Stendal

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Stendal (Stendhal) (taxallusi; asl ism-sharifi Anri Mari Beyl) (1783.23.1, Grenobl 1842.23.3, Parij) — fransuz yozuvchisi. Advokat oilasida tugʻilgan. 1799-yilda harbiy vazirlik xizmatiga kirgan, Napoleon I armiyasida xizmatda boʻlgan (1806—14). Soʻng Italiyaga kelib, J. Bayron bilan tanishgan. Italyan romantiklarining „Conciliatore“ („Yarashtiruvchi“) jurnali bilan hamkorlik qilgan. 1815-yildan boshlab S.ning dastlabki asarlari eʼlon qilina boshlagan. Bu asarlardagi respublikachilik ruhi va cherkov shaʼniga aytilgan nomunosib soʻzlar Avstriya politsiyasida S.ga nisbatan shubha uygʻotadi. Hayoti xavf ostida qolgan S. 1821-yilda Parijga qaytib, maqolalar yozadi, romantizm haqidagi munozaralarga kirishadi va publitsistik risolalar eʼlon qiladi. 1830-yil Iyul inqilobidan keyin S. dastlab Triyestda, soʻngra Rim yaqinidagi bir shaharchada fransuz konsuli lavozimida xizmat qiladi. S. Hayotining bu shaharchadagi soʻnggi 10 yili qizgʻin ijod bilan kechadi. S. ijodi 18—19-asrlarning tutash nuqtasida boshlanganiga qaramay, u imperiya halokatga uchragunga qadar havaskor yozuvchi darajasidan yuqori koʻtarilmadi. 1814-yildan Tiklanish (Restavratsiya)ning soʻngiga qadar boʻlgan davrda S.ning ijtimoiy-falsafiy va adabiy-estetik qarashlari uzil-kesil shakllandi. U shu davrda „Gaydn, Motsart va Metastazio hayoti“ (1817), „Italiyadagi rang-tasvir tarixi“, „Rim, Neapol va Florensiya“ (1817), „Muhabbat toʻgʻrisida“ (1822), „Rossini hayoti“ (1824), „Rasin va Shekspir“ (1823—25), „Rim boʻylab sayr“ (1829) singari publitsistik, falsafiy-psixologik, shuningdek, sanʼat haqidagi asarlari va yoʻl xotiralarini eʼlon qildi. U qariyb 30 yil davom etgan tayyorgarlikdan keyin yirik badiiy asarlar yozishga kirishib, „Armans“ (3 j.li, 1927), „Qizil va qora“ (1831), „Parma ibodatxonasi“ (1939) romanlari, „Vanina Vanini“ (1829) hikoyasi, „Vittoriya Akkoramboni“, „Chenchi“ (1837), „Gersoginya Palliano“ (1838) va „Kastrolik abbatisa“ (1839) singari yoʻl xotiralarini yaratdi. Bundan tashqari, S. shu davrda „ Xudbinning xotiralari“ (1832) va „Anri Bryular hayoti“ (1835) avtobiografik qissalari, „Lyusyen Leven“ (1834—36), „Lamyel“ (1839—42) romanlari, „Minna Vangel“ (1829—36) qissasi va boshqa asarlarini yozdi.

zdi.

Tanqidiy realizmning shaxsga tarixiylik prinsipi asosida yondashish, voqealar va harakterlarning haqqoniyligiga erishish, xulq-atvorlarni sinchkovlik bilan oʻrganish, ong-shuur harakatini tahlil etish haqidagi talablari S. realizmining asosini tashkil etadi. S. „Armans“ romanida shu prinsiplarga amal qilishga uringan boʻlsada, bu prinsiplar yozuvchining shoh asari — „Qizil va qora“ romanida oʻzining mukammal ifodasini topgan.

Qizil va qora“ romani S. ning yuksak mahorati bilan 19-asrning taeutiliy xronikasi darajasiga koʻtarildi. Asarda „salon hayotidan koʻrinishlar“gina emas, balki Tiklanish davridagi qariyb butun Fransiyaning hayoti oʻz aksini topgan. S. Jyulyen Sorel obrazini yaratish orqali fransuz jamiyatining ijtimoiy tabiatini va bu jamiyatda kechgan kurashni katta badiiy kuch bilan koʻrsatgan. S.ning tugallanmay qolgan „Lyusyen Leven“ romanida esa Iyul monarxiyasining dastlabki yillaridagi siyosiy-ijtimoiy va xususiy hayotning keng manzarasi tasvirlangan. S. ijodi fransuz adabiyotining keyingi taraqqiyotiga katta taʼsir koʻrsatdi va jahon miqyosida shuhrat qozondi. S.ning tasvirlash mahorati, jamiyat hayotini badiiy tahlil qilish sanʼati romandan romanga oʻsib boradi. S. adabiyotshunoslik, sanʼat tarixi, falsafa va psixologiya masalalariga oid asarlar ham yaratgan. Uning asosiy asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilingan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Sobraniye sochineniy, 1 — 15 tt., M., 1959; Qizil va qora, T., 1986; Parma ibodatxonasi, T., 1990.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Suleymanova F. K., „Lyusyen Leven“ Stendalya, T., 1962; Re i zo v B. G., Stendal. Filosofiya istorii. Politika. Estetika, L., 1974.

Naim Karimov.