Poltava

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

PoltavaUkrainaning Poltava viloyatidagi shahar. Viloyat markazi. Vorskla daryosi (Dneprning chap irmogʻi) boʻyida. Temir yoʻl tuguni. Aeroport bor. Aholisi 319 ming kishi (1997). Poltova Ukrainaning yirik sanoat markazlaridan biri. Mashinasozlik va metallsozlik sanoatlari (avtoagregat, kimyo sanoati uchun mashinalar, gazchiroq lampalari, turbomexanika ishlab chiqariladi), shahar yalpi sanoat mahsulotining 41,2%ni beradi. Sunʼiy olmos va olmos asboblari, tibbiy shisha, chinni va boshqa zavodlar bor. Yengil (ip-yigi-ruv, koʻnchilik, tikuvchilik, trikotaj, poyabzal va boshqa korxonalar), oziq-ovqat (goʻsht, yogʻmoy kombinatlari) va qurilish materiallari sanoatlari rivojlangan. Yogochsozlik, poligrafiya sanoati korxonalari bor. Oynashisha va badiiy buyumlar ishlab chiqariladi, musiqa asboblari fabikasi mavjud. 5 oliy oʻquv yurti, 2 teatr, 6 muzey (shu jumladan, muzey-qoʻriqxona, "Poltava jangi maydoni", badiiy muzey, V. G. Korolenkoning adabiy-memorial muzeyi, ukrain yozuvchisi I. P. Kotlyarevskiy muzeyi) bor. Shahar qadimgi solnomalarda, 1174-yildan, "Ltava" nomi bilan maʼlum (1430-yilgacha shu nomda). 1569-yildan Polsha, 1654-yildan Rossiya davlati tarkibida. Poltovada tarixiy meʼmoriy yodgorliklardan: Krestovozdvijensk monastiri sobori (17—18-asrlar), markazdagi klassitsizm uslubida qurilgan ansambl (19-asrdan boshlab), Poltava jangiga bagishlangan monumentlar (19—20-asrlar boshlari) saqlangan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil