Oʻzbekistonning voha hayvonlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Voha hayvonlari. Vohalarda qushlardan qishloq qaldirgʻochi, qora jarqaldirgʻoch, musucha, dala chumchugʻi kabilar, sut emizuvchilardan — mitti koʻrshapalak, uy sichqoni, kulrang kalamush koʻp. Uy-joylarda va zarobalarda koʻpincha kulrang gekkon, turkiston gekkoni, koʻk kaptar, oq laylak, boyoʻgʻli, ukki, koʻk qargʻa, zagʻcha, katta taqaburun koʻrshapalak, moʻylovdor uch rangli tungi koʻrshapalak, kechki koʻrshapalak hayot kechiradi. Daraxtzorlarda qora kalxat, tyuvik, jigʻaltoy, qora kaptar, zagʻizgʻon, goʻngqargʻa, zargʻaldoq, vahimaqush, uzun dumli dumparast; uy chumchugʻi, qoratoʻsh chumchuq, malla vyurok, gʻarb bulbuli, qorayaloq va boshqa qushlar in qoʻyishadi. Bedapoyalarda qirgʻovul va bedana uchrab turadi. Chiyaboʻri va uzun quloq tipratikan, choʻl kaltakesagi, tez kaltakesak, rang-barang chipor ilonlar koʻp. Janubiy vohalarda koʻzoynakli ilon uchrab qoladi. Dala, bogʻ va polizlarda yashil qurbaqalar yashaydi.

Tuproq biotasi tarkibiga kiruvchi hayvonlar juda xilma-xil boʻlib, katta-kichikligi, tuproq bilan bogʻlanish darajasi, oziqlanish usullari va boshqa xususiyatlari bilan bir-biridan farq qiladi. Tuproqda yashaydigan barcha jonvorlar tuproq faunasini tashkil etadi. Ularni katta-kichikligi boʻyicha 5 guruhga ajratish mumkin: 1) nanofaunaga (uzunligi 150 mikrongacha boʻlgan mikroskopik hayvonlar) bir hujayrali hayvonlar (soxtaoyoqlilar, xivchinlilar, infuzoriyalar)ning hamma turlari hamda kanalar, imillab yuruvchilar nematodalar, bosh aylangichlilar va oyoqdumlilarning bir qancha vakillari kiradi. 1 m2 tuproqda bir necha 10 mingdan bir necha milliardgacha nanofauna boʻlishi mumkin; 2) mikrofaunaga (uzunligi 150 mikrondan 1,3 mm gacha) nematodalar ogʻiz aylangichlar, kanalar, imillab yuruvchilar, oyoq dumlilar, simfillar kiradi. Ularning 1 m2 dagi miqdori bir necha mingdan bir necha yuz minggacha boʻladi; 3) mezofauna (uzunligi 1,3 mm dan 10 mm gacha) oʻrgimchaklar, koʻpoyoqlilar, hashorotlar, zahkashlar, mollyuzkalar, kanalar, oyoqdumlilarning bir qancha turlaridan tarkib topgan. Ular 1 m2 tuproqda oʻnlab, hatto yuzlab uchrashi mumkin; 4) makrofauna (uzunligi 1 sm dan 8 sm gacha) koʻpchilik mollyuskalar hamda koʻp oyoqlilar, hashoratlar zahkashlar va yomgʻir chuvalchanglarining bir qancha turlaridan tashkil topgan; 5) megofauna (uzunligi 8 sm dan katta), asosan, kemiruvchilar, yer qazarlar, hashoratxoʻrlar va yomgʻir chuvalchanglarining bir qancha turlaridan iborat.

Tuproq hayvonlari oziqlanish usuliga binoan ham guruhlarga ajratiladi. Ular orasida yashil oʻsimliklar bilan oziqlanadigan hayvonlar — fitofaglar koʻpchilikni tashkil etadi; yana yirtqichlar — tirik hayvonlar, mikrofaglar — hayvon murdalari, saprofaglar — chiriyotgan moddalar, detritofaglar, boshqa organik qoldiqlar bilan oziqlanuvchi xillar, shuningdek, parazit — boshqa hayvonlar tanasida yashovchilar mavjud.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Oʻn ikkinchi jild. Toshkent, 2000-yil