Vitebsk viloyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Vitebsk viloyatiBelarusning shimoliy-sharqidagi viloyat. 1938-yil 15 yanvarda tuzilgan. Vitebsk viloyatida 19 shahar va 26 shaharcha bor. Maydon 40,1 ming km2. Aholisi 1434,7 ming kishi (1999), asosan belaruslar, shuningdek rus, ukrain, polyak, yahudiy va boshqalar ham yashaydi Markazi – Vitebsk shahri.

Yer yuzasi asosan tekislik, qator tepalar va ular orasida botqoklashgan pastliklar koʻp. Vitebsk viloyatining shimolida Polotsk pasttekisligi, Ulla daryosi boʻylab Chashniki, shimoliy-sharqda Suraj pastliklari, janubida va sharqda Orsha (262 m), Vitebsk (296 m) qirlari bor. Foydali qazilmalari: torf, gil, oyna qumlari, dolomit, ohaktosh, shifobaxsh balchiq va mineral buloklar. Iqlimi moʻʼtadil kontinental. Yanvarning oʻrtacha tempaturasi –7,5°. Yiliga 550– 600 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri 177–185 kun. Yirik daryolari: Daugava va Dnepr hamda ularning irmoqlari. Tuprogʻi, asosan, chimli podzol tuproq. Hududining 1/3 qismi oʻrmon. Mayd.ning 12% oʻtloq, 8% bot-qoklik.

Toʻqimachilik-trikotaj, mashinasozlik, kimyo, yoqilgʻi va oziq-ovqat sanoati ustun turadi. Stanoksozlik, asbobsozlik, elektr va radiotexnika, neftni qayta ishlash kabi koʻpgina yangi sanoat tarmoklari barpo etilgan. Mashinasozlikning muhim markazlari: Vitebsk (stanoksozlik, daryo kemasozligi) va Orsha (stanoksozlik, yengil mashinasozlik, lokomotiv va vagon tuzatish zavodlari). Kimyo sanoati ham rivojlangan. Polotskda neftni qayta ishlash zavodi bor. Bu korxona asosida kimyo majmuasi barpo etilgan. Obolda biokimyo fabrikasi qurilgan.

Vitebsk viloyati Belarusning muhim yengil sanoat rayonidir. Viloyatda Belarus zigʻirtola zavodlarining 1/3 qismi joylashgan. Gilam toʻqish korxonalari ham barpo etilgan (Vitebsk). Tikuvchilik, charm poyabzal, shisha tola korxonalari bor. Qurilish materiallari ishlab chiqarish taraqqiy etgan. Uysozlik, ohak materiallari kombiatlari, silikat gʻisht, yogʻochsozlik va mebel ishlab chiqarish, qogʻoz, goʻsht, sut, konserva, un tortish, makaron, spirt-araq korxonalari mavjud. Vitebsk viloyatida sut-goʻsht chorvachiligi yetakchi oʻrinda. Zigʻir va kartoshka yetishtiriladi. Shuningdek gʻalla, yemxashak, sabzavot-poliz ekinlari ekiladi. Qoramol, choʻchqa, qoʻy, parranda boqiladi. Dare va koʻllardan baliq ovlanadi. Temir yo'l va avtomobil yoʻllari asosiy transport turi. Vitebsk viloyati hududini Sankt-Peterburg – Kiyev, Moskva – Brest, Nevel – Polotsk – Molodechno temir yo'l magistrallari kesib oʻtgan. Daugava va Dnepr daryolarida kema qatnaydi. Vitebsk viloyatida 5 oliy oʻquv yurti, drama teatri, 11 muzey bor.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil