Shish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shish — organizm toʻqimalari va boʻshliqlarida koʻp miqdorda suyuqlik toʻplanishi. Koʻpincha bu holat terida, teri osti yogʻ qavatida, plevral va qorin boʻshliqlarida, yurak oldi xaltachasida, moyak va h.k.da kuzatiladi. Sh. suyuqligi suv, natriy va kaliy tuzlari, birmuncha miqdorda oqsil hamda leykotsitlardan iborat. Leykotsitlar, ayniqsa, yalligʻlanishga xos Sh.larda koʻp boʻladi.

Kapillyar tomirlar orqali muntazam ravishda toʻqima suyuqligʻi bilan qon plazmasi oʻrtasida almashinuv yuz beradi. Qon tomirlar devori orqali atrofdagi toʻqimalarga suyuqlik chiqib turadi. Agar atrofdagi toʻqimalarga tomirlardan koʻp miqdorda suyuqlik chiqib uning soʻrilishi qiyinlashsa yoki butunlay toʻxtab qolsa, Sh. paydo boʻladi. Bu jarayonga tomir yoʻllari va atrofdagi toʻqimalarda natriy, kaliy va oqsillar miqdorining oʻzgarishi imkon beradi. Bunday oʻzgarishlar tomirlarning keng koʻlamda shikastlanishi, venalarning varikoz kengayishi, tromboflebit, yurak yetishmovchiligi, buyrak kasalligida (qarang Nefrit) qon oqimining sekinlashishida paydo boʻladi. Sh. koʻproq, suvtuz almashinuvining buzilishida yuzaga kelishi aniqlangan. Sh. tarqalishiga koʻra u mu miy va mahalliy boʻladi. Umumiy Sh. gavdaning koʻp qismini egallashi, oyoqqoʻl hamda tanada bir tekisda tarqalishi bilan ifodalanadi. Umumiy Sh. yurak yetishmovchiligida, buyrakning baʼzi kasalliklarida, jigar sirrozida kuzatiladi. Umumiy Sh. qorin boʻshligʻida qon aylanishining buzilishi, unda suyuqlik toʻplanishi — assit bilan kechadi. Mahalliy Sh. koʻpincha biror vena qon tomirining ezilishi yoki yalligʻlanish reaksiyasi natijasida paydo boʻladi.

Shishgan aʼzo, tana qismi yoki oyoqqoʻl kattalashadi va shakli oʻzgaradi. Teri shishganda uning elastikligi kamayadi, baʼzan u oqarib, muzdek boʻladi (yalligʻlanish va baʼzi allergik Sh. bundan mustasno). Sh. paydo boʻlganda u tananing qayeridaligi va hajmidan qatʼi nazar darhol vrachga murojaat etish lozim.

SH. keng tarqalib, tanada uzoq saqlansa toʻqimalarning oziqlanishi buziladi va organizmga osonlik bilan infeksiya kiradi, bu esa yaralar paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin. Bunday vaqtda terini mumkin qadar shikastlanishdan saqlash, uni nihoyatda toza tutish zarur. Buning uchun ichki kiyimni teztez almashtirib turish, terini kaliy permanganat (margansovka)ning kuchsiz eritmasi bilan artish va boshqalar tavsiya etiladi. Teri yorilganda va shilinganda unga brilliant yashilining 1% li eritmasini (zelenka) surtish kerak.

SH. sababi vrach tomonidan aniqlangan kishilarga koʻpincha shahrining hajmi va tarqalishini, kundalik qabul qilinayotgan hamda chiqarilayotgan suyuqlik miqdorini nazorat qilib turish, osh tuzini cheklash, baʼzan tarkibida kaliy koʻp mahsulotlar, (sutli mahsulotlar, turshak, bargak va h.k.) isteʼmol qilish buyuriladi.

Yurak, jigar, buyrak kasalliklari bor bemorlar oʻz vaqtida vrachga murojaat etishsa, bu ularda Sh. paydo boʻlishining oldini olishga imkon beradi.