Onomastika
Onomastika (qadimgi yunoncha: ὀνομαστική – nomlash, nom qoʻyish sanʼati) – tilshunoslikning har qanday atoqli nomlarni, ularning paydo boʻlish va oʻzgarish tarixini oʻrganuvchi boʻlimi, shuningdek, barcha atoqli nomlar yigʻindisi. Ayrim tadqiqotlarda „Onomastika“ termini antroponimika maʼnosida ham qoʻllangan. Onomastika mavjud onomastik tizimlarni aniqlash va oʻrganishni maqsad qilib qoʻyadi.
Onomastika atoqli nomlarni olgan obʼyektlarning toifalariga muvofiq quyidagi boʻlimlardan iborat:
- Antroponimika – kishilarning atoqli nomlarini;
- Toponimika – geografik obʼyektlarning atokli nomlarini;
- Teonimika – turli diniy tasavvurlar boʻyicha xudolar, maʼbudlar, diniy-afsonaviy shaxs va mavjudotlarning nomlarini;
- Zoonimika – hayvonlarga qoʻyilgan (shartli) atoqli nomlarni;
- Kosmonimika – fazoviy boʻshliq hududlari, galaktikalar, burjlar va boshqalarlarning ilmiy muomalada va xalq orasida tarqalgan nomlarini;
- Astronimika – ayrim osmon jismlari (planeta va yulduzlar)ning nomlarini oʻrganadi
Onomastikaning yuqoridagilardan tashqari yana bir qancha boʻlimlari bor. Onomastika atoqli nomlarni realionimlar (avval yoki hozir mavjud boʻlgan obʼyektlarning nomlari) va mifonimlar (xayoliy-toʻqima obʼyektlarning nomlari)ga boʻladi.
Atoqli nomlarning lisoniy xususiyatlariga qarab onomastika adabiy va dialektal, odatdagi (amaliy) va poetik, zamonaviy va tarixiy, nazariy va amaliy turlarga boʻlinadi.
Nazariy onomastika til va nutqdagi, adabiy va dialektal sohalardagi atoqli nomlarning paydo boʻlishi, nominatsiya (nomlash) asoslari, rivojlanishi, shu jarayondagi turli xil oʻzgarishlari, nutqda qoʻllanishi, muayyan hudud va tillarda tarqalishi hamda tarkibiy tuzilishini oʻrganadi. Badiiy matnlardagi atoqli nomlarni (poetik onomastika) tadqiq etish alohida muammo hisoblanadi. Onomastika, shuningdek, tilshunoslikning qiyosiy-tarixiy, struktur, genetik, areal, onomastik xaritalashtirish va boshqa usullarini qoʻllagan holda, atoqli nomlarning fonetik, morfologik, soʻz yasalishi, semantik, etimologik va boshqa jihatlarini oʻrganadi.
Amaliy onomastika xorijiy tillarga mansub nomlarning transkripsiyasi va transliteratsiyasi, anʼanaviy (talaffuz va yozilishiga koʻra), tarjima qilinadigan va qilinmaydigan nomlarni aniqlash, „begona“ nomlarni oʻz tilda qanday yozish boʻyicha yoʻriqnomalar tayyorlash, xorijiy tillardan oʻzlashgan nomlardan yangi soʻzlar hosil qilish bilan, nom berish va nomlarni oʻzgartirish masalalari bilan shugʻullanadi.
Onomastika tarix, etnografiya, arxeologiya, genealogiya, geraldika, matnshunoslik, adabiyotshunoslik, geografiya, astronomiya, geologiya, demografiya kabi fanlar bilan oʻzaro aloqadordir[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑
„Onomastika“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (O-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() | Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |