Uzunbarg karrak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Uzunbarg karrak
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Yuksak oʻsimliklar
Sinf: Ikki urugʻpallalilar
Turkum: Karrak
Oila: Murakkabguldoshlar
Binar nomi
Cousinia dolichophylla

Uzunbarg karrak (lotincha: Cousinia dolichophylla) – ikki urugʻpallalilar sinfi, murakkabguldoshlar oilasi, karrak turkumiga mansub koʻp yillik gulli oʻsimlik turi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Toshkent viloyati Qorjontov, Ugom, Piskom togʻ tizmalarida tarqalgan[1]

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Balandligi 90 sm gacha yetadigan koʻp yillik gulli oʻsimlik turi. Poyasi tik oʻsadi, sirti yoʻl-yoʻl chiziqlar va dagʻal tuklar bilan qoplangan. Ildiz boʻgʻzidan chiqqan barglari uzun bandli, choʻziq nashtarsimon, uzunligi 25-30 sm, kengligi 5-8 sm charmsimon, ustki tomoni siyrak, dagʻal tuklar, pastki qismi qalin oq tuklar bilan qoplangan. Poyaning oʻrta qismidagi barglari qisqa bandli, yuqorida joylashgan barglar bandsiz, chetlari tikansimon boʻlingan. To‘pguli savatcha shaklida yakka-yakka holatda poya uchida oʻrnashadi. Savatchasi koʻp gulli qisqa bandli. Gultojibarglari och sariq tusda, gulkosachabarglardan biroz uzunroq. To‘pguli ostki tomondan oʻrama bargchalar bilan oʻralgan. Gullari naysimon bir jinsli. Hasharotlar yordamida changlanadi. Iyul avgust oylarida gullab mevasi sentabrda pishib yetiladi. Urug‘i teskari piramidasimon, yirik, uzunligi 7 mm. Urug‘i yordamida koʻpaytiriladi.

Tarqalishi va oʻsish sharoiti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tabiatda yakka-yakka holatda uchraydi. Toshkent viloyati Qorjontov, Ugom, Piskom togʻ tizmalarida tarqalgan. Togʻlarning oʻrta qismidagi mayda jinsli, shagʻalli tuproqlarda oʻsadi. Yem xashak sifatida yigʻib olinishi natijasida populyatsiyasi qisqarib ketgan. Ugom-Chatqol davlat milliy tabiat bogʻi hududida muhofaza ostiga olingan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Cousinia dolichophylla Kult“.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.