To‘rtlik kelishuvi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Toʻrtlik kelishuvi – Italiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya vakillari tomonidan 1933-yil 15-iyulda Rimda imzolangan xalqaro shartnoma. Shartnoma Yevropada urush xavfini bartaraf etish maqsadida Millatlar Ligasidagi toʻrtta davlat oʻrtasida siyosiy hamkorlikni nazarda tutgan edi.

„Toʻrtlik shartnomasi“ ning asosiy saʼy-harakatlari 1919-1920-yillardagi Versal tinchlik shartnomalarining ayrim qoidalarini qayta koʻrib chiqishga qaratilgan deb taxmin qilingan (masalan, Avstriya, Vengriya va Bolgariya uchun qurollanishda tenglikni tan olish kabi). Versal chegaralarining bir qismi (Germaniya va Polsha, shuningdek, Vengriya va uning qoʻshnilari oʻrtasidagi) ham qayta koʻrib chiqilishi aniq taxmin qilingan. Shartnoma faqat Italiyada ratifikatsiya qilingan va kuchga kirmagan.

Toʻrtlik kelishuvi ni tayyorlash boʻyicha muzokaralar (1933-yil mart – iyul)[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gʻarbiy Yevropaning „toʻrtlik“ buyuk davlatlari gʻoyasi 1932-yil oktyabr oyida Italiya Bosh vaziri B. Mussolini tomonidan ommaviy ravishda ilgari surildi. [1]1933-yil boshida Fransiyaning yangi elchisi A. de Jouvenel Rimga keldi. Ushbu loyihaning asoslarini muhokama qildi. Buyuk davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik ular oʻrtasidagi keskinlikni yumshatishi va yangi Yevropa urushi ehtimolini kamaytirishi mumkinligiga umid bildirildi. 1933-yil mart oyi boshida Buyuk Britaniya Bosh vaziri J. MakDonald ham „toʻrtlik shartnoma“ gʻoyasini qoʻllab-quvvatladi.

1933-yil 18-martda Dyus Fransiya, Buyuk Britaniya va Germaniyaga Italiya bilan birgalikda Yevropadagi xalqaro muammolarni hal etishni oʻz zimmasiga oladigan „katalog“ni tuzish taklifini yubordi. Barcha taklif etilgan tomonlar Mussolini loyihasi asosida muzokaralarni boshlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Loyiha Millatlar Ligasi Nizomining 19-moddasiga muvofiq tinchlik shartnomalarini „qonuniy yoʻl bilan“ qayta koʻrib chiqish imkoniyatini belgilab berdi. Germaniya va uning sobiq ittifoqchilari (Avstriya, Vengriya va Bolgariya)ning qurollanish sohasidagi huquqlari tengligi tasdiqlandi. Qolgan qoidalar toʻrtta davlatning Yevropa va undan tashqaridagi barcha bahsli xalqaro muammolar boʻyicha siyosatini muvofiqlashtirishni talab qildi[2]. Biroq, „toʻrtlik kelishuvi“ gʻoyasi Polsha, Kichik Antanta mamlakatlari (Chexoslovakiya, Ruminiya, Yugoslaviya) va SSSRning qattiq tanqidiga sabab boʻldi. Bundan tashqari, „kelishuv“ muxoliflari faol maslahatlashuvlarni boshladilar. Bu esa 1933-yil iyul oyi boshida London konvensiyasining imzolanishiga olib keldi.

Fransiya Polsha va Kichik Antanta bilan ittifoq tuzumining qulashidan qoʻrqib, 1933-yilning yozida Germaniya va Vengriya foydasiga chegarani qayta koʻrib chiqish tamoyilini qoʻllab-quvvatlashdan voz kechdi. Fransiya va SSSRning Markaziy Yevropadagi ittifoqchilari oʻrtasidagi munosabatlarning iliqlashishi (va bir vaqtning oʻzida Berlin va Moskva oʻrtasidagi munosabatlarning keskinlashishi va ularning Rappal hamkorligining toʻxtatilishi) tufayli fransuz diplomatlari 1933-yil kuzida yangi gʻoyani ilgari sura boshladilar.

Fransiya va SSSRni bogʻlaydigan „Sharqiy Lokarno“ ni tuzish toʻgʻrisida kelishib olindi (qisman bu gʻoya 1935-yilda Fransiya-Sovet va Sovet-Chexoslovakiya shartnomalari imzolanganda amalga oshirilgan.

SSSRning „Toʻrtlik kelishuvi“ga munosabati[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Toʻrtlik kelishuvi“dan noroziligini bildirgan Moskva, birinchi navbatda, SSSRning bunday yirik kelishuv doirasidan tashqarida qolib ketganini yoqtirmasligini taʼkidladi. SSSR Tashqi ishlar xalq komissarligi xodimlari fransuz diplomatlariga: „Bizsiz, demak, bizga qarshi“, deb ishora qildilar. Shu bilan birga, sovet diplomatiyasi „Toʻrtlik shartnomasi“ ning baʼzi tarkibiy qismlari unga mos kelishini aniq koʻrsatdi: masalan, Moskva bir tomondan Vengriya (va Italiya) va boshqa tomondan Kichik Antanta oʻrtasidagi chegaralarni oʻzgartirishga qarshi emas edi. Shuningdek, Janubiy Boltiqboʻyida (Germaniya, Polsha va Boltiqboʻyi mamlakatlari oʻrtasidagi) chegaralarni qayta koʻrib chiqish gʻoyasiga ishora qilib, Tashqi Ishlar Xalq Komissarligi M. Litvinov SSSR bu jarayonda „befarq“ qarashni istamasligini aytdi[3].

SSSRning Boltiqboʻyi chegaralarini qayta koʻrib chiqishda „ishtiroki“ haqidagi Sovet tushunchasi 1933-yil yozida Varshavadagi Kremlning maxfiy emissari Karl Radek tomonidan oshkor qilingan. I.Stalin nomidan Radek polyaklarga reja taklif qildi. Unga koʻra Polsha Litvani anneksiya qiladi, Sovet Ittifoqi esa tovon puli oladi. Shu bilan birga, Polsha diktatori Yu. Piłsudski Litva evaziga Danzig koridorini Germaniyaga qaytarishni nazarda tutgan bu taklifni qabul qilmadi[4].

Sharqiy va Markaziy Yevropadagi kichik davlatlarning reaksiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kichik Antanta mamlakatlari va Turkiya „Toʻrtlik kelishuvi“ gʻoyasiga javoban 1933-yil 4-iyulda tajovuzni aniqlash toʻgʻrisidagi konvensiyani imzoladilar (bu hujjat SSSR tomonidan ham imzolangan).

„Toʻrtlik kelishuvi“ gʻoyasining muvaffaqiyatsizligi (1933-yil yozi – kuzi)[tahrir | manbasini tahrirlash]

1933-yil 7-iyunda „Toʻrtlik kelishuvi“ matni eʼlon qilindi va bir oydan keyin imzolandi. Biroq, Germaniyaning (shuningdek, Vengriyaning) hududiy daʼvolarini eʼtiborsiz qoldirganligi va sovet-fransuz munosabatlarining faollashishi tufayli Gʻarb buyuk davlatlari bilan „Toʻrtlik kelishuvi“ doirasidagi hamkorlik Berlin uchun oʻz jozibasini yoʻqotdi.

1933-yil oktabr oyida Germaniya qurolsizlanish boʻyicha konferensiya va Millatlar ligasidan chiqqanini eʼlon qilgach, Berlin va boshqa pakt aʼzolari oʻrtasidagi munosabatlar yanada keskinlashdi hamda „Yevropa maʼlumotnomasi“ loyihasi kun tartibidan olib tashlandi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Shorrock William. The Jouvenel Mission to Rome and the Origins of the Laval-Mussolini Accords, 1933—1935 // Historian. 45 (1) / 1982. R. 20-30. http://onlinelibrary.wiley.com/doi/10.1111/j.1540-6563.1982.tb01569.x/pdf (Wayback Machine saytida 2016-05-04 sanasida arxivlangan)
  2. Vneshnyaya politika tretego reyxa (1933—1945) (Wayback Machine saytida 2023-04-15 sanasida arxivlangan) / N. V. Pavlov // MGIMO.ru. – 2012.
  3. Peganov A. Politika Fransii v Sredney Yevrope i SSSR, 1931—1934 gg. // SYeMINAR. Vip. 2 [7]. Sankt-Peterburg, 2015. C. 71-72. https://hal.archives-ouvertes.fr/hal-01266698 (Wayback Machine saytida 2021-11-29 sanasida arxivlangan)
  4. Ken O., Rupasov A. Moskva i strani Baltii: opit vzaimootnosheniy, 1917—1939 gg. // Strani Baltii i Rossiya: obщestva i gosudarstva. M., 2002. lvin.ru/documents/ken/moskva-i-baltiya-1917-1939.doc

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]