Prostata bezi adenomasi —yoshi ulgʻaygan erkaklarda prostata bezining kasallanib, oʻsmasimon (xavfsiz) kattalashuvi. Prostata bezi adenomasi sekin rivojlanadi, dastlabki belgisi tez-tez va ayniqsa, tunda zahartang qilishi xos. Siydik ingichkalanib tushadi va uzoqqa bormaydi. Bemor goʻyo oyogʻi orasiga siygandek boʻladi. Vaqt oʻtishi bilan bu holat kuchayadi: siydik tomchilab keladi, baʼzan toʻliq tutilib qolishi ham mumkin. Kasallik juda oʻtib ketgan hollarda siydik ixtiyorsiz tomaveradi, biroq bemorning qovugʻi boʻshamaganga oʻxshab turadi. Bu belgilar bilan bir qatorda buyrakda ham turli oʻzgarishlar yuzaga keladi. Buyrak kosachalari va jomi kengayadi, buyrak yalligʻlanadi (piyelonefrit) tosh paydo boʻlishi ham mumkin (siydik toshi kasalligi). Prostata bezi adenomasida ulgʻayib ketishining oldini olish uchun kasallikning birinchi belgilaridanoq vrachga koʻrinib, uning tavsiyalariga (gigiyenik rejim, parhez va boshqalar) amal qilish lozim. Ayniqsa, oyoqlarni sovqotishdan ehtiyot qilish kerak. Siydik qistaganda darhol qovuqni boʻshatish lozim. Prostata bezi adenomasi operatsiya yoʻli bilan davolanadi.