Seldan himoya vositalari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Seldan himoya vositalari - aholi punktlari, sanoat korxonalari va ekinzorlarni sel vayrongarchiligidan himoya qilishga moʻljallangan oʻrmonmeliorativ, gidrotexnik va boshqa tadbirlar majmui. Asosiy oʻrmonmeliorativ tadbirlar: togʻ yonbagʻirlarida, sunʼiy terassalar va oʻzan boʻylarida yoppasiga yoki qisman oʻrmon daraxtlari ekish, ixota daraxtzorlari barpo qilish (qarang Agrooʻrmon melioratsiyasi). Bu tadbirlar, asosan, sel oqimlari hosil boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik, muayyan havzaning sel faolligini pasaytirish va uning kuchini qirqishga qaratilgan. Oʻrmon melioratsiyasi samaradorligi, odatda, ancha vaqt oʻtgandan soʻng seziladi. Mac, Oqtosh (Toshkent viloyati), Omonqoʻton (Samarqand viloyati)da oʻrmon melioratsiyasi tadbirlari natijasida suv rejimi ancha yaxshilandi, tuproq eroziyasi va sel oqimlarining vayrongarchilik xavfi kamaydi. Selga qarshi asosiy gidrotexnika inshootlari: beton, temirbeton va boshqa materiallardan quriladigan qirgʻoq himoya qoplamalari, sel oʻtkazgich, nov, sel tashlagich, quvur, sel va suv omborlari, sel toʻsgich va boshqa Ularning asosiy vazifasi — sel oqimlarini toʻsib qolish, chetga burib yoki bezarar oʻtkazib yuborishdan iborat. Inshoot turi joy xususiyatlari va suv oqimi turiga qarab tanlanadi. Daryolar yoʻlida suv omborlari qurilib, oqim tartibga solinadi, sel oqimlari toʻsiladi. Mayda va mavsumiy suv oqimlarida sel ombori quriladi, suvni yigʻib, bir qismidan sugʻorishda foydalanishga imkon beradi. Togʻ oldi r-nlaridagi adirlarda mavsumiy suv oqimlari yoʻlida omborlar va maxsus suvburgich kanallar, sel tashlagich yoʻllar (traktlar) barpo etiladi. Sel oʻzanlarining irrigatsiya va boshqa kanallar bilan kesishgan joylarida sel oqimlarini oʻtkazib yuboradigan sel oʻtkazgich, dyuker, sel tashlagich va sh. k. inshootlar quriladi. Sel xavfi katta boʻlgan havzalarda 40—50 va undan ham koʻp sel omborlaridan iborat boʻlgan selga qarshi sistemalar quriladi (mas, Andijon shahrini seldan himoya qilish sistemasi va boshqalar). Selga qarshi kurashda oʻrmonmeliorativ va gidrotexnika usullaridan birga foydalanish yuqori samara beradi.

Hamidulla Ismogʻilov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil