Tishli uzatma

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tishli uzatma — aylanma harakatni ilgarilama harakatga yoki aksincha aylantirib beradigan, yo boʻlmasa, aylanma harakat uzatadigan 3 zvenoli mexanizm. Uning 2 zvenosi qoʻzgʻaluvchan tishli gʻildirak (shesternya) dar (yoki shesternya va reyka)dan iborat boʻlib, qoʻzgʻalmas zveno (korpus) bilan aylanma yoki ilgarilama harakat uzatuvchi juftlikni hosil qiladi. Tishli uzatmaning silindrik, konussimon, gipoid, toʻlqinsimon va boshqa shaklli turlari boʻladi. Koʻpgina mashina va mexanizmlarda tashqi ilashishli, yaʼni tishlari tashki sirtiga oʻyilgan Tishli uzatma, kamdankam hollarda ichki tishlashishli (gʻildiraklardan birining ichiga tishlar oʻyilgan) Tishli uzatma ishlatiladi.

Kichik va oʻrtacha tezliklarda, ochik, holda yoki tezliklar qutisida ishlashi uchun toʻgʻri tishli; oʻrtacha va yuqori tezliklarda, muhim uzatmalarda foydalanish uchun qiyshiq tishli; ogʻir ishlarni bajaradigan mashinalarda katta moment va quvvatlarni uzatish uchun shevron tishli; evolventa ilashishli; barcha muhim konussimon Tishli uzatmalar uchun doiraviy tishli gʻildiraklardan foydalaniladi.

Tishli uzatma mexanik uzatmaning eng samarali va keng tarqalgan turi. Ular juda kichik kVt dan bir necha ming kVt gacha quvvatni amalga, grammning bir necha ulushidan 10 MN (1000 t kuch) gacha aylanma kuchni uzatishda qoʻllaniladi. Tishli uzatma boshqa uzatmalarga qaraganda ixcham, f.i.k. yuqori, koʻpga chidamli, valga kam yuk tushishi bilan farq qiladi. Ish vaqtida shovqin chiqarishi va tayyorlashda yuqori aniqlik talab qilinishi, tishlarning sinishi, toliqib yemirilishi, yeyilishi va boshqa omillar Tishli uzatmaning kamchiligi hisoblanadi. Tishli uzatma oddiy bir pogʻonali uzatma koʻrinishida va bir necha uzatmadan iborat birikma koʻrinishida mashinalarga oʻrnatib yoki alohida agregat tarzida ishlatiladi (yana qarang Differensial mexanizm, Planetar uzatma, Reduktor).