Piyelonefrit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Piyelonefrit (yunoncha: pyelos — jom va nephros — buyrak) — buyrak va buyrak jomining yalligʻlanishi (piyelit). P. mustaqil ravishda yoki siydik yurishini qiyinlashtiruvchi siydik-tanosil sistemasi kasalliklari (prostata bezi adenomasi, siydik toshi kasalligi va boshqalar) natijasida vujudga kelishi mumkin. P. turli infeksion kasalliklar oqibatida ham paydo boʻladi. Bolalarda koʻpincha gripp, zotiljam va nafas organlarining boshqa kasalliklari tufayli roʻy beradi. Ayollarda homiladorlik vaqtida kattalashgan bachadon siydik naylarini ezishi natijasida siydikning yurishi qiyinlashib, P. vujudga kelishi mumkin. Koʻpincha homiladorlik davrida ilgari sira bilinmasdan kechgan va vaqtida aniqlanmagan boʻlsa surunkali P. avj oladi.

P. buyrak toʻqimasiga kasallik mikroblari kirishi natijasida vujudga keladi. Mikroblar uretrit yoki sis-titda siydik nayi boʻylab yuqoriga koʻtariladi yoki organizmda yalligʻlangan joylar boʻlganida, shuningdek, angina, tonzillitda yoki tishlar chiriganida infeksiya qon tomirlaridan borib, buyrakka kiradi.

Birlamchi va ikkilamchi P. farq qilinadi. Birlamchi P.da mikroblar organizmdagi yiringli manba (tonzillit, chipqon va boshqalar)dan qon orqali buyrakka taʼsir etishi mumkin. Ikkilamchi P. siydik yoʻllari yalligʻlanganda vujudga keladi.

Oʻtkir va surunkali P. boʻladi. Et uvushib, kuchli titrash, isitmalash, qattiq terlash, belning bir tomonida yoki umurtqa pogʻonasining ikki yonida ogʻriq paydo boʻlishi, koʻngil aynishi, qayt qilish, ogʻiz qurishi, muskullarning bezillab turishi oʻtkir P.ga xos belgilardir. Siydik tekshirilganda undan leykotsitlar va mikroblar koʻp topiladi. Surunkali P. uzoq, yillar davomida hech qanday belgilarsiz kechishi mumkin, uni faqat siydikni tekshirgandagina bilinadi. Surunkali P.da bedda bir oz ogʻriq boʻladi, bosh tez-tez ogʻrib turadi. Baʼzan sal isitma chiqadi. Surunkali P. vaqti-vaqti bilan kuchayishi mumkin. Bunda oʻtkir P.ga xos belgilar paydo boʻladi. Surunkali P. oʻz vaqtida davolanmasa, buyrak toʻqimasi asta-sekin buziladi, buyrakning siydik ajratish funksiyasi oʻzgaradi, natijada (agar ikkala buyrak kasallangan boʻlsa) organizm azotli chiqindilar bilan zaharlanadi (qarang Uremiya). Oʻtkir P. bilan ogʻriganda bemor, odatda, faqat kasalxonada davolanadi. Vrach buyurgan rejimga rioya qilinmasa, kasallik surunkali shaklga oʻtadi. Surunkali P. bilan ogʻriganda bemorlar doimo vrach kuzatuvida boʻlishi va u buyurgan rejim hamda davo tadbirlariga toʻliq amal qilishlari lozim, jumladan, parhez buyuriladi, dudlangan, ziravorli, konservalangan mahsulotlar, achchiq narsalar, spirtli ichimliklar man etiladi. Osh tuzini kamroq isteʼmol qilish kerak.

Kasallikning oldini olish uchun turli yuqumli kasalliklarni oʻz vaqtida davolatish, organizmdagi infeksiya oʻchoqlarini yoʻqotish, organizmni chiniqtirish muhim ahamiyatga ega. Homiladorlar vaqti-vaqti bilan ayollar konsultatsiyasiga borib siydikni bot-bot tekshirtirib turishlari lozim.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil