Suvni chuchuklantirish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Suvni chuchuklantirish - kuchli minerallangan va shoʻr dengiz suvlarini xoʻjalikda ishlatiladigan va ichimlik suv holiga keltirish; tabiiy suvlar tarkibidagi tuzlar konsentratsiyasini (1 g/l gacha) kamaytirish. Suvni chuchuklantirish ning distillash, muzlatish, elektrodializ, giperfiltratsiya va boshqa usullari bor. Suvning agregat holatini oʻzgartirib (distillab, muzlatib) ham, agregat holatini oʻzgartirmay (elektrodializ, giperfiltratsiya) ham suv chuchuklantiriladi. Tuzli suvlarni distillab chuchuklantirishda avval u qizdiriladi va hosil boʻlgan bugʻ kondensatlanadi (qarang Distillangan suv). Muzlatib chuchuklantirishda tuzli suv muzlatilganda chuchuk suv muzi kristallari va bu kristallar orasida tuzli suv muzi kristallari hosil boʻlish xossasidan foydalaniladi. Erish jarayonida avval tuzli suv muzi kristallari suyuq holatga oʻtadi. Elektrodializ usuli bilan Suvni chuchuklantirishda suvdagi tuz eritmalarining kation va anionlari chuchuk suvni oʻtkazmaydigan maxsus ion almashinuvchi membranalar orqali chiqarib yuboriladi. Giperfiltratsiya (qayta osmos) usulida esa atsetilsellyuloza yoki poliamid smolalardan tayyorlangan yarim kirituvchan membranalar suv molekulalarini oʻtkazib, suvdagi tuz eritmalarining gidratlangan ionlarini tutib qoladi. Bu usullarning hammasi maxsus qurilmalarda amalga oshiriladi (yana q. Dializ, Osmos). Yer yuzidagi koʻp mamlakatlarda chuchuk suv tanqisligi bois okean, dengiz suvi, yer osti suvlari chuchuklantiriladi. Baʼzi yirik kemalarda Suvni chuchuklantirish qurilmalari boʻladi. Ular shu kema ehtiyoji uchun suvni chuchuklantirib beradi.