Xalqaro huquq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xalqaro huquq tushunchasi xalqaro ommaviy huquqni bildiradi. Xalqaro ommaviy huquq-xalqaro munosabatlarda qatnashadigan va ishtirok etadigan davlatlar (subyektlar)ning yuridik munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga soladi. Xalqaro ommaviy huquq-davlatlar oʻrtasidagi xalqaro munosobatlarning bazaviy xalqaro printsiplarini belgilab beradi. Xalqaro ommaviy huquq davlatlararo milliy munosabatlarni, davlatlar bilan xalqarshkilotlar, xalqaro miqiyosda fuqarolarning asosiy huquq, burch va erkinliklarini, xalqaro huquq doirasida xalqaro nizo va kelishmovchiliklarni hal qilish bilan bogʻliq hamda boshqa munosabatlarni oʻzida ifodalaydi.

Xalqaro huquq – xalqaro muloqotdagi davlatlararo va boshqa qatnashuvchilar (subyektlar) oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi ommaviy yuridik prinsiplar va normalar majmui. Davlat ichki huquqidan farqli ravishda Xalqaro huquq obʼyekta oʻz mazmun moxiyati jihatdan alohida davlat vakolatidan tashqariga chiquvchi xalqaro, aniqrogʻi, davlatlararo munosabatlar hisoblanadi. Davlat ichki huquqidan farqli ravishda Xalqaro huquq normalarini yaratish va bajarilishini taʼminlash bilan shugʻullanadigan qonun chiqaruvchi organlar yoʻq. Xalqaro huquqning asosiy subʼyektlari davlatlar hisoblanadi. Ularning oʻzaro kelishuvi bilan vujudga keladigan Xalqaro huquq normalari davlatlarning kelishilgan irodasini ifoda etadi. Xalqaro huquqning oʻziga xos xususiyati ana shundadir. Turli xalqaro shartnomalar, bitimlar, kelishuvlar, konvensiyalar, deklaratsiyalar, BMTning hujjatlari Xalqaro huquqning normativ bazasi hisoblanadi.

Hozirgi zamon Xalqaro huquqi xalqaro ommaviy huquq va xalqaro xususiy huquqga boʻlinadi. Xalqaro ommaviy huquq xalqaro munosabatlarda qatnashadigan davlatlar va boshqa subʼyektlarning oʻzaro munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga soladi. Xalqaro xususiy huquq turli davlatlar fuqarolari hamda tashkilotlari oʻrtasidagi mulkiy va boshqa munosabatlarni, ularning huquqiy holatini, yurisdiksiyasini, yashab turgan davlat milliy qonunchiligini qoʻllash tartibi va shartlariga doir munosabatlarni tartibga soladi.

Xalqaro ommaviy huquq xalqaro shartnomalar huquqi, diplomatik va konsullik huquqi, xalqaro tashkilotlar huquqi, inson huquqlari boʻyicha xalqaro huquq, xalqaro iqtisodiy huquq, xalqaro ekologiya huquqi, xalqaro jinoyat huquqi, xalqaro dengiz huquqi, xalqaro havo huquqi, xalqaro kosmik huquqi kabi sohalarni oʻz ichiga oladi. Xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan tamoyillari bor. Ular Xalqaro huquqni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi universal majburiy meʼyorlardir. Xalqaro huquqning aksariyat tamoyillari BMT Ustavining 2-moddasida bayon etilgan. Ular BMT Ustaviga muvofiq, davlatlar oʻrtasida doʻstona munosabatlar va hamkorlikka taalluqli Xalqaro huquq tamoyillari toʻgʻrisidagi 1970-yil. Deklaratsiyasida hamda Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik kengashi (YEXHK)ning Yakunlovchi hujjatida batafsil yoritib berilgan. Bular quyidagilardir: kuch ishlatmaslik va kuch bilan tahdid qilmaslik; xalqaro nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish; davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik; davlatlarning xalqaro hamkorligi; davlatlarning suveren tengligi; xalqlar va millatlarning oʻz taqdirini oʻzi belgilashi; davlatlarning xalqaro majburiyatlarini vijdonan bajarishi; chegaralar daxlsizligi; davlatlarning hududiy yaxlitligi; inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishdir. Jahon hamjamiyati oldida turgan umumbashariy muammolarni hal etish zaruriyatini ifoda etuvchi yangi tamoyillar ham shakllanmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi davlat suverenitetini qoʻlga kiritgach, xalqaro munosabatlarning toʻla huquqli subʼyekti sifatida faoliyat yurita boshladi. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida Xalqaro huquqning yuqorida koʻrsatilgan tamoyillarining aksariyati belgilab qoʻyilib (17-modda), „xalqaro huquqning boshqa umum tan olingan tamoyil va meʼyorlari“ni hurmatlash aytib oʻtilgan. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro hamjamiyatning ana shu tamoyil va meʼyorlariga izchil rioya qilmoqda, xalqaro shartnomalarni ishlab chiqish va qabul qilishda ishtirok etmoqda, ularni bajarmoqda, xalqaro tashkilotlar faoliyatida, jamoa xavfsizlik tizimlarida qatnashib kelmoqda. Dunyo davlatlari bilan bir qatorda yalpi va adolatli tinchlikni taʼminlash, oʻzaro manfaatli hamkorlikni oʻrnatish, insoniyat oldida turgan umumbashariy muammolarni hal etishda oʻz hissasini qoʻshmoqda. Zamonaviy Xalqaro huquqning asosiy tamoyillari Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida“gi (1996-yil 26-dekabr.) qonunda mustahkamlab qoʻyilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]