Qo‘yliq qishlog‘i

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qo‘yliq qishlog‘i — hozirgi Toshkent shahrining Qo‘yliq mavzesi o‘rnida mavjud bo‘lgan qishloq. Qishloq XIX asr ikkinchi yarmida Toshkentdan 2 versta (taxminan 2 km) masofada joylashgan edi.

Qo‘yliq qishlog‘i
Umumiy maʻlumotlar
Mamlakat Turkiston general-gubernatorligi
Tarixiy tuman Qurama (Toshkent) uyezdi
Kim sharafiga nomlangan Qo‘yliq ota

Nomlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qishloq va unga tutash hududlarning „Qo‘yliq“ deb nomlanishi haqida, asosan, uchta fikr mavjud. Aholi, ko‘pincha, avvallari bu yerlarda qo‘y bozori bo‘lgan, shu sababli ham „qo‘yliq“ deb nomlanadi, deb tahmin qilib kelsa, ba’zi olimlar bu yerda suv quyilish joyi bo‘lgan, shuning uchun „qo‘yliq“ — bu „suv quyilishi joyi“ deb izoh beradilar. Biroq, fanda yana bir fikr mavjud bo‘lib, „qo‘yliq“ so‘zi antropotoponim ekani ta’kidlanadi[1]. Aniqrog‘i mazkur hududda XVII asrda taniqli shaxs Qo‘yliq ota yashab o‘tgan, bu yerda, hatto, uning qabristoni ham mavjud. Shu bois ushbu joylar uning nomi bilan atalgan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

XIX asrning oxirlarida Qo‘yliq Qurama uyezdining markazi hisoblangan. Mazkur uyezd Sirdaryo harbiy gubernatorining 1868-yil 20-oktyabrdagi buyrug‘iga binoan, Toshkent uyezdidan Toshkent shahri alohida ma’muriy birlik sifatida ajralib chiqqanidan so‘ng tashkil etilgan. Dastlab uyezd boshqarmasi To‘ytepada, keyinchalik esa 1869-yili Qo‘yliq qishlog‘iga ko‘chirilgan va bu yerda 1887-yilgacha bo‘lgan. „Turkiston o‘lkasi boshqaruvi haqida“gi 1886-yilgi Nizomga ko‘ra Qurama uyezdi 1887-yil 1-yanvarda Toshkent uyezdi deb nomlana boshlandi va uyezd boshqarmasi Qo‘yliqdan Toshkentga ko‘chirildi[2].

XIX asrning oxirlarida qishloqda butun uyezd uchun bitta dorixona va uning qoshida tibbiy qabul punkti, telefon tarmoqlari, masjid, madrasa, pristav (uyezd boshqaruvchisi) idorasi bo‘lgani ma’lum. Toshkent shahri bilan bog‘lovchi yo‘l Qo‘yliq shoxko‘chasi (ko‘proq shahar hududidagi Salor arig‘igacha bo‘lgan qismi) va Qo‘yliq shossesi (Salordan Chirchiqqacha bo‘lgan qismi) deb atalgan. Qo‘yliq shoxko‘chasi shahar markazidan boshlanib to shahar tashqarisida, janubda joylashgan Qo‘yliq qishlog‘igacha davom etardi. Mazkur yo‘l shaharni uyezd markazi bilan bog‘lagani tufayli, unga ma’muriyat tomonidan katta e’tibor qaratilgan.

Ko‘payib borayotgan yevropalik shahar aholisi ham ko‘proq Nikolskoye va Qo‘yliqqa tomon yo‘nalishlarda o‘ziga uy-joylar qurib o‘rnashgan. Jumladan, arxiv hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, Qo‘yliq shossesining uzunligi Toshkentdan Chirchiq stansiyasigacha 10 versta 319 ½ sajen bo‘lgan. Deyarli butun yo‘lga tosh yotqizilgan, Salordan Qo‘yliqqacha bo‘lgan qismida shosse 1877-yili qurilgan va 1878-yili unga to‘qqizta ko‘prik o‘rnatilgan. 1892-yilga kelib ko‘priklar soni 25 taga yetgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Добросмыслов А.И. Ташкент в прошлом и настояшем, Ташкент, 1912 — 136 bet. 
  2. Бўриева Х. Тошкет шаҳрининг тарихий топонимияси (XIX аср охири — ХХ аср бошлари). Тошкент: Noshirlik yog‘dusi, 2009 — 214 bet.