Safiltoʻda kompleksi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Joylashuv Go‘riavval MFY, Margʻilon shahri
Meʼmoriy uslubi Markaziy Osiyo me'morchiligi
Qurila boshlagan XIX asr
Ochilish sanasi 1900-yil (masjid)
Xarita

Safiltoʻda kompleksi — ziyoratgoh va masjiddan iborat kompleks[1]. Fargʻona viloyati Margʻilon shahri Go‘riavval MFY hududidagi, Tinchlik ko‘chasi 282-uy joylashgan.

Rus topografi Lebedevning 1875-yilda Marg‘ilon inshoatlari ro‘yxatini tuzganda Safilto‘da masjidi va qabristonini ham kiritgan.

Sankt-Peterburgda joylashgan Saltikov-Shedrin kutubxonasining Sharq qo‘lyozmalari bo‘limida bir qancha hujjatlar saqlanib qolgan. Ulardan biri Marg‘ilon uyezdidagi vaqf yerlarlariga solingan mulk solig‘i hujjatlarining uch joyida: Auovvol volostini Mo‘yan qishlog‘ida va Chimyon volostining Yoyilma qishlog‘ida va Yozyovon volosti Arabmozor qishlog‘ida „Safilto‘da“ masjid va qorixonasining 64 desyatina vaqf yerlari borligi haqida maʼlumot berilgan[2].

1938-yili A. K. Pisarchik „Safilto‘da“ qabri haqida usta Xo‘jali Soliyevdan ayrim maʼlumotlarni yozib olgan. Ustaning so‘zlariga ko‘ra, Safilto‘da aslida, dastlab „Sonto‘da“ deb atalgan. Buning sababi avvalgi vaqtlarda mozor o‘rnida shahar devori o‘tgan bo‘lib, aynan shu yerlarda Maʼdalixon va Mallaxon davrida marg‘ilonliklar bilan qipchoqlar o‘rtasida janglar bo‘lib o‘tgan. Mazkur janglar davomida har ikki tomondan ham juda ko‘p jangchilar halok bo‘lganlar. Shuning uchun bu yer ko‘p sonli jangchilar to‘dasi halok bo‘lganligi uchun „Sonto‘da“ deb atalgan.

Keyinchalik tinchlik oʻrnatilgandan soʻng, janchilarning jasadini shu yerning o‘ziga dafn etganlar. „Safilto‘da“ mozori esa o‘sha urushlarda jasorat ko‘rsatgan mashhur lashkarboshilardan birining qabri bo‘lib, aholi tomonidan ziyoratgohga aylantirilgan.

Mozorga tutash qilib hijriy 1320, milodiy 1900-yilda masjid qurilgan. Qishki nomozxona va ayvoni yaxshi saqlangan. Qurilganidan buyon kompleks restavratsiya qilinmagan. Shiftlarga solingan baʼzi naqshlar „Sirli masjid“dagi naqshlarga o‘xshash. Shiftlardagi to‘sinlar orasiga masjidning qurilgan yili yozilgan. Lekin quruvchi va naqqoshning ismi yozilmagan. Kompleks kimning pul mablag‘lari evaziga qurilganligi ham nomaʼlum.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Men Marg‘ilonman“. Qaraldi: 28-iyun 2023-yil.
  2. Rasuljon Mirzaahmedov va b. Marg'ilon zamini javohirlari. Farg'ona nashriyoti 2014 — 73 bet. ISBN 978994342721.