Qizdirish asboblari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qizdirish asboblari — moddalar, narsalar va muhitni qizdirish, binolarni isitish uchun moʻljallangan issiklik texnikasi asboblarining umumiy nomi. Issiqlik ishlab chiqaruvchi (generatsiyalovchi) va issiqlik almashinuvchi turlarga boʻlinadi. Birinchisida turli xil energiya, mas, kimyoviy (yoqilgʻi yonganda ajraladigan) energiya issiqlik energiyasiga aylanadi, ikkinchisida har xil issiqlik eltuvchilar (mas, qaynoq suv, bugʻ) issiqligi atrofga tarqatiladi (qarang Isitish). Qizdirish asboblari, asosan, kimyoviy (gaz asboblari, kalorifer va boshqalar) va elektr asboblarga ajraladi. Gaz Qizdirish asboblarining asosiy qismi — gaz gorelkasi. Elektr Qizdirish asboblarining asosiy qismi — elektr energiyasini issiqlik energiyasiga aylantirib beradigan qizdirish elementi. U nixrom, fexral yoki elektr qarshiligi yuqori, mustahkam va yuqori trada oksidlanmaydigan, issiqqa chidamli qotishmalardan sim yoki lenta tarzida tayyorlanib, izolyatsiyalovchi va issiqqa chidamli material — chinni, slyuda (mikonit), shamot va boshqalardan iborat karkas ustiga oʻrnatiladi. Elementning ochiq va berk turlari bor. Ochiq element issiqlikni konveksiya va yorugʻlik tarqatish yoʻli bilan oʻtkazadi.