Gigantizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Ulkanlikdan yoʻnaltirildi)

Gigantizm (yun. gigas, gigantos — ulkan), ulkanlik, darozlik — odam boʻyining haldan tashqari baland boʻlishi, patologii oʻsishi. Gipofizda oʻsish gormonining koʻp ishlanib chiqishi sabab boʻladi. G. koʻproq erkaklarda, oʻsmirlik davrida uchraydi. Boʻyi 1,75 m dan baland kishilar novcha, 2 m dan balandlari daroz hisoblanadi (qarang Akromegaliya). G.ni baland boʻylilik bilan yanglishtirmaslik lozim. G.ning yevnuxoid xilida barmoqlar, qoʻl-oyoq panjalari katta boʻladi, lekin ikkilamchi jinsiy belgilar va jinsiy aʼzolar yaxshi rivojlanmaydi. Baʼzan tananing ayrim-aʼzosigina katta yoki uzun boʻladi, bu qisman G. deyiladi. Gigant odamlar hamisha sogʻlom boʻlavermaydi, ular bosh ogʻrigʻi, darmonsizlik, tez charchash, qoʻl-oyoklari ogʻrishidan shikoyat qilishadi. Muskullari oldiniga baquvvat boʻlishi mumkin, keyinchalik esa kuchsizlanib qoladi. Xotira, ruhiy faoliyat hamda jinsiy funksiyalarning buzilishi, shuningdek gormonal oʻzgarishlar (qalqonsimon bez, meʼda osti bezi, jinsiy bezlarda) kuzatiladi. Ularning buy-basti mutanosib boʻlmaydi, oyoq-qoʻli, ayniqsa oyogʻi uzun boʻladi, boshi hiyla kichik koʻrinadi. Agar bola tengqurlaridan ancha baland boʻlsa, vrachga murojaat qilib, tegishli maslahatlar olish lozim. Gormonal preparatlar, nur bilan davolash koʻpincha yaxshi naf beradi.[1][2]


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. „Gigantizm“ OʻzME. G-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil