Kontent qismiga oʻtish

Obliteratsiyalovchi endarteriit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Obliteratsiyalovchi endarteriit (yun. endon – ichidagi va arteriyalar), vinivarter kasalligi – oyoq arteriyalarining yalligʻlanishi bilan kechadigan surunkali kasallik. Bunda tomirlar asta-sekin torayib, bora-bora butunlay bekilib qoladi, uning qon bilan taʼminlanishi izdan chiqadi. Oyoqni sovuq oldirish, lat yeyish, miya shikastlanishi, chekish, intoksikatsiya, hayajonlanish, toliqish, periferik nervlar kasalligi, turli infeksiyalar va boshqa sabab boʻladi. 20—40 yoshdagi erkaklarda koʻproq uchraydi. Obliteratsiyalovchi endarteriitda oyoq tez toliqadi, tomir tortishadi, keyinchalik oqsaydigan boʻlib qoladi, et uvishishi, paresteziyalar, qattiq ogʻriq kuzatiladi. Toʻqimalar qon bilan taʼminlanishining buzilishiga qarab kasallikning 4 darajasi farqlanadi. 1darajada oyoq barmoklari sovuq qotadi, uvishadi, tez toliqadi, oyoq terisi oqaradi, sal uzoqroq yurganda ogʻriq paydo boʻladi. 2-darajada yurganda oyoq ogʻriydi, oyoq tirnoklari moʻrt boʻlib, tez sinadi. Oyoq arteriyalarida puls sustlashadi. 3darajada bemor 20—30 qadam yurganda oyokda ogʻriq zoʻrayadi, oyoq terisi oqaradi, sovuq boʻladi. Oyoq muskullari atrofiyasi, koʻpincha trofik yaralar kuzatiladi. 4 darajada oyoklarda doimiy ogʻriq, shish paydo boʻladi, trofik yaralar, barmoklar gangrenasi tez rivojlanadi, kasallik zoʻrayganda butun oyoq panjasi gangrenaga uchraydi. Kasallikning kechishiga qarab chegaralangan vatarqalgan shakllari tafovut qilinadi. Chekish, ichish endarteriit kechishini ogʻirlashtiradi, shuning uchun kasallikni davolashda zararli odatlardan voz kechish, fizioterapiya va konservativ davo buyuriladi. Bular naf bermasa, operatsiya qilinadi (tomirlar tiklanadi yoki oyoq kesib tashlanadi).[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil