Togʻchi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Togʻchi, toqchi, toxchi — Jan. Oʻzbekistonning qad. tub (avtoxton) turkiy qavmlaridan biri. T. soʻzi "togʻlik" maʼnosini anglatadi. Ular baʼzan oʻzlarini Dashti Qipchoq oʻzbek qatagʻonlariga ham mansub deb biladilar. Lekin T.larning ajdodlari Jan. Oʻzbekiston hududida Dashti Qipchoq oʻzbeklari kelishidan ham burun yashashgan. Ular togʻlarda istiqomat qilganliklari sababli T.lar deb atalgan. T.lar, asosan, Surxondaryo vohasida yashab soni jihatidan chigʻatoylar va qoʻngʻirotlardan keyin turishgan. 1924 y.gi maʼlumotlarda Boysun tumani boʻyicha 5605 nafar T. qayd etilgan. Koʻhitang togʻining sharqiy qismida 1190 kishi. Sherobod daryosining oʻrta oqimida 2695 kishi, Sherobod daryoning yuqori qismida 665 kishi, Surxon havzasining oʻng qirgʻoq qismida 1055 T.lar istiqomat qilgan. T.larning tashqi qiyofasida mongoloid irqiga xos belgilar kamroq boʻlib, togʻda yashovchi tojiklarga koʻproq oʻxshaydi. T.larning tili oʻzbek tilining qarluq laxjasiga kiradi. T. tojiklar kabi kichik etnik guruhlarga boʻlinmaydi. Ularda ichki nikohendogamiya anʼanalari juda kuchli saqlangan boʻlib, baʼzan tojik va turklar bilan qiz olib berishgan. Mahalliy qoʻngʻirot, doʻrmon, yuz, laqay kabi qavmlar bilan nikoh aloqalari umuman taqiklangan. T.larning asosiy anʼanaviy mashgʻulotlari chorvachilik (qoʻy, echki), dehqonchilik va xunarmandchilikdan iborat boʻlgan.

20-a.ning boshlarida sodir boʻlgan iqtisodiy va siyosiy jarayonlar tufayli T.larning koʻpchiligi oʻzbeklar, baʼzi guruxlari esa tojiklar tarkibiga singib ketishgan.

Adabiyot[tahrir]

  • Karmisheva B. X., Ocherki etnicheskoy istorii yujnoʻx rayonov Tadjikistana i Uzbekistana, M., 1976; Shoniyozov K., Oʻzbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001.