Kontent qismiga oʻtish

Shomil

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Shomil, Imom Shomil (1799, Dogʻistonning Gimra ovuli — 1871.4.2, Madina) — Dogiston va Checheniston togʻ xalqlarining chor Rossiyasi mustamlakachilari zulmiga qarshi muridiylik shiorlari ostida oʻtgan harakat (1834—59) rahbari. 20-yillarda muridiylikni targʻib etgan Gʻozi Muhammadning safdoshlaridan biriga aylangan. U bilan, soʻngra Hamzatbek bilan birga togʻliklarning podsho qoʻshinlariga qarshi qurashiga rahbarlik qilgan. 1834-yil Hamzatbek oʻldirilgach, Sh. imom deb eʼlon qilingan va 25 yil mobaynida Kavkazdagi togʻ xalqlarining kurashini boshqargan (qarang Kavkaz urushlari). Sh. oʻziga xos diniy davlat —imomlik (imomat) barpo etgan, undagi dunyoviy va diniy hokimiyat Sh. qoʻlida boʻlgan. Sh. podsho qoʻshinlariga qarshi kurash olib borgan va 40-yillarda bir qancha yirik gʻalabalarga erishgan. 1859-yil 25 avgustda Sh. 400 muridi bilan Gunib ovulida qamalda qolgan va 26 avgustda taslim boʻlgan. Sh. oilasi bilan Kalugaga surgun qilingan. 1870-yil unga Makkaga, haj ziyoratiga borishga ruxsat berilgan. Makkaga ketayotganda (Madinada) vafot etgan, alBoqiya qabristonida dafn qilingan.