Kontent qismiga oʻtish

Ulfat Kobuliy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ulfat Kobuliy XIX asrning ikkinchi yarmida yashagan isteʼdodli dariyzabon shoirdir. Uning asl ismi Mir Mujtabo boʻlib, Ulfat uning taxallusidir.

Xolmuhammad Xastaning bergan maʼlumotiga koʻra shoirning ajdodlari madinalik asl saidzodalardan boʻlgan. Uning bobosi Mir Said Qosim Temurshoh Durroniy podshohligining ilk yillarida, aniqrogʻi 1776-yilda,Kobulga koʻchib kelgan. Shoirning otasi Mir Murtazo (X. Xasta maʼlumotida Said Ismoil) Kobulda yoki Madinada tugʻilgani maʼlum emas, ammo u ham otasi singari islom dini ulamolaridan boʻlganini taxmin qilish mumkin. Bu fikrni Ulfat Kobuliyning keyinchalik din va shariat sohasida chuqur bilim egasi boʻlib yetishgani ham quvvatlaydi.

Ulfat Kobuliyning tugʻilgan yili ham aniq maʼlum emas. Manbalarda koʻrsatilishicha, shoir Mahmudshoh Durroniy ikkinchi bor taxtni egallagan 1809-yildan keyin tugʻilgan. Uning vafoti turli manbalarda turlicha — 1880, 1881, 1882-yil deb koʻrsatiladi. Xolmuhammad Xasta bergan maʼlumotda esa, shoir 83 yoshda vafot etgan, deb aytiladi. Agar yuqorida aytilganidek, shoir 1809-yildan keyin, masalan, 1810-yilda tugʻilgan deb taxmin qilinsa va Xolmuhammad Xastaning maʼlumoti ishonchli deb hisoblansa, bu holda Ulfat Kobuliy 1893-yillar atrofida vafot etgan boʻlib chiqadi. Aks holda shoirning tugʻilgan yili 1800-1801-yillarga, yaʼni Mahmudshoh Durroniy birinchi bor taxtga oʻtirgan davrga toʻgʻri keladi.

Ulfat Kobuliy yoshlik yillaridan oʻqishga mehr qoʻyib, oʻsha davrda rasm boʻlgan bilimlarni puxta egalladi. U, ayniqsa, din va shariatga doir bilimlarni yaxshi oʻrgandi. Aynan ana shu bilimlari tufayli u Doʻstmuhammadxon podshohligi vaqtida diniy ishlarni nazorat qiluvchi amaldor — muhtasib lavozimiga ishga tayinlanadi, Sheralixon podshohligi davrida esa, Kobul qoziligining amini vazifasida ishlaydi.

Ulfat, oʻz davrining koʻpgina ziyolilari singari badiiy adabiyotga, xususan, sheʼriyatga qiziqardi. U mazkur sohaga tegishli bilimlarni ham har tomonlama egalladi, sheʼrlar yozdi. Manbalarda aytilishicha, Ulfatning shoir sifatida shuhrat qozongan vaqti Sheralixon podshohligi davriga (1863 — 1879) toʻgʻri keladi. Shuning uchun ham shoir haqida ilk bor yozma maʼlumot qoldirgan as-Sultoniy uni Sheralixon davri shoirlari qatorida tilga oladi. Albatta, Ulfat undan oldin ham sheʼrlar bitgani shubhasiz, ammo yuqoridagi maʼlumot shoir ijodining yetuk davri 1863-1879-yillarga toʻgʻri kelishini koʻrsatadi.

Ulfat mumtoz dariyzabon adabiyotning gʻazal, qasida, ruboiy, muxammas janrlarida ijod etgan. Ulfat devonining toʻliq nusxalaridan biri shoir Azizullo Qatilning shaxsiy kutubxonasida saqlangan. Bundan tashqari shoirning yana bir ixcham sheʼriy majmuasi Afgʻoniston milliy arxivida mavjud boʻlib, u 108 betdan iborat. Qoʻlyozmada 110 gʻazal, 5 muxammas, jami 850 bayt sheʼr mavjud. Toʻplamda shoirning qasidalari, gʻazal va muxammasdan boshqa janrlarga oid sheʼrlari kirmagan, undagi gʻazallar ham alifbo tartibida joylashtirilmagan. Bundan maʼlum boʻladiki, mazkur toʻplam Ulfat ijodiy merosining bir qisminigina oʻz ichiga oladi. Manbalarda shoirning xronogrammalari, qasidalari borligi haqida maʼlumotlar keltirilishi ham bu fikrni tasdiqlaydi. Tadqiqotchi Husayn Noyil Milliy arxiv qoʻlyozmasiga suyanib shoir ijodi haqida qisqacha tadqiqot olib brogan, uning toʻliq devoni esa hanuzgacha tadqiqotchilar eʼtiboridan chetda qolib kelmoqda.

Ulfat sheʼriyati mazmunan anʼanaviy boʻlib, uslub jihatidan hind uslubiga moyildir. Uning gʻazallari nozik iboralarda, pardapoʻsh tasvirlar orqali soʻfiyona ishqni tarannum etadi. Ayni paytda, shoir baytlar orasiga oʻzining hayotga, ijtimoiy borliqqa boʻlgan munosabatini ham ifodalab borgan. Ulfat Kobuliy sheʼriyatida sufiyona ishq tarannumi ham anchagina mavqega ega. Ayni paytda, shoir tasavvuf tushunchasidagi visolga erishish yoʻlida kishi saʼy-harakat qilishi lozimligini taʼkidlar ekan, masalani kengroq talqin qilishga harakat qiladi, oʻquvchini har sohada astoyidil harakat qilishga, vaqtdan unumli foydalanishga chaqiradi.[1]

Rahmon Inomxoʻjayev. Dariyzabon adabiyoti(XVIII-XIX-asrlardagi). 2016

  1. Rahmon Inomxo'jayev.. Dariyzabon adabiyoti (o'zbek), Toshkent, 2016.