PR

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

PR (oʻqilishi — piar) — ingilizcha "public „ relations“, yaʼni jamoatchilik bilan aloqalar maʼnosini anglatadi.

PR (Jamoatchilik bilan aloqalar) — Tashkilot yoki shaxs va ularning auditoriyasi yoki jamoatchilik fikrini yaxshiroq tushunish va ijobiy jamoatchilik fikrini yaratish maqsadida kanallar va axborot oqimini boshqarish sanʼati va fani.[1]

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha mutaxassis ixtisoslashtirilgan aloqa rejasini tuzadi va ijobiy brend imidjini va maqsadli auditoriya bilan mustahkam aloqani yaratish va qoʻllab-quvvatlash uchun ommaviy axborot vositalari va boshqa toʻgʻridan-toʻgʻri va bilvosita vositalardan foydalanadi.[2] Oddiy qilib aytganda, jamoatchilik bilan aloqalar — bu tashkilot va uning brendlari obroʻsini saqlab qolish uchun tashkilotga tegishli maʼlumotlarni ommaga chiqarish va tarqatishni boshqarishning strategik jarayoni. Ushbu jarayon quyidagilarga qaratilgan boʻladi:

  • Qanday axborotlar eʼlon qilinishi kerakligi,
  • Axborotlarni qanday tuzish kerakligi,
  • Axborotlar qanday taqdim qilinishi kerakligi va
  • Axborotni chiqarish uchun qanday ommaviy axborot vositalaridan foydalanish kerakligi[2].

PR tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qadimgi Misr svilizatsiyasidan to oʻrta asrlargacha — odamlar muhim maʼlumotlarni bir-biriga yetkazish va subyektlarni nima sodir boʻlayotganidan xabardor qilishda yordam berish uchun qurilmalar va kanallardan foydalanganlar. Ushbu muloqot usullari bugungi kunda biz bilgan PRni shakllantirishga yordam berdi.[3]

Qadimgi davrda PR[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qadimgi dunyoda PR qoʻllanilganiga koʻplab misollar mavjud (garchi u paytda PR deb nomlanmagan boʻlsada). Masalan: miloddan avvalgi V—IV asrlarda yunon faylasuflari Sokrat, Platon va Aristotel kabilar jamoatchilik fikrining ahamiyatini anglab yetib, zodagonlarga ritorika orqali aholini ishontirish sanʼatini oʻrgatishgan (yaʼni, notiqlik sanʼati yordamida). Eramizdan 2200 yil oldin yashagan misrlik adabiyotshunos Ptah-Xotep odamlar bilan muloqot qilishning ahamiyatiga eʼtibor qaratib, „Ptah-Xotepning Maksimlari“ kitobini yozgan.[4]

Miloddan avvalgi 50-yilda Yuliy Sezar oʻzining harbiy gʻalabalarini birinchi boʻlib siyosiy kampaniya biografiyasida eʼlon qilib, rimliklarning jamoatchilik fikrini u eng yaxshi davlat boshligʻi boʻlishi mumkinligiga ishontirdi — bu amaliyot bugungi kunda ham siyosiy nomzodlar tomonidan ommaviy axborot vositalarida qoʻllaniladi.. Ushbu hujjat birinchi ommaviy axborot byulleteni sifatida qabul qilinadi.[4]

Miloddan avvalgi 390-yillarda Avliyo Avgustinning imperator saroyida qilgan vazifasini biz bugungi kunda jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha direktor qiladigan vazifalarga taqqoslashimiz mumkin. U cherkovga foyda keltirishi uchun imperatorga va jamoatga muntazam ravishda murojaatlar yoʻllagan. Avliyo Avgustinning bu faoliyati hozirgi matbuot anjumanini eslatadi.[3]

PR dastlab sotsiologiya va ommaviy psixologiya orqali jamoatchilik fikrini boshqarish va manipulyatsiya qilish usuli boʻlib xizmat qilgan. Dastlab, PR baʼzan propagandaning asosiy shakli boʻlgani uchun tanqid qilingan.

Bosma matbuot davrida PR[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bosmaxona ixtiro qilingandan keyin tashviqotlar juda keng tarqala boshladi. Bu taniqli shaxslarga axborotni ommaga tarqatish va ularga maʼlum bir nuqtai nazardan taʼsir oʻtkazish imkonini berdi. Bu koʻplab mamlakatlar demokratiyaga aylanganda va fuqarolar hukumat saylovlarida ovoz berish huquqiga ega boʻlganida ajoyib vositaga aylandi.

Bu davrda koʻplab odamlar turli gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash uchun PRdan foydalanganlar. Masalan, Benjamin Franklin bosmaxonadan qullikka qarshi kurash, milliy xavfsizlikni oshirish va taʼlimni yaxshilash gʻoyalarini aholi orasida targʻib qilish uchun foydalangan.

Amerika inqilobi davomida Tomas Peyn „Inqiroz“ risolasini chop qildirdi. Bu risola general J. Vashington armiyasini chekinish haqida oʻylagandan koʻra qolish va jang qilishga koʻndirish uchun moʻljallangan edi.

Garchi bu nisbatan yangi boʻlib tuyulsa-da, zamonaviy PRdan birinchi marta XVIII asrda foydalanila boshlangan, ammo bu iboraning bugungi maʼnosi XX asrda paydo boʻlgan.

PR XX asrda[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ayvi Li[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ayvi Li — zamonaviy PR asoschisi deb hisoblangan ikki kishidan biri. Koʻpgina zamonaviy PR mutaxassislari singari, Li ham oʻz karyerasini jurnalist sifatida boshlagan va Nyu-Yorkdagi bir nechta gazetalar, jumladan New York Times, New York American va New York World uchun maqolalar yozgan. Aynan 1903-yilda Li amerikalik sanoatchi kichik Jon D. Rokfeller va uning Standard Oil kompaniyasiga maslahat berganida, koʻpchilik PRni professional amaliyot sifatida shakillandi deb hisobladi.

Rokfellerlar oilasi va Standard Oil oʻzlarining koʻmir konlarida bir qator ish tashlashlarga munosabat bildirganlaridan soʻng, jamoatchilik orasidagi obroʻsiga katta putur yeta boshladi. Li Rokfellerni ushbu konlarga tashrif buyurishga va konchilar bilan muloqot qilishga undadi. Bu harakat uning kon ishchilari orasida obroʻsini oshirdi va Standard Oil haqida jamoatchilik fikrini yaxshiladi. Li, shuningdek, 1906-yilda Atlantik-Siti shahrida sodir boʻlgan yirik temir yoʻl halokatidan soʻng eʼlon qilingan birinchi press-relizning ortida turgan edi. Lini halokat sodir boʻlgan temir yoʻl liniyasiga egalik qiluvchi Pensilvaniya temir yoʻli kompaniyasi qidirib topdi. Faqat Li ularga oʻz obroʻsini saqlab qolishga yordam berishi mumkinligini bilishardi.[5] Shuning uchun ham, kompaniya Ayvi Lini dahshatli halokat oqibatlarini boshqarish uchun ishlatishdi. Lining press-relizi The New York Times tomonidan matnni umuman oʻzgartirmasdan chop etildi. Lining pozitsiyasi matbuotni halokat joyiga maʼlumot va tafsilotlarni toʻplash uchun oʻzlarini taklif qilish edi. Inqirozni boshqarishning bunday turi Pensilvaniya temir yoʻli kompaniyasining ijobiy yoritilishiga olib keldi.

Edvard Berneys[tahrir | manbasini tahrirlash]

PR asoschisilaridan biri sifatida koʻriladigan yana bir olim Edvard Berneysdir. U Avstriyada tugʻilgan, lekin bolaligida oilasi bilan AQShga koʻchib kelgan. Bernays psixoanaliz nazariyasi asoschilaridan boʻlgan Zigmund Freydning jiyani edi. Bernaysning koʻplab PR strategiyalariga amakisining xulq-atvor psixologiyasiga oid nazariyalari taʼsir qildi. Berneys Ikkinchi Jahon urushi davrida hukumatlar tomonidan jamoatchilik fikriga taʼsir qilish uchun qoʻllaniladigan siyosiy tashviqotlar korporatsiyalar tomonidan jamoat xatti-harakatlariga yanada nozik shaklda taʼsir qilish uchun ishlatilishi mumkinligiga ishongan[5]. Berneys PR mavzusiga fan sifatida yondashishi va Freydning psixoanaliz nazariyalarini boshqa sotsiologik nazariyalar bilan birlashtirib, oʻzining PR usullarini ishlab chiqishi bilan ajralib turadi. Berneys press-reliz sanʼatini takomillashtirish va PR boʻyicha ilk nazariyaning koʻp qismini ishlab chiqgan va ularni oʻzining 1923-yilda nashr etilgan „Jamoatchilik fikrini kristallashtirish“ kitobida bayon qilgan.

XXI asr — raqamli axborot asrida PR[tahrir | manbasini tahrirlash]

2000-yillarning boshlarida PR nihoyatda ommalashdi, chunki Internet axborotlarni ommaga osonlikcha taqdim etadigan platformani yaratgan edi.

Oʻz dolzarbligini saqlab qolish uchun PR oʻzgaruvchan media landshaftiga mos kelishi va muloqotning yangi usullariga moslashishi kerak edi. 2008-yilda AQShda boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovlarida siyosatchilarni oʻz saylovchilari bilan bogʻlash uchun ijtimoiy tarmoqlar samarali foydalanilganini koʻrish mumkin.

Sobiq prezident Barak Obama Facebook, Myspace, Twitter, LinkedIn va YouTube kabi ijtimoiy media platformalaridan Amerika yoshlari orasida oʻz imijini mustahkamlash uchun foydalandi. Saylovda qatnashib chiqayotgan fuqorolardan olingan soʻrovnomalar (exit poll) shuni koʻrsatdiki, bu taktika muvaffaqiyatli boʻldi, chunki Obama 25 yoshgacha boʻlganlarning deyarli 70 foizi ovozini qoʻlga kiritgan edi. Bu 1976-yilda AQShda exit-polling tashkil etilganidan beri kuzatilgan eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Obamaning PR strategiyasi ijtimoiy media taʼsir doirasi kengayib borayotganini isbotlagan edi[3].

Soʻnggi bir necha yil ichida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar kommunikatsiya olamida hukmronlik qilib, mutaxassislar tomonidan PR uchun ishlatiladigan ommabop va samarali vositaga aylandi.

Doimiy ravishda yangi va innovatsion texnologiyalar yaratilishi bilan PR ham oʻsib boradi va doimiy oʻzgarishda davom etadi.

PR faoliyatining tamoyillari va funksiyalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jamoatchilik fikrini oʻrganish va undan kompaniya ishida foydalanish, jamoatchilikka korxona siyosati va faoliyatining mohiyatini tushunishga yordam beradigan maʼlumotlarni tarqatishdir PR faoliyatining asosini tashkil etadi..

Bu jarayonda PRning asosiy tamoyillariga amal qilish kerak boʻladi. Bular:

  • kompaniya faoliyatining jamiyatga nisbatan halolligi va haqqoniyligi;
  • Tashkilot va jamoatchilik uchun oʻzaro manfaatdorlikni taʼminlash;
  • Kompaniyaning ishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ochiqligi;
  • Ommaviy axborot vositalarini monitoring qilish, kompaniya haqida materiallarni topshirish jarayonini kuzatish;
  • Jamoatchilik bilan muomala qilishda axloqiy meʼyorlarga rioya qilish.

PR faoliyatining uchta asosiy funksiyasi mavjud:

  1. Jamiyatning fikri va xulq-atvorini nazorat qilish funksiyasi nafaqat kompaniya, balki auditoriya manfaatlariga erishish uchun zarurdir. Jamoatchilikning tashkilotga boʻlgan munosabatini kuzatish unga oʻz ishiga tuzatishlar kiritish imkonini beradi va shu orqali uning obroʻsini oshiradi.
  2. Navbatdagi funksiya esa kompaniya faoliyatidagi tushunmovchilik va ishonchsizlikni aniqlash va nizolarni hal qilish choralarini ishlab chiqish uchun amalga oshiriladi.
  3. Uchinchi funksiya PR faoliyatining asosiy maqsadi bilan rezonanslashadi. Kompaniyaning harakatlari jamoatchilik bilan oʻzaro manfaatli munosabatlarni taʼminlashi yoki bunga hissa qoʻshishi taminlanadi

Bundan tashqari, ichki va tashqi PR mos ravishda ajralib turadi.

PR faoliyatining tashqi funksiyasi kompaniyaning jamoatchilik oldida qulay obroʻsini shakllantirish va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boʻladi. Bu ommaviy axborot vositalaridagi salbiy xabarlarni zararsizlantirish va kompaniya faoliyati haqida ijobiy maʼlumotlarni taqdim etishdan iborat boʻladi.[6]

PR ning ichki funksiyasi korxonada korporativ madaniyatni shakllantirishga yordam beradi. Xodimlar oʻz tashkilotining obroʻsini oshirishdan manfaatdor boʻlishi kerak, buning uchun xodimlarning qulay ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratish kerak. Ichki atmosfera odamlarning ishlashiga va shunga mos ravishda kompaniyaning samaradorligiga bevosita taʼsir qiladi.[6]

PR turlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

PR koʻp qirrali faoliyat boʻlib, oʻzining maqsadlari, vazifalari va amalga oshirilishida qilinadigan ishlariga koʻra bir necha turlarga boʻlinadi. Koʻpchilik tadqiqotchilar tomonidan PR turlari ranglarda ifodalanadi.

PR ning rangli turlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oq PR[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oq PR buyurtmachilar va maqsadli auditoriya oʻrtasidagi aloqa uchun qulay imkoniyat sifatida foydalaniladi. Bunday holda, maʼlumot nihoyatda ijobiy boʻlib, faqat ishonchli axborotlar ommaga eʼlon qilinadi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, oq PRning asosiy vazifasi kimgadir yoki biror narsaga nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirishdir. Ijobiy imidj tashkilotning bozordagi raqobatbardoshligini oshiradi. Agar ijobiy munosabat shakllansa, unda ishonch va oʻz navbatida yuqori baholar va ishonchli tanlov boʻlishi aniq. Bundan tashqari, ijobiy imidj, qoida tariqasida, obroʻ-eʼtiborning oshishiga va natijada hokimiyat va taʼsir doirasining kengayishiga yordam beradi.[7] Oq PRning klassik namunasi 1964—1965-yillarda Ford Mustangning ommaviy ishlab chiqarilishidir. Keyin korporatsiya egasi D. Ford PR-aksiya sifatida potentsial xaridorlar uchun bir qator ziyofatlar uyushtirdi, u yerda DJ-lar va boshqa mashhur shaxslar yangi Mustanglarga kelishdi, bu esa yangi avtomobilga qiziqishni kuchaytirdi.[8]

Qora PR[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qora PR mahsulot, kompaniya yoki shaxs haqida yolgʻon maʼlumot tarqatish bilan shugʻullanadi. Uning texnologiyalari — bu raqobatchining obroʻsini toʻkish uchun eʼlon qilingan salbiy sharhlar, bayonotlar, xabarlar va maqolalar boʻlishi mumkin. Qora PR amaliyoti koʻproq siyosatchilar, yulduzlar, jamoat arboblariga nisbatan qoʻllaniladi. Masalan, saylov yoki reklama kampaniyasi paytida raqibning obroʻsiga putur yetkazadigan materiallar paydo boʻladi. Qora PR asosan raqobat yuqori boʻlgan sohalarda koʻp kuzatiladi.[9]

Qora PR mutaxassislari nafaqat kompaniyaning yaxshi nomiga putur yetkazishi, balki butunlay yoʻq qilishga olib kelishi mumkin. Bunday amaliyot biznes sohasida shu qadar keng tarqaldiki, nafaqat alohida qora PR xodimlari, balki shartnoma asosda qora PR xizmatlarini koʻrsatadigan butun boshli kompaniyalar paydo boʻla boshladi. Bu kompaniyalar raqibga boʻlgan ishonchni pasaytirishi va unga putur yetkazishi mumkin boʻlgan barcha faktlar jamoatchilikka eʼlon qiladi. Bular, shaxsiy hayot tafsilotlari; yoshlikdagi xatolar; martaba zinapoyasini koʻtarish bilan bogʻliq nozik tafsilotlar boʻlishi mumkin.[8]

Kulrang PR[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oq va Qora ranglarning qoʻshilishidan kulrang hosil boʻlganidek, kulrang PR ham oq va qora PRni kesishmasida yotadi.[9] Kulrang PR — bu jamiyat, tashkilot, mahsulot yoki shaxs toʻgʻrisida faqat haqiqat maʼlumotlarni tarqatishni oʻz ichiga olgan piar faoliyati hisoblanadi.[10] Uning vazifasi tomoshabinning ongiga va imidjga bilvosita taʼsir qilishdir. „Qora PR“ dan farqli oʻlaroq, kulrang PRda toʻgʻridan-toʻgʻri yolgʻon axborotlar tarqatilmaydi. Lekin axborot istemolchisida shubhalanish uygʻotadigan maʼlumotlar tarqatilishi mumkin. Misol uchun, qotillik haqidagi materialda voqea maʼlum bir tashkilot idorasi yaqinida yoki maʼlum bir taniqli shaxsning tugʻilgan shahrida sodir boʻlganligi alohida qayd etilgan boʻlishi mumkin.[7]

Kulrang PRga yana bir misol sifatida xaridorning mashhur chakana savdo tarmoqlaridan biriga kiritilgan doʻkon xodimlari bilan ziddiyatini koʻrib chiqishimiz mumkin. Xafa boʻlgan xaridor ommaviy axborot vositalari vakillariga muammoning mohiyatini ochib beradi. Ommaviy muhokama jarayonlari yangi axborot oqimini keltirib chiqaradi, bu esa mijozlarning huquqlarini tiklash maqsadini belgilash bilan birga, savdo tarmogʻining obroʻsiga putur yetkazadi.

Sariq PR[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sariq PR— skandallardan foydalanish, sensatsiyalarni ochish, paparatsiyaning ishi bilan bogʻliq qisqa qilib aytganda maqsadga erishish uchun  „iflos“ usullar va vositalardan foydalanish.[10]

Pushti PR[tahrir | manbasini tahrirlash]

PRning bu turi afsona va afsonalar texnologiyasiga asoslangan boʻlib, odamlarning „illyuziyalar pardasi“ ostida yashirinishga boʻlgan ehtiyojini qondirishga moʻljallangan boʻladi. Nitsshe taʼbiri bilan aytganda, odamlar buni deyarli doimo his qilishadi. Baʼzilar uchun bu ehtiyoj xayolparastlik va amalga oshmaslik tufayli rivojlangan boʻlsa, boshqalar uchun siyosatchilar targʻiboti va reklama taʼsiri ostida rivojlangan boʻladi. Koʻpincha bu ijtimoiy optimizmni ragʻbatlantiradi, odamlarni kelajakdagi farovonlik istiqboliga choʻmdiradi. Afsonalar boshqalari bilan almashtirilishi mumkin, ammo afsonalarga boʻlgan ehtiyoj saqlanib qolada.[7]

Oltin PR[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oltin PRning maqsadi narx siyosati asosida brend imidjini yaratishdir. Shu bilan birga, brendning oʻzi har qanday PR ranglariga boʻyalgan boʻlishi mumkin. Lekin asosiy eʼtibor narx va isteʼmolchi uchun foyda qila olish imkoniyatiga qaratiladi. „Agar siz bizning mahsulotimizni sotib olsangiz (kompaniyamiz bilan hamkorlik qilsangiz), siz pul jihatidan katta baxtga ega boʻlasiz“ qabilidagi chaqiriqlar oltin PRning eng ommalashgan shaklidir. Eʼtibor berib kuzatilsa, moliyaviy sektordagi barcha reklama maʼlum darajada oltin PR bilan qoplanganiga guvoh boʻlish mumkin.[7]

PR ning sohalar boʻyicha turlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

PRni 3 ta katta guruhga boʻlish mumkin: siyosiy, savdo (marketing reklama) va media PR.

Siyosiy PR[tahrir | manbasini tahrirlash]

Siyosiy PR birinchi navbatda maʼlum maqsadga erishishga qaratilgan axborotni boshqarish jarayonidir. Oʻzini eng yaxshi tomondan koʻrsatish nafaqat siyosatchilar, balki ishbilarmonlar uchun ham muhimdir. Siyosiy PRda asosiy vazifa saylovda maʼlum miqdordagi ovozlarni toʻplash va PR kampaniyasi imkon qadar tezroq amalga oshirish boʻladi.

Siyosiy PR quyidagi tadbirlarni oʻz ichiga oladi:

— saylovoldi tashviqotini tashkil etish va oʻtkazish.

— ijtimoiy tadqiqotlar.

— kompaniya strategiyasini ishlab chiqish.

— Nomzodning imidjini qoʻllab-quvvatlash.

— Aksiyani ijodiy qoʻllab-quvvatlashni rivojlantirish.

— saylov kampaniyasini huquqiy taʼminlash.

— tashqi monitoring.

— mahalliy va mintaqaviy ommaviy axborot vositalarini jalb qilish.

— Ommaviy axborot vositalarida maxsus sonlar va qoʻshimchalar, shu jumladan tele va radio dasturlarda chiqishlar qilish.

— raqobatdosh partiyalar va nomzodlarning PR-xizmatlariga qarshi axborot kurashini olib borish.

— vizual tashviqotni tayyorlash va ishlab chiqarish: tashqi reklama vositalaridan foydalaniladi — bilbord reklama, varaqalar, plakatlar, bannerlar, flayerlar va boshqalar.

— Siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan ishlash.

— Maxsus tadbirlarni oʻtkazish.

Savdo sohasidagi PR[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ikkinchi guruh — bu savdo sohasidagi PR boʻlib, u quyidagi faoliyatlarni oʻz ichiga oladi:

— korxona tomonidan ishlab chiqilgan har qanday mahsulotini, savdo tashkilotini yoki xizmat turini ijobiy imidjini yaratish va saqlash;

— savdo kompaniyalari va maxsulotlarning brendlari va logotiplarini shakillantirish;

— reklama kampaniyalarini tashkil etish, tovar va xizmatlarni ilgari surish.

Media sohasidagi PR[tahrir | manbasini tahrirlash]

Uchinchi guruh — ommaviy axborot vositalarida PR boʻlib, u quyidagi vazifalarni bajaradi:

-matbuotda materiallar yozish va chop etish;

— televideniyeda axborot tayyorlash;

— ommaviy axborot vositalarida jamoatchilik eʼtiborini jalb qilish uchun tadbirlar tashkil etish;

— reklama;

— yangiliklarni „yaratish“;

— kompaniya yoki alohida shaxslarning ijobiy imidjini yaratish;

— ommaviy axborot vositalari yordamida jamiyatni ishontirish.[11]

Amaliy usullarga koʻra PR turlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amaldagi usullarga koʻra PR turlarini 3 ta katta guruhga boʻlish mumkin:

Konfliktli. Uning zamirida qarshilik va kurash yotadi.

Ijtimoiy. Xayriya va aholining ayrim qatlamlarining hayot sifatini yaxshilash bilan bogʻliq.

Virusli. Unda foydalanuvchilar oʻzaro baham koʻradigan aksiyalar va flesh-moblardan foydalaniladi.[12]

Manbalar:[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „INTRODUCTION TO PUBLIC RELATIONS. Axam Anx. Academia.edu“.
  2. 2,0 2,1 [https://www.feedough.com/what-is-public-relations-pr-functions-types-examples/ „Aashish Pahwa. What Is Public Relations? PR Functions, Types, & Examples 2022-yil 28-fevral.“].
  3. 3,0 3,1 3,2 „ADONI MEDIA. THE HISTORY OF PUBLIC RELATIONS“.
  4. 4,0 4,1 „The History of Public Relations. Meltwater. 2020-yil 4-mart“.
  5. 5,0 5,1 „Zoya Siddiqui. The History Of PR, 2014-yil 13-yanvar“.
  6. 6,0 6,1 „Функции PR деятельности. Дарья Константиновна Сергеева Эксперт по предмету «Реклама и PR». 23.11.2017“.
  7. 7,0 7,1 7,2 7,3 „Юлия Ивакина. Что такое:: черный, белый, розовый… пиар. 2012-yil 23-yanvar.“.
  8. 8,0 8,1 „What is PR and what types of PR exist? EVERAOH“.
  9. 9,0 9,1 „Все цвета пиара: от белого до черного. Анна Филатовская, Директор по PR, Русский Экспресс, Москва. 2019-yil 19-fevral.“.
  10. 10,0 10,1 „Нигора РАҲМОНОВА. ПИАР АСЛИДА НИМА? 06.08.2021“.
  11. „ВИДЫ И КЛАССИФИКАЦИИ PR-ДЕЯТЕЛЬНОСТИ“.
  12. „Виды PR. РА «Медиа-Новатор»“.