Tonzillit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tonzillit (lot. tonsilla — murtak bezlari) — murtakning yalligʻlanishi. Oʻtkir (qarang Angina) va surunkali T. farq qilinadi. Surunkali T.ga tez-tez angina bilan ogrish, shuningdek, burundan qiynalib nafas olish, burun yondosh boʻshliklarining yalligʻlanishi, chirigan tishlar (qarang Tish chirishi) sabab boʻladi. Bemor tomogʻiga biror narsa qadalgandek sezadi, tomogʻi ogʻriydi, achishadi, baʼzan ogʻriq quloqqa oʻtadi. Surunkali T.da isitma (37,3—37,5° gacha) uzok, (haftalab, hatto oylab) davom etishi, shu bilan birga bemor lanj boʻlib, boshi ogʻrishi, ish qobiliyati pasayishi mumkin. T.ni faqat mutaxassis vrach davolaydi: dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan tomoq chayiladi, murtak kanallari yuviladi, soʻng yodglitserin aralashmasi surtiladi va fizoterapevtik muolajalar buyuriladi. Surunkali T. tez-tez qoʻzib turadi. Kasallikdan yurak va buyrak funksiyalarining buzilishi hamda boʻgʻimlarda ogʻriq paydo boʻlishi kabi asoratlar qolishi mumkin. Bunday asoratlar yuz bermasligi uchun lozim boʻlganda operatsiyalar qilib, murtaklar olib tashlanadi.