Kontent qismiga oʻtish

Vigdís Finnbogadóttir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Vigdís Finnbogadóttir

Vigdís 1985-yilda
Islandiyaning 4-Prezidenti
Mansab davri
1-avgust 1980-yilda – 1-avgust 1996-yilda
Birinchi vazir Gunnar Thoroddsen
Steingrímur Hermannsson
Þorsteinn Pálsson
Davíð Oddsson
Avvalgisi Kristján Eldjárn
Keyingisi Ólafur Ragnar Grímsson
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 15-aprel 1930-yil (1930-04-15) (94 yosh)
Reykjavík, Islandiya
Alma mater Parij universiteti
Grenoble universiteti
Kopengagen universiteti
Islandiya universiteti

Vigdís Finnbogadóttir (1930-yil 15-aprel, Reykyavik, Islandiya) — islandiyalik siyosatchi, 1980—1996-yillarda Islandiyaning toʻrtinchi prezidenti boʻlgan. Vigdís dunyoda demokratik yoʻl bilan prezident etib saylangan birinchi ayoldir[1]. Islandiya prezidenti sifatida 16 yil faoliyat yuritgan, u tarixdagi eng uzoq muddat saylangan ayol davlat rahbari hisoblanadi. U Islandiyaning hozirgacha boʻlgan yagona ayol prezidenti hisoblanadi. Vigdís UNESCO Goodwill elchisi va Madrid klubi aʼzosi.

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vigdís 1930-yil 15-aprelda Reykyavikda tugʻilgan[1]. Uning otasi qurilish muhandisi, onasi esa milliy hamshiralar assotsiatsiyasini boshqargan hamshira edi[2].  Uning ukasi Þorvaldur Vigdísdan bir yildan keyin tugʻilgan; ammo u Hredavatnda choʻkib, vafot etgan[3]. Vigdís 1949-yilda Grenobl universitetiga oʻqishga kirdi, keyinroq oʻqishini Sorbonne Universitetiga oʻtkazdi[4]. U ingliz va fransuz adabiyotini oʻrganib, asosiy eʼtiborini sahna asarlariga qaratgan[2]  va 1953-yilda oʻqishni bitirgan[4].

Vigdís 1954-yilda turmushga chiqdi[4]. Xuddi shu yili u teatr guruhiga asos solib, aktyorlik faoliyatini boshladi[5]. U bir qancha fransuz pyesalari tarjimasi ustida ham ishlagan[1]. U 1957-yilda Kopengagen universitetiga oʻqishga kirdi va u yerda keyingi yilgacha teatr tarixini oʻrgandi[4]. U 1963-yilda ajrashgan[4]. Vigdís 1960 va 1970-yillarda Amerika Qoʻshma Shtatlari harbiylarining Islandiyada boʻlishiga norozilik bildirgan harbiylarga qarshi namoyishlarda qatnashgan[2]. Vigdís 1972-yilda bir qizni asrab olib[2], Islandiyada farzand asrab olgan birinchi yolgʻiz ayolga aylandi[4].

Vigdís 1972-yildan boshlab RÚV uchun televizorda fransuz tilidan dars bergan va bu uni butun mamlakat boʻylab taniqli shaxsga aylantirgan[2]  Xuddi shu yili u Reykyavik teatr kompaniyasining badiiy rahbari etib tayinlandi[5]. U 1976-yilda Skandinaviya mamlakatlaridagi madaniyat masalalari boʻyicha maslahat qoʻmitasi aʼzosi, 1978-yilda esa tashkilot raisi boʻldi[2].  U 1980-yilda Islandiya prezidenti boʻlgunga qadar ushbu lavozimlarda davom etdi[2][5]. Uning boshqa ishlari qatoriga bir qancha kollejlarda, jumladan Islandiya universitetida fransuz tili oʻqituvchisi sifatidagi faoliyati va yozda Islandiya sayyohlik byurosida ekskursiya boʻyicha gid boʻlib ishlaganligini kiritish mumkin. Keyinchalik u Islandiya sayyohlik byurosining rahbari boʻldi[4].

Prezidentlik faoliyati (1980-1996)[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vigdís 1980-yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashgan[6]. Uning harakatlari davomida uning harbiylarga qarshi pozitsiyasi va AQSh harbiylarining Islandiyada boʻlishiga qarshiligi uning kommunizmga xayrixoh ekanligi haqidagi qarashlarga olib keldi[7]. Vigdís ayollar siyosiy harakatlarni boshqarishga qodirligini isbotlash uchun prezidentlikka daʼvogarlik qildi va u bu saylovda gʻalaba qozonishni kutmagan edi[6]. Shunga qaramay, Vigdís 1980-yil 29-iyundagi saylovda gʻalaba qozondi[4]. Ovoz toʻrt nomzodga boʻlingan va u 33,6% ovoz bilan gʻalaba qozongan edi[2].  Vigdís 1980-yil 1-avgustda prezidentlik faoliyatiga kirishdi[5]. U Islandiyaning toʻrtinchi prezidenti va istalgan mamlakatda demokratik yoʻl bilan davlat rahbari etib saylangan birinchi ayoldir[2][8]. U bu lavozimga kirishganidan koʻp oʻtmay, Islandiya Parlamenti (Althing)dagi ayollar soni sezilarli darajada oʻsdi[6].

Vigdís 1984-yilgi prezidentlik saylovlarida muxolifatsiz qayta saylandi[2].  U 1986-yil 11-12 oktyabrda Amerika prezidenti Ronald Reagan va SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov oʻrtasida boʻlib oʻtgan Reykyavik sammitini boshqargan, bu mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarni yaxshilash va Sovuq urushni tugatishga yordam bergan[7]. 1988-yilgi prezidentlik saylovlarida Vigdís Islandiyaning prezidentlik saylovlarida raqibga duch kelgan birinchi amaldagi prezidenti boʻldi. Saylovda uning raqibi yomon natija koʻrsatdi va Vigdís 92,7% ovoz bilan gʻalaba qozondi[2]. 1992-yilda u yana prezidentlikka muxolifatsiz qayta saylandi[2]. 

Prezidentlik koʻpincha rasmiy vazifa boʻlsa-da, Vigdís faol prezident boʻlib, bu roldan u oʻz millatiga vakillik qilish va madaniy tashabbuslari orqali xalqini milliy oʻziga xoslikdan xabardor qilish uchun foydalangan[2].  Vigdís atrof-muhit muhofazasi faoli boʻlib, u oʻz prezidentligidan atrof-muhit muammolarini himoya qilish uchun platforma sifatida foydalangan. U Islandiyada oʻrmonlarni qayta tiklash harakatini olib bordi va barchani tuproqning yuqori qatlamini yoʻqotishning oldini olishga chaqirdi[4]. Bundan tashqari Vigdís pasifist ham boʻlib[2], oʻzini „tinch odam“ deb taʼriflaydi[7]. U, shuningdek, prezident sifatida geylar huquqlari himoyachisi edi[2]. 

Vigdís oʻz faoliyatidagi „eng ogʻir epizod“ deb hisoblagan qaror 1994-yilda Yevropa Iqtisodiy hududiga qoʻshilish boʻyicha munozaralar chogʻida qabul qilingan. Islandiyada Yevropa Integratsiyasiga qarshi kuchli muxolifat mavjud edi, lekin Vigdís Yevropa Ittifoqi va Yevropa integratsiyasini qoʻllab-quvvatladi va u Islandiyaning Yevropa Iqtisodiy hududi bilan birlashishiga toʻsqinlik qilish uchun prezidentlik vetosidan foydalanishni rad etdi[5]. Vigdís prezident sifatida beshinchi marta nomzodini qoʻymaslikka qaror qildi va uning vakolati 1996-yilning avgustida yakunlandi[2].  U 16 yil prezident sifatida faoliyat yuritdi. 2016-yil holatiga koʻra, u tarixda qayd etilgan eng uzoq vaqt xizmat qilgan saylangan ayol davlat rahbari boʻlib qoldi[2]. 

Reykyavik sammitida prezident Ronald Reagan Vigdís bilan Bessastadirda sayr qilmoqda.

Prezidentlikdan keyingi faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vigdís 1996-yilda Jahon Lider Ayollari Kengashining asoschisi boʻldi va 1997—2001-yillarda Ilmiy bilimlar va texnologiyalarda etika boʻyicha Butunjahon komissiyasining birinchi raisi boʻldi[2]. 1998-yildan beri Vigdís UNESCOning tillar boʻyicha Goodwill elchisi boʻlib ishlaydi[9]. U, shuningdek , Fond Shiracning sharaf qoʻmitasi aʼzosi[10].

Vigdís prezidentlik faoliyati yakunlanganidan keyin ham tinchlik himoyasi uchun harakatlarini davom ettirdi. 2016-yilda u Reykyavik sammitida boʻlgani kabi, oʻzaro kelishmovchiliklarni muhokama qilish yoʻli bilan hal qilish uchun AQSh va Rossiya arhbarlarining Islandiyaga tashrif buyurish istagini bildirdi. U ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni yangi sovuq urush deb taʼrifladi[7].

Vigdís Madrid klubi aʼzosi[11].

Unvonlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Milliy unvonlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  •  Islandiya:
    • „Lochin ordeni va katta xoch“ (Grand Cross with Collar of the Order of the Falcon) (1-Avgust 1980-yil)[12]

Xorijiy unvonlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 „Former President Vigdís Finnbogadóttir Turns 90 Today“. Iceland Monitor. Qaraldi: 2023-yil 7-oktyabr.
  2. 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 2,10 2,11 2,12 2,13 2,14 2,15 2,16 2,17 Snaebjornsson, Inga Minelgaite „"President Vigdís": The End and the Beginning of Women’s Agenda in Iceland“,. Women Leaders in Chaotic Environments: Examinations of Leadership Using Complexity Theory, Lecture Notes in Social Networks Erçetin: . Springer, 2016 — 35–47 bet. DOI:10.1007/978-3-319-44758-2. ISBN 978-3-319-44758-2. 
  3. Einarsdóttir. „"Ég missti þann förunaut sem hefði fylgt mér alla ævi"“. RÚV (2020-yil 19-aprel).
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 4,5 4,6 4,7 4,8 „First female head of state, Vigdís Finnbogadóttir, elected 35 years ago today“ (en). Icelandmag (2015-yil 29-iyun). Qaraldi: 2023-yil 7-oktyabr.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 5,4 „Vigdis Finnbogadottir, the world's first elected female president“ (en). France 24 (2020-yil 31-iyul). Qaraldi: 2023-yil 7-oktyabr.
  6. 6,0 6,1 6,2 Topping, Alexandra. „There's proof: electing women radically improves life for mothers and families“ (en-GB). The Guardian (2017-yil 7-dekabr). Qaraldi: 2023-yil 7-oktyabr.
  7. 7,0 7,1 7,2 7,3 „"What now happens in the world is utterly awful," Vigdís Finnbogadóttir“ (en). The Independent Barents Observer. Qaraldi: 2023-yil 7-oktyabr.
  8. „History: The world's first democratically elected female president“. Iceland Monitor (2016-yil 8-noyabr).
  9. „H.E. Vigdís Finnbogadottir“ (en). UNESCO (2021-yil 22-iyun). Qaraldi: 2023-yil 7-oktyabr.
  10. „Honor Committee“. Qaraldi: 2018-yil 22-may.
  11. „Club of Madrid: Full Members“. Club of Madrid (2019). Qaraldi: 2019-yil 27-oktyabr.
  12. „Icelandic Presidency Website“. 2016-yil 27-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 22-may.
  13. „Suomen Valkoisen Ruusun ritarikunnan suurristin ketjuineen ulkomaalaiset saajat“ (fi). Suomen Valkoisen Ruusun ja Suomen Leijonan ritarikunnat (2020-yil 9-oktyabr). Qaraldi: 2023-yil 14-dekabr.
  14. „Boletín Oficial del Estado“. boe.es (1985-yil 14-sentyabr).
  15. „Queen Iceland“. gettyimages.fi (1990-yil 25-iyun). Qaraldi: 2018-yil 22-may.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Siyosiy idoralar
Oldingisi Islandiya Prezidenti
1980–1996
Keyingisi
Yangi daraja Jahon Lider Ayollar Kengashi raisi
1996–1999
Keyingisi