Trombotsitlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Trombotsitlar (yun. thrombos laxta va kytos — hujayra) — qondagi shaklli elementlardan biri. T. diametri 2—5 mkm keladigan tanachalar boʻlib, ular qon plastinkalari deb ataladi. 1 kub ml qonda 180—320 ming T. boʻladi. Ular koʻmiqda ishlanib chiqadi. Qon plastinkalari osonlik bilan yemiriladi va qonning ivishida ishtirok etadi. Qon tomirlar jarohatlanganda T. xuddi shu joyga toʻplanadi va oʻzaro birikib, qonni quyultiradigan maxsus modda ajratadi; natijada laxta qon (tromb) hosil boʻladi va qon oqishi toʻxtaydi. Qon ketgandan, operatsiyadan keyin organizmning himoya reaksiyasi sifatida qonda T. soni ortadi (trombotsitoz). Baʼzan T.ning ortishi yurak boʻshliklarida va qon tomirlarda tromb hosil boʻlishiga olib kelishi mumkin; bunday holat koʻproq venalarning varikoz kengayishi yoki ularning yalligʻlanishida kuzatiladi (q. Tromboflebit). T. soni kamayishi ham mumkin (trombotsitopeniya), mas., ayrim dorilarga nisbatan sezuvchanlik yuqori boʻlganda, baʼzi kimyoviy moddalardan zaharlanganda T.ning koʻplab yemirilishi kuzatiladi, bunda salga qon oqaveradi. T.ning kamayishi fiziologik boʻlishi ham mumkin, mas., kishi uxlaganda, ovqatdan keyin, hayz koʻrganda T. kamayadi.