Siroj ul-muslimin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"Siroj ul-muslimin" („Musulmonlar chirogʻi“) — Alisher Navoiyning diniy mavzudagi sof diniy ahkomlarni yoritishga bagʻishlangan asari.

Asar haqida[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hijriy 905-yilda (milodiy 1499-1500-y.) yozilgan boʻlib, jami 208 baytdan iborat. Baʼzi manbalarda 197 bayt deyiladi[1]. „Siroj ul-muslimin“da muallif har bir oddiy musulmon bilishi zarur boʻlgan aqidaviy va fiqhiy masalalarni yoritishni maqsad qilib, islomning besh ruknini qisqacha tarzda oʻzbek tilida bayon etgan. „Siroj ul-muslimin“ basmala bobi, kitobning yozilish sababi bayon etilgan bob, turli diniy mavzularga bagʻishlangan 25 bob va xotimadan iborat. Besh baytli basmala bobida Navoiy avval odob doirasida hamd, naʼt va salavot aytib, soʻng ushbu asarning yozilish tarixini quyidagicha bayon etadi:

Yozilish tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sulton Husayn Boyqaroning bevosita ragʻbati va himmati tufayli ham maʼnaviy obidalar, ham koʻplab binoyi xayrlar qurishga muyassar boʻlgan Navoiyning bu ishlari turli majlis va mahfilda suhbat mavzusiga aylangan. Ana shunday mahfillarning birida Navoiyning xayrixohlaridan biri uning saʼy-harakati tufayli bunyod etilgan „oliy rabot“ni maqtab qoladi. Shu majlisda sultonning yaqin kishilaridan boʻlgan  bosh­qa bir kishi, „sheʼrlarida ishq-u oshiqlikni madh etib, din-u diyonat uyini xarob etuvchi kishining binoyi xayr qurdirishi hisobga oʻtarmikan?“ degan maʼnoda  eʼtiroz bildiradi. Bu xabar Navoiyga yetib kelgach, tanqidda qaysidir maʼnoda jon borligini anglagan shoir aqida hamda islom arkoni masalalarini oddiy turkiyzabon kishilarga  tushunarli til va uslubda sof diniy asar yozishni niyat qiladi. Ammo oʻsha paytda turli tashvish va muammolar sabab uning bu niyati amalga oshmay qoladi. Bir kuni  Samarqand shahridan Hirotga kelgan martabali bir kishi Xoja Ahror bilan suhbatlari chogʻida Navoiyni ham esga olgani, „diniy mavzuda ham bir asar yaratsa, yaxshi boʻlardi“, deganini aytib qoladi. Natijada, burunroq rejalashtirilgan xayrli ish Xoja Ahrorning taklifi bilan amalga oshadi.

Tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Navoiy asarda dastlab shariat hukmlari hamda aqida qoidalarini bayon qiladi. Bu bejiz emas. Chunki shariatda eʼtiqod birlamchi, amal eʼtiqodga nisbatan ikkilamchi darajada turadi. Xudoga va Uning paygʻambariga eʼtiqod qilmasdan turib, shariat ahkomlarini bajarish — ildizi yoʻq daraxtni parvarish qilish kabi samarasiz. Shuning uchun har bir inson eng avvalo eʼti­qod asoslari haqida muayyan tasavvurga ega boʻlishi lozim:

Amaldin chun burun keldi aqoyid, Bas, andin yetkuray avval favoyid[2].

Alloh taolo aql-hushi joyida hamda balogʻatga yetgan bandasiga farz qilgan birinchi narsa — imon keltirishdir. Imon keltirish — 1) butun borliqni yoʻqdan bor qilgan, oʻxshashi va tengi yoʻq yakkayu yagona Allohga; 2) Alloh yaratgan farishtalarga; 3) Alloh yuborgan ilohiy kitoblarga; 4) Alloh bandalariga yuborgan paygʻambarlarga; 5) qiyomat kuniga; 6) taqdiri ilohiyga shak-shubhasiz ishonish va unga amal qilish demak.

Navoiy imonning mohiyatini sharhlar ekan, aqida ilmining muhim masalalaridan biri — Alloh taoloning zotiga oid sakkiz sifatini keltiradi. Shuningdek, musulmon kishi eʼtiqod qilishi lozim boʻlgan — qabr azobi, ikki farishtaning savol-javobi, qiyomat kuni Allohni koʻrish mumkinligi, sirot koʻprigi va gunoh-savoblar tarozusi, jannat va doʻzax­ning borligi, paygʻambarlar moʻjizalari, oxir­zamon paygʻambarining qiyomat kuni shafoat qilishi kabi bir qator aqidaviy masalalarni ham bayon etadi. Bu masalalarni qisqacha boʻlsa-da, tilga olishdan asosiy maqsad, avvalo ahli sunnat va jamoaning eʼtiqodini  bayon etish, shu bahonada mas­lak va mazhabini ham ochiq-oydin ravishda moturidiya eʼtiqodida ekanligini bildirishdir. Chunki aqidaviy masalalar turli mazhabda turlicha amal qilgan. Navoiy bahsga kirishmasdan, oʻzi eʼtiqod qil­gan haqiqatlarni keltirib, xulosa chiqarishni oʻquvchiga havola qilishni maʼqul koʻrgan.

„Islom arkonining sharhi“ bobi bilan boshlanadigan qismda Navoiy islom dinining besh rukni — shahodat kalimasi, namoz, zakot, roʻza va haj haqida maʼlumot beradi. Shahodat kalimasi — Alloh taoloning yagona maʼbud  hamda Muhammad Uning rasuli deb guvohlik berish ekanligini qayd etib, soʻng „saloti xams“ — besh mahal farz qilingan namozning shart va tartiblarini keltiradi.

Namozning birinchi sharti poklik boʻlganligi sababli, oldin tahoratning toʻrt farzi — yuzni yuvish, ikki qoʻlni ikki tirsagi bilan qoʻshib yuvish, boshning toʻrtdan biriga masʼh tortish, ikki oyoqni toʻpigʻigacha yuvish haqida maʼlumot beradi. Tahorat sunnatlari 12ta boʻlib, ular — „bismilloh“ soʻzini aytish, niyat, qoʻlni boʻgʻimlari bilan uch marta yuvish, ogʻizni uch marta chayish (mazmaza), uch marta burunga suv olib qoqish (istinshoq), soqol va qoʻl-oyoq barmoqlarini xilol qilish, har  bir aʼzoni uch marta yuvish, tahorat tartiblarini oʻzgartirmaslik, har bir aʼzoni ketma-ket va uzluksiz yuvish (muvolot)dan iborat. Undan soʻng tahoratning 6 ta mustahabi — niyat, muvolot, boshga masʼh tortish, tartib, boʻyinga masʼh tortish, har bir aʼzoni yuvishda oʻng tomondan boshlash kabi amallari haqida soʻz boradi. Mustahab deb koʻrsatilgan niyat, muvolot, boshga masʼh tortish va tartib aslida sunnat boʻlib, oldingi bobda  sunnatlar sifatida qalamga olingan. „Vuzuʼ noqizlari“ bobida tahoratni buzadigan narsalar haqida fikr yuritilgan. Keyingi bobda esa gʻuslni vojib qiluvchi sabablar sanab oʻtilgan. Undan soʻng gʻuslning farzlari (ogʻizni cha­yish va burunga suv olib qoqish, soʻng barcha aʼzolarga suv quyish) va sunnatlari (avval qoʻlni, soʻng avrat aʼzolari hamda najosat tekkan joylarni yuvish, tahorat olib, soʻng barcha aʼzolarga suv quyish) keltirilgan. Namoz oʻqishga pok boʻlish uchun tahorat va gʻusl qilish uchun imkon boʻlmaganida qoʻllaniladigan tayammumning farzlari (niyat, poklovchi tuproq jinsini maxsus suratda ikki qoʻl va yuzga surtish) va tayammumni buzadigan narsalar (tahoratni buzadigan narsalar hamda ichish uchun zarur boʻlgan suvdan tashqari, tahoratning farzini bajarishga yetarli suv topilishi) haqida maʼlumot berilganidan soʻng namozning farzlari haqida soʻz boradi. Namoz farzlaridan oltitasi namozdan tashqarida boʻlib, ular — tahoratli boʻlish, namoz oʻqiladigan joy pokiza boʻlishi, avrat aʼzolarini berkitish, namozning qaysi vaqtda ekanligini bilish va shunga rioya etish, qiblaga yuzlanish, niyat qilishdir. „Namozda olti doxil farzning bayoni“ bobida takbir, namozda qiyomda boʻlish, qiroat, rukuʼ qilish, sajdaga borish, oxirida qaʼdada oʻtirishdan iborat boʻlgan oltita ichki farz bayon etilgan. Soʻng yettita vojib amallar — „Fotiha“ surasini oʻqish va unga yana bir sura zam qilish, belgilangan tartibga rioya qilish, avvalgi ikki rakʼatda qiroat qilish, sajda, rukuʼ va boshqa amallarida bir muddat tin olib turish, uch va toʻrt rakʼatli namozlarda ikkinchi qaʼdada tashahhud oʻqish tartib bilan keltirilgan. Namozning sunnatlariga sharh berarkan, bu sunnatlar jami 20 ta boʻlib, 10 tasi qavliy (nutqqa tegishli) va 10 tasi feʼliy (amaliy) ekanligini qayd qiladi. Qavliy sunnatlar — sanoni oʻqish, „aʼuzu billoh“ va „bismilloh“ni aytish, „Fotiha“ surasidan keyin „omin“ deyish, rukuʼdan turishda „Samiʼallohu liman hamidah“ deyish, uchinchi va toʻrtinchi rakʼatlarda „Fotiha“ surasini oʻqish (dastlabki ikki rakʼatda „Fotiha“ oʻqish farz amallardan hisoblanadi), rukuʼ va sajdada ikki takbir („Allohu akbar“ deyishlik)  va ikki tasbeh (rukuʼda uch marta „Subhona Rabbiyal-ʼazim“, sajdada uch marta „Subhona Rabbiyal-aʼlo“ deyish)ni aytishlikdan iborat. Feʼliy sunnatlarni ado etish uchun qoʻlni quloqqacha koʻtarish, qiyomda oʻng qoʻlni chap qoʻl ustiga qoʻyish va nigohni sajda oʻrniga qaratib turish,  rukuʼda qoʻlni tizzaga qoʻyib, shu holatda belni tekis tutish, sajdada kaftlar qayerga qoʻyilsa, boshni ularning orasiga qoʻyish, sajda qilganda qorinni tizzadan, qoʻlni oyoqdan uzoq tutish, chap tovon ustiga oʻrnashib, oʻng oyoq barmoqlarini qiblaga qaratib oʻtirish lozim boʻladi. Namozlar umumiy hisobda oʻn yetti rakʼat (bomdod — ikki, peshin va asr — toʻrt rakʼatdan, shom- uch, xufton — toʻrt rakʼat) boʻlib, xuftonda uch rakʼat vitr namozi vojib qilingan. Sunnat namozlari esa jami oʻn ikki rakʼatdir:

Ikirar rakʼat oʻldi subh ila shom, Ul ikki toʻrtar angla barcha ayyom[2].

Islomning uchinchi rukni — zakot haqida maʼlumot berarkan, zakot — moli nisobga yetgan kishi uchun farz boʻlib, mol-davlatidan qirqdan bir hissani mustahiq — zakot olishga haqli boʻlgan insonlarga berish buyurilgani, ammo kiyib yurilgan kiyim-kechaklar, zaruriy ehtiyojga qoʻllaniladigan ot-ulov va boshqa narsalardan zakot berilmaydi. Navoiy talqinida, zakot — balolarni qaytaruvchi hamda qiyomat kuni gunohlarni yengillatuvchi amallardan hisoblanadi:

Adosida baloning raddi angla, Yana qilmoq sabukbor oʻzni tongla[2].

Islomning toʻrtinchi rukni — roʻza tutish ramazon oyi davomida tongdan shomgacha taom, ichimlik va jinsiy yaqinlikdan uzoq boʻlishlik farz etilgan. Farz roʻzalarda tong otmay turib niyat qilish afzal, nafl roʻzalarda esa peshingacha niyat qilish joiz ekanligi bildirilgan. Roʻzani buzmaydigan narsalar sifati chivin, pashshadek mayda narsalarning bexosdan ogʻizga kirib ketishi, tuz yo sirkani til uchida totish, qon oldirish, goʻdakka ovqatni chaynab berish, roʻzador ekaligini unutib, biror narsa yeb yo ichib qoʻyish kabi holatlarni keltirib, soʻng roʻzani buzadigan holatlar va ularning kafforati haqida maʼlumot berilgan. Jismga ozuqa yoki lazzat bermaydigan narsalar bilan roʻzasini buzgan kishi bir kuniga bir kun qazo roʻzasini tutib beradi. Agar oziqlanish yoki  shahvatga berilish sababli roʻza buzilsa, oltmish kun surunkali tarzda roʻza tutish, bir qulni ozod etish yoki oltmish kishini taomlantirish kaforat qilib belgilangan. Islomning beshinchi rukni — haj ham farz amallardan boʻlib, bu amalning farzga aylanishiga muayyan shartlar mavjud. Ular — haj qilishga moddiy imkoniyat, yoʻlning bexatarligi, qarzdor boʻlmaslik, haj safarida boʻlish muddatiga yetadigan oilaning taʼminoti mavjudligi, haj safariga chiqishga moneʼlik qila oladigan kasallik yoʻqligi boʻlib, bu shartlar ijobiy hal qilinganda haj amalini bajo keltirish farz boʻladi.

Xotima qismi asarning yozilish sanasi (hijriy 905/mil. 1499-1500-y.), asarning nomlanishi qayd qilinib, duo istagi bilan tugaydi.

„Siroj ul-muslimin“ning  sodda til,  ravon uslub hamda mantiqiy  izchillik bilan yozilganligi oʻrta asrlarda urf boʻlgan „nazmi taʼlimiy“ (sheʼr bilan yoziladigan oʻquv qoʻllanma) anʼana­larini eslatadi. Arab va fors sheʼriyatida  falsafa va irfon, axloq va din, riyo­ziyot va lugʻatshunoslik fanlariga bagʻish­langan sheʼriy asarlar mavjudligidan yaxshi xabardor boʻlgan Navoiy „Siroj ul-muslimin“ vositasida ushbu anʼanani  turkiy sheʼriyatga ham joriy qilishga erishgan. Shuningdek, Husayn Boyqaro olib borayotgan bagʻrikeng­lik siyosati tufayli Hirotda faoliyat olib borayotgan boshqa mazhab va firqalarning aqidalarini kamsitmagan holda oʻzi eʼtiqod qilgan ahli sunna va jamoaning moʻtadil qarashlarini himoya qilib chiqqan. „Siroj ul-muslimin“ oʻzbek tilida yaratilgan ilk diniy-aqidaviy manbalarning biri sifatida ham katta ahamiyatga ega[3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Alisher Navoiy. Siroju-l-muslimin & Dilnavoz Yusupova. Alisher Navoiyning diniy va tasavvufiy asarlari“ (2020-yil 10-may). Qaraldi: 2023-yil 19-fevral.
  2. 2,0 2,1 2,2 Alisher Navoiy. Siroj ul-muslimin. 
  3. Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat.