzida, qolgan qismi yadro genlari nazoratida sintezlanadi. Xloroplastlar tuzilishiga binoan ayrim bakteriyalarga oʻxshaydi. Xuddi bakteriyalardagi singari Xloroplastlar stromasida bir yoki bir nechta DNK molekulalari mavjud, lekin gistonli oqsillar boʻlmaydi. Xloroplastlar ham bakteriyalar kabi boʻlinish nuli bilan koʻpayadi va hujayradagi soni ortadi. Xloroplastlar proplastidlarning boʻlinishi natijasida hosil boʻladi. Barglar va poyalar qariganida yoki mevalar pishganida xlorofill pigmentlari parchalanishi tufayli oʻsimlik yashil rangini yoʻqotadi; barglar sargʻayib, mevalar oʻziga xos rangta kiradi. Bu oʻzgarishlar tufayli Xloroplastlar oʻzgarib xromoplastlarga aylanadi. Xloroplastlar sianobakteriyalarning qadimgi yadroli geterotrof suvoʻtlar bilan simbiogenezi natijasida kelib chiqqan deb taxmin qilinadi.

Kurash Nishonboyev.