Raga
Raga, rag (sanskritcha: राग — rang, istak) — hind va pokiston xalqlari mumtoz musiqa janri. Ragalar oʻzbek maqomlari singari muayyan tovushqator (txat), ohang tuzilmalari (pakar) va usul (tal) jihatidan bir-biridan farqlanadi. Ragalar Bheyrav, Malkuns, Megh, Dipak kabi nomlar bilan, ularning shoxobchalari esa ragniylar deb ataladi. Raga Oʻrta asrdan maʼlum boʻlib, tarixiy jarayon davomida yangi kuy va asarlar bilan boyitildi. Hind musiqa olimlari ragalarni muayyan ruhiy va axloqiy taʼsiri jihatidan ajratadilar. Kunning muayyan vaqtlari (ertalabki, tushki raga va hokazo), yil fasllarida ijro etiladigan ragalar bor. Raga ansambli tarkibiga, odatda, yakkaxon xonanda yoki yakkanavoz sozanda, usul beruvchi urma cholgʻu ijrochisi va boshqa sozandalar kiradi. Har bir raga asosiy mavzuni bayon etuvchi vazmin surʼatdagi qismdan boshlanib, asta-sekin tezlashib boradi, turli nolalarga boy, erkin rivojlanadigan hamda avj olib keladigan qismlar orqali namoyon boʻladi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |