Kontent qismiga oʻtish

Onkologiya markazi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Onkologiya markazi, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi onkologiya markazi — ilmiy tadqiqot muassasasi. 1958-yil Toshkent shahrida Rentgenologiya, radiologiya va onkologiya ilmiy tadqiqot instituti nomi bilan tashkil etilgan. 1966-yildan Onkologiya ilmiy tadqiqot instituti deb atalgan. 2001-yildan hozirgi nomda. Zamonaviy tipda qurilgan va 9 ta ixtisoslashgan boʻlimi, oʻsmalarni aniqlash va davolash apparatlari bilan jihozlangan xonalari, tajribalar oʻtkazish uchun maxsus vivariysi boʻlgan markazda onkologiya sohasida keng qamrovli fundamental va amaliy ilmiy izlanishlar olib boriladi va mazkur soha mutaxassisligi boʻyicha ilmiy kadrlar tayyorlanadi. Onkologiya markazida meʼda-ichak va suyak oʻsmalarini aniqlashda rentgenotomogrammani qoʻllash, oʻpka, oʻt pufagi va taloqni skanerlash usuli bilan tekshirish, ultratovushda deyarli barcha aʼzolardagi oʻsmalarni aniqlash; eksperimental hayvonlar bosh miyasida sunʼiy oʻsmalar hosil qilish, xavfli oʻsmalar paydo boʻlishi, rivojlanishi va tarqalishida genlar rolini aniqlash, onkologik bemorlarni fizik omillar: yuqori harorat, oʻta sovuq va lazer bilan davolash usullari ishlab chiqildi. Shuningdek, oʻlkaga xos xavfli oʻsmalar, ularning dastlabki diagnostikasi, oldini olish, kompleks davolash va boshqa masalalar yuzasidan ilmiy tadqiqotlar oʻtkaziladi. Dispanser ishlarini yaxshilash, fan yutuqlarini tibbiyot amaliyotiga joriy etish bilan shugʻullaniladi. Joylarda sogʻliqni saqlash organlariga onkologiya boʻyicha ilmiy-amaliy, tashkiliy, konsultativ yordam koʻrsatiladi. Markazda 14 laboratoriya, 7 ilmiy guruh, ilmiy tibbiyot axboroti, patent guruhlari, 315 oʻrinli klinik kasalxona, aspirantura, klinik ordinatura, konsultativ poliklinika, dorixona, vivariy, kutubxona, shuningdek, maxsus preparatlar ishlab chiqaradigan "Nihol" zavodi va boshqa bor (2003). 1972-yil Onkologiya markazining Qoraqalpogʻiston filiali (Nukus shahrida) ochilgan.

Markazda 180 dan ortiq ilmiy xodim, jumladan, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi 1 akad, 4 ta professor, 9 ta fan doktori, 98 dan ziyod fan nomzodi va koʻpgina malakali onkolog shifokorlar xizmat qiladi (2003). Markazda onkologiya sohasida olib borilgan tadqiqotlar va erishilgan yutuqlar J. M. Abdurasulov, A. I. Nikolayev, N. Q. Murodxujayev, A. A. Fozilov, S. N. Navruzov, B. A. Shek, S. B. Karimova, R. R. Romanova, V. A. Alijonova, M. A. GʻofurOxunov, M. D. Joʻrayev, A. V. Xoʻjayev va boshqa faoliyati bilan bevosita bogʻliq. Markaz Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya muammolari boʻyicha ilmiy va metodik muassasa hisoblanadi. Ilmiy ishlar nashr etadi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil