Gigantizm
Gigantizm (yunoncha „gigas“, „gigantos“ — ulkan), ulkanlik, darozlik — odam boʻyining haddan tashqari baland boʻlishi, patologik oʻsish hisoblanadi. Gipofizda oʻsish gormonining koʻp ishlab chiqarilishi sabab boʻladi. Gigantizm koʻproq erkaklarda, oʻsmirlik davrida uchraydi. Boʻyi 1,75 m dan baland kishilar novcha, 2 m dan balandlari daroz hisoblanadi (Akromegaliya). Gigantizmni baland boʻylilik bilan adashtirmaslik lozim. Gigantizmning yevnuxoid xilida barmoqlar, qoʻl-oyoq panjalari katta boʻladi, lekin ikkilamchi jinsiy belgilar va jinsiy aʼzolar yaxshi rivojlanmaydi. Baʼzan tananing faqat ayrim aʼzolar, katta yoki uzun boʻladi, bu qisman gigantizm deyiladi. Gigant odamlar hamisha sogʻlom boʻlavermaydi, ular bosh ogʻrigʻi, darmonsizlik, tez charchash, qoʻl-oyoqlar ogʻrishidan shikoyat qilishadi. Muskullari oldiniga baquvvat boʻlishi mumkin, keyinchalik esa kuchsizlanib qoladi. Xotira, ruhiy faoliyat hamda jinsiy funksiyalarning buzilishi, shuningdek gormonal oʻzgarishlar (qalqonsimon bez, meʼda osti bezi, jinsiy bezlarda) kuzatiladi. Ularning boʻy-basti mutanosib boʻlmaydi, oyoq-qoʻli, ayniqsa oyogʻi uzun boʻladi, boshi biroz kichik koʻrinadi. Agar bola tengqurlaridan ancha baland boʻlsa, shifokorga murojaat qilib, tegishli maslahatlar olish lozim. Gormonal tekshirishlar oʻtkazish, ruhiy testlar kasallikka togʻri tashxis qoʻyishga yordam beradi. Gormonal preparatlar, nur bilan davolash koʻpincha yaxshi foyda beradi[1][2] .
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Tibbiyotga oid ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |