Oʻzbekistonda tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻzbekistonda tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil
Biznes Ombudsman
Mamlakat: Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Avvalgi nomi: 2017-yil 28-iyul
Amaldagi shaxs: Dilmurod Kasimov
Tayinlanadi: Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Qarorgohi: Toshkent shahri, Nukus koʻchasi 73a-uy. Indeks: 100015
Vakolat muddati: belgilanmagan.
Sayt: biznesombudsman.u

Oʻzbekistonda tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil (yoki Biznes Ombudsman)[1][2] – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan mansabdor shaxs boʻlib, u tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini, mazkur huquqlar va qonuniy manfaatlarga davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishini taʼminlaydi.

Taʼsis etilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rasmiy nomi – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil. Keng jamoatchilik orasida Biznes-ombudsman sifatida ham qoʻllaniladi.

Tayinlanish kuni oʻttiz yoshga toʻlgan, oliy maʼlumotli, davlat tilini biladigan, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatda yoxud tadbirkorlik faoliyatida tajribaga ega boʻlgan, bevosita tayinlanishidan oldin kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil etib tayinlanishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-iyuldagi PF–5125-sonli Farmoniga muvofiq Dilmurod Kasimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil lavozimiga tayinlangan.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻz vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlariga, ularning mansabdor shaxslariga tobe boʻlmagan tarzda amalga oshiradi va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobot beradi[3].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil institutini tashkil etish gʻoyasi ilk bor Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktyabridagi PF-4848-sonli Farmonida qayd etildi[4].

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 07.02.2017-yildagi „Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida“gi PF-4947-sonli Farmoniga asosan, 20172021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili (Biznes-ombudsman)ni tashkil etish koʻzda tutilgan[5].

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-may kuni PF-5037-sonli Farmoniga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili instituti taʼsis etildi[6].

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-iyuldagi PF–5125-sonli Farmoniga muvofiq D. Kasimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil lavozimiga tayinlangan.

2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-440-sonli Oʻzbekiston Respublikasining „Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisida“gi Qonuni qabul qilindi. Bu orqali uning faoliyati Parij prinsiplarida mustahkamlangan huquqni himoya qiluvchi institutlar statusiga toʻla mos kelishini taʼminlab bergan[7].

Institut tashkil etilayotgan davrda uning tuzilmasi boʻyicha Biznes-ombudsman apparatida 8 kishi ishlagan.

Keyinchalik esa uning Apparati tarkibi ikki marotaba, 2019-yilda hamda 2022-yilda kengaytiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-martdagi PF-5690-sonli Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga oid Farmoni qabul qilinib, unga koʻra Biznes-ombudsman apparati tuzilmasi kengaytirilib, uning xodimlari soni 86 nafarga etdi[8].

Joylarda tadbirkorlik subyektlari bilan yaqindan hamkorlik qilish uchun respublika hududlarida uning apparati xodimlari paydo boʻldi.

2022-yili Oʻzbekiston Respublikasi Biznes-ombudsmani va uning devoni xodimlariga tadbirkorlar huquqlarining oʻz vaqtida himoya qilinishini taʼminlash maqsadida maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 9 ta moddasi boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish va jarima shaklida maʼmuriy jazo qoʻllash vakolati berildi.

Bular:

  • Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish tadbirkorlik subyektlarining huquqlari buzilishi qismida (43-modda);
  • Yer uchastkasini noqonuniy olib qoʻyish – tadbirkorlik subyektlarining huquqlari buzilishi qismida (200²-modda);
  • Xususiy mulk huquqini buzish (241¹-modda);
  • Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish va moliya-xoʻjalik faoliyatini taftish qilish tartibini buzish (241²-modda);
  • Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini va (yoki) ularning banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni qonunga xilof ravishda toʻxtatib turish (241-moddaning 3-bandi);
  • Tadbirkorlik subyektlarini homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish (241-modda);
  • Imtiyozlar va preferensiyalarni qoʻllashni gʻayriqonuniy ravishda rad etish, qoʻllamaslik yoki qoʻllashga toʻsqinlik qilish (241³);
  • Tadbirkorlik subyektlarining hisobvaraqlarida pul mablagʻlari mavjudligi toʻgʻrisidagi axborotni qonunga xilof ravishda talab qilib olish (241-8-modda);
  • Tadbirkorlik subyektlaridan qonunchilikni buzgan holda hujjatlar talab qilib olish (241-10-modda).

„Yagona davlat nazorati“ axborot tizimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Yagona davlat nazorati“ axborot tizimi – tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bogʻliq katta hajmdagi maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subʼektlari faoliyatida tekshiruv oʻtkazish tashabbusini (kelishish yoki xabardor etish orqali), oʻtkaziladigan tekshiruvlarni va ular natijalarini roʻyxatga olishni taʼminlovchi elektron axborot tizimi[9].

2022-yil 1-aprelda tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bogʻliq katta hajmdagi maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi, shuningdek, quyidagi imkoniyatlarga ega „Yagona davlat nazorati“ axborot tizimi ishga tushirildi. 2022-yil 1-noyabrdan tadbirkorlik subʼektlari faoliyatida oʻtkaziladigan barcha tekshiruvlar „Yagona davlat nazorati“ axborot tizimida roʻyxatga olina boshladi. Bunda tadbirkorlik subʼektlari faoliyatida mazkur tizimda roʻyxatga olinmagan tekshiruvlarni oʻtkazish noqonuniy hisoblanadi.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkazilgan tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari toʻgʻrisida maʼlumot tekshiruv yoki profilaktika tadbirlari tugagan kundan boshlab uch kun muddatda „Yagona davlat nazorati“ axborot tizimiga kiritiladi.

2023-yil 1-yanvardan boshlab nazorat qiluvchi organlarga „Yagona davlat nazorati“ axborot tizimidagi davlat nazorati funksiyalari reestriga kiritilmagan funksiyalar boʻyicha tadbirkorlik subʼektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazish taqiqlab qoʻyildi.

Nima uchun tadbirkorlar „Yagona davlat nazorati“ axborot tizimidan foydalanishlari kerak? Axborot tizimi tadbirkorlik subʼekti faoliyatida oʻtkaziladigan tekshirishlar yuzasidan batafsil maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Tekshiruvlar toʻgʻrisida xabardor boʻlish uchun govcontrol.uz havolasi orqali oʻtib, tizimda roʻyxatdan oʻtishi lozim. Roʻyxatdan oʻtgandan soʻng, tadbirkorlik subʼektining shaxsiy kabinetida amalga oshiriladigan davlat nazorati turlari tadbirkorlik subʼektining faoliyati boʻyicha saralangan holda koʻrsatiladi. „Mening maʼlumotlarim“ boʻlimida tadbirkorlik subyekti faoliyatiga oid barcha maʼlumotlar koʻrsatilgan. „Roʻyxatga olingan tekshiruvlar“ boʻlimida nazorat qiluvchi organlar tomonidan tizimda roʻyxatga olingan barcha tekshiruvlar koʻrsatilgan.

Vakilning vazifalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonda tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil quyidagi vazifalarni bajaradi:

  • tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;
  • davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;
  • tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish amalga oshirilayotganda ularni huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash;
  • tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda roʻyobga chiqarilishini oʻrganish;
  • qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga taʼsiri samaradorligini baholash;
  • tadbirkorlik subyektlarining huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga, ularni rivojlantirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash.

Vakil faoliyatidagi asosiy qadriyatlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qonuniylik – tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda qonun hujjatlari talablariga qatʼiy rioya etish;

Odillik – faoliyat davomida yuzaga keladigan har qanday masalaga adolatli yondashish;

Halollik – faoliyatni amalga oshirishda korrupsion holatlarga yoʻl qoʻymaslik, barcha masalalarni hal etishda xolislikni taʼminlash;

Professionallik – murojaatlarni koʻrib chiqish, tahlillarni amalga oshirish, oʻrganish ishlarida kasbiy faoliyatni tizimli, professional va samarali tashkil etish;

Tashabbuskorlik – tadbirkorlar manfaatini koʻzlab, shuningdek, biznes-muhitini yaxshilash maqsadida yangi gʻoyalar, tashabbuslar va ilmiy, innovatsion takliflarni ilgari surish;

Masʼuliyat – har bir qoʻyilgan vazifaga lavozim majburiyatlaridan kelib chiqqan holda jiddiy yondashish, samaradorlikka erishish;

Jamoaviylik – ish faoliyatini tashkil etishda Vakil devoni xodimlari bilan bir maqsad sari harakat qilish, guruhbozlikka yoʻl qoʻymaslik;

Oʻzaro hurmat – faoliyatni tashkil etishda Vakil devoni xodimlari oʻrtasida oʻzaro ahillikni taʼminlash, jamoa obroʻsi va maqsadlari uchun shaxsiy masʼuliyatni his qilish.

Shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tadbirkorlik subyektlarining oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan bergan shikoyatlarini koʻrib chiqadi.
  2. Tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolarni, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan, oilaga, mehnatga doir va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal etishga taalluqli shikoyatlar Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning koʻrib chiqish doirasiga kirmaydi.
  3. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil sudlarning, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning, tergov, surishtiruv va jazoni ijro etish organlarining vakolatiga kiritilgan masalalarni koʻrib chiqmaydi.
  4. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil shikoyatlarni koʻrib chiqayotganda oʻz vakolatlari doirasida: masalani uning mohiyatiga koʻra hal qilishi; arz qiluvchi oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun foydalanishi mumkin boʻlgan vositalar va shakllarni koʻrsatishi; shikoyatni uning mohiyatiga koʻra hal qilishga vakolatli boʻlgan tashkilotga yoki mansabdor shaxsga yuborishi; arz qiluvchini uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishtirishi; sababini albatta koʻrsatgan holda shikoyatni koʻrib chiqishni rad etishi mumkin.
  5. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlarni ham koʻrishi mumkin.
  6. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga shikoyat bergan shaxs, shuningdek Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan oʻziga axborot toʻplash va uni tahlil etish yoki ekspert bahosi berish vazifasi topshirilgan shaxslarning bunday harakatlar uchun taʼqib qilinishi yoki huquqlari boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas.
  7. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil nomiga tadbirkorlik subyektlarining tadbirkorlik faoliyati sohasidagi jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha gumon qilinayotgan, ayblanayotgan yoki hukm qilingan va qamoqda saqlash joylarida, jazoni ijro etish muassasalarida turgan vakillari tomonidan yuborilgan shikoyatlar, shuningdek maʼmuriy qamoqqa olingan hamda maxsus qabulxonada saqlanayotgan shaxslarning shikoyatlari ular saqlanayotgan joylarning maʼmuriyati tomonidan koʻzdan kechirilishi mumkin emas hamda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay yuboriladi. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning javobi koʻzdan kechirilishi mumkin emas va arz qiluvchiga darhol etkazib beriladi.
  8. Davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mansabdor shaxslari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning murojaatiga yozma shaklda javob yuborishi, shuningdek soʻralayotgan maʼlumotlarni, hujjatlarni va materiallarni tegishli murojaat qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kundan oshmagan muddatda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga taqdim etishi shart.

Tadbirkorlar virtual ofisi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻtgan davr mobaynida tadbirkorlar murojaatlari bilan ishlash tizimini isloh qilish borasida joriy qilingan yangiliklardan biri bu Prezidentning 2022-yil 27-iyuldagi Farmoni bilan „business.gov.uz“ yagona interaktiv portali „Tadbirkor virtual ofisi“ axborot portali etib qayta tashkil etildi va Biznes-ombudsman yurituviga berildi.

Raqamli texnologiyalar orqali tadbirkorlik subyektlarining muammolari bilan ishlovchi mazkur portal tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini kechayu kunduz qabul qilish, hal etish va ushbu jarayonlarni nazorat qilish imkonini beradi. Portal orqali, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari hamda tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida tematik onlayn muhokamalar va soʻrovnomalar oʻtkazish orqali tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflarni shakllantirish, jamoaviy murojaatlarni qabul qilish, litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlar, kredit, subsidiya, kompensatsiya hamda kafilliklar olish, soliq va bojxona maʼmuriyatchiligini amalga oshirish imkonini beruvchi axborot tizimlari bilan ulanish mumkin.

Portalga kiritilgan murojaatlar avtomatik ravishda yoki Biznes-ombudsman tomonidan tegishli vakolatli organlarga koʻrib chiqish va hal etish uchun yoʻnaltiriladi. Vakolatli organlar portal orqali kelib tushgan murojaatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda koʻrib chiqadi hamda natijalari toʻgʻrisida axborotni portalga kiritadi.

Biznes-ombudsman portalga kiritilgan murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi va muddati ustidan raqamli nazorat oʻrnatadi hamda qonunbuzilish holatlari boʻyicha tegishli huquqiy taʼsir choralarini (taqdimnoma, maʼmuriy bayonnoma, ogohlantirish, xulosa) qoʻllaydi.

Oʻzbekistonda tadbirkorlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish tizimidagi asosiy islohotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Respublikasida mustaqillikning ilk yillaridan yaqin oʻtmishgacha tadbirkorlar faoliyatida davlat nazoratini amalga oshirishning bir qator turlari mavjud boʻlib, tadbirkorlik faoliyatida rejali, rejadan tashqari, muqobil, nazorat tartibidagi tekshirish turlari boʻyicha tekshiruvlar amalga oshirilgan.

Respublikada tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish markaziy muvofiqlashtirilgan holda Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi tomonidan amalga oshirib kelingan (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 08.08.1996-yil 8-avgustdagi PF-1503-son Farmoni).

Tadbirkorlar faoliyatidagi tekshiruvlar, tadbirkor faoliyatida qonun buzilish holatlari haqida maʼlumotlar boʻlish-boʻlmasligidan qatʼi nazar, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi tasdiqlangan reja asosida, „kompleks tekshiruv“ tartibida bir qator nazorat qiluvchi (yongʻinga qarshi, sanitariya, veterinariya, energetika nazorati va boshqa) organlar tomonidan amalga oshirib kelingan.

Qonunchilikda belgilangan 29 ta holatda (roʻyxat raqami 1573-son, 16.05.2006-yildagi va roʻyxat raqami 1712-son, 03.09.2007-yildagi Nizomlar) tadbirkorlar faoliyatidagi tekshiruvlar maxsus muvofiqlashtiruvchi organning nazoratisiz, rejadan tashqari amalga oshirib kelingan.

Biroq 2015 yildan boshlab tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish, tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, ularning faoliyatiga davlat tomonidan asossiz aralashuvlarning oldini olish maqsadida oʻsha davrgacha tassavvur qilinmagan inqilobiy islohotlar amalga oshirildi.

Jumladan, tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish va toʻsqinlik qilish, xususiy mulkdorlar huquqlarini buzganlik uchun davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari javobgarligini maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortish darajasigacha oshirish tartiblari belgilandi (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 15.05.2015-yildagi PF-4725-son Farmoni).

Tadbirkorlik subyektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari, shu jumladan, jinoyat ishlari doirasidagi muqobil tekshirishlarning barcha turlari bekor qilindi, rejadan tashqari tekshirishlar faqat jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi holatlari toʻgʻrisidagi murojaatlari asosida qisqa muddatda, faqat Respublika kengashining qaroriga muvofiq oʻtkazilishi belgilandi (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 05.10.2016-yildagi PF-4848-son Farmoni).

2018 yilda respublika tarixida ilk bor tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishga ikki yil muddatga moratoriy eʼlon qilindi (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi PF-5308-son Farmoni).

Tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan rejali tekshiruvlar, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan nazorat tartibidagi tekshiruvlar bekor qilinib (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 27.07.2018-yildagi PF-5490-son Farmon), shu tariqa, mustaqillikning birinchi 10 yilligida joriy etilgan deyarli barcha tekshirish turlari (rejali tekshirish, muqobil tekshirish, nazorat tartibidagi tekshirish) bekor qilinib, tekshiruvlarni oʻtkazishning butkul yangi mexanizmlari joriy qilindi.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish tashabbusi bilan chiqish tegishli tadbirkorlik subyektlari tomonidan qonunbuzarlik sodir etish xavfi darajasidan kelib chiqib, „xavfni tahlil etish“ tizimi natijalari asosida amalga oshirilishi, barcha tekshiruvlar Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatga olinishi va nazorat qiluvchi organlar va tekshiruvlarni muvofiqlashtiruvchi vakolatli organ orasidagi barcha munosabatlar yagona elektron tizim orqali bajarilishi belgilandi.

2019-yil 1-apreldan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlarning qonuniyligi ustidan nazorat qilish vazifasi Biznes-ombudsmanga yuklandi. (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 15.03.2019-yildagi PF-5690-sonli Farmoni).

Shunga koʻra, Biznes-ombudsmanga tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qilish boʻyicha bir qator vakolatlar berildi.

„Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida“gi Qonuning 39-moddasida Tadbirkorlik subyektlari faoliyatining nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan barcha tekshiruvlari Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatga olinishi shart, Tadbirkorlik subyektlari faoliyatining Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatga olmasdan oʻtkazilgan tekshiruvlari qonunga xilofdir deb belgilandi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq (PF-5490, PF-6314, PQ-374), tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlar Vakolatli organ bilan „Kelishish“ va „Xabardor“ etish tartibida amalga oshiriladi.

Kelishish tartibida – tekshirish boʻyicha kiritilgan buyurtmalar oʻrtacha 1 ish kuni davomida (qonunchilikda 3 ish kunigacha) koʻrib chiqilib, kelishish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.

Xabardor etish tartibida – nazorat qiluvchi organ tekshiruvga asos boʻlgan hujjatni tizimga kiritishi bilan tekshiruv ruyxatga olinadi va unga unikal raqam beriladi. Bugungi kunda davlatimiz tadbirkorlarning huquqiy kafolatlari va erkinligini taʼminlash yoʻnalishida yuqoridagi islohotlar bilan cheklanib qolmaydi va bu yoʻnalishdagi isohotlarning yangi bosqichiga jadal qadamlar bilan ketmoqda.

„Yagona davlat nazorati“ axborot tizimi – tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bogʻliq katta hajmdagi maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruv oʻtkazish tashabbusini (kelishish yoki xabardor etish orqali), oʻtkaziladigan tekshiruvlarni va ular natijalarini roʻyxatga olishni taʼminlovchi elektron axborot tizimi[10].

2022-yil 1-aprelda tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bogʻliq katta hajmdagi maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi, shuningdek, quyidagi imkoniyatlarga ega „Yagona davlat nazorati“ axborot tizimi ishga tushirildi.

2022-yil 1-noyabrdan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan barcha tekshiruvlar „Yagona davlat nazorati“ axborot tizimida roʻyxatga olina boshladi. Bunda tadbirkorlik subyektlari faoliyatida mazkur tizimda roʻyxatga olinmagan tekshiruvlarni oʻtkazish noqonuniy hisoblanadi.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkazilgan tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari toʻgʻrisida maʼlumot tekshiruv yoki profilaktika tadbirlari tugagan kundan boshlab uch kun muddatda „Yagona davlat nazorati“ axborot tizimiga kiritiladi.

2023-yil 1-yanvardan boshlab nazorat qiluvchi organlarga „Yagona davlat nazorati“ axborot tizimidagi davlat nazorati funksiyalari reestriga kiritilmagan funksiyalar boʻyicha tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazish taqiqlab qoʻyildi.

Axborot tizimi tadbirkorlik subyekti faoliyatida oʻtkaziladigan tekshirishlar yuzasidan batafsil maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.

Tekshiruvlar toʻgʻrisida xabardor boʻlish uchun govcontrol.uz havolasi orqali oʻtib, tizimda roʻyxatdan oʻtishi lozim.

Roʻyxatdan oʻtgandan soʻng, tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabinetida amalga oshiriladigan davlat nazorati turlari tadbirkorlik subyektining faoliyati boʻyicha saralangan holda koʻrsatiladi. „Mening maʼlumotlarim“ boʻlimida tadbirkorlik subyekti faoliyatiga oid barcha maʼlumotlar koʻrsatilgan.

„Roʻyxatga olingan tekshiruvlar“ boʻlimida nazorat qiluvchi organlar tomonidan tizimda roʻyxatga olingan barcha tekshiruvlar koʻrsatilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Президент бизнес омбудсманни тайинлади“ (uz-Cyrl). Газета.uz (2017-yil 29-iyul). Qaraldi: 2023-yil 7-oktyabr.
  2. „Президент учредил институт бизнес-омбудсмана“ (ru). Газета.uz (2017-yil 5-may). Qaraldi: 2023-yil 7-oktyabr.
  3. „ ПФ-4848-сон 05.10.2016. Тадбиркорлик фаолиятининг жадал ривожланишини таъминлашга, хусусий мулкни ҳар томонлама ҳимоя қилишга ва ишбилармонлик муҳитини сифат жиҳатидан яхшилашга доир қўшимча чора-тадбирлар тўғрисида“. lex.uz. Qaraldi: 2023-yil 29-sentyabr.
  4. „ ПФ-4848-сон 05.10.2016. Тадбиркорлик фаолиятининг жадал ривожланишини таъминлашга, хусусий мулкни ҳар томонлама ҳимоя қилишга ва ишбилармонлик муҳитини сифат жиҳатидан яхшилашга доир қўшимча чора-тадбирлар тўғрисида“. lex.uz. Qaraldi: 2023-yil 29-sentyabr.
  5. „ ПФ-4947-сон 07.02.2017. Ўзбекистон Республикасини янада ривожлантириш бўйича Ҳаракатлар стратегияси тўғрисида“. lex.uz. Qaraldi: 2023-yil 29-sentyabr.
  6. „ ПФ-5037-сон 05.05.2017. Ўзбекистон Республикаси Президенти ҳузуридаги Тадбиркорлик субъектларининг ҳуқуқлари ва қонуний манфаатларини ҳимоя қилиш бўйича вакили институтини таъсис этиш тўғрисида“. lex.uz. Qaraldi: 2023-yil 29-sentyabr.
  7. „ ЎРҚ-440-сон 29.08.2017. Ўзбекистон Республикаси Президенти ҳузуридаги Тадбиркорлик субъектларининг ҳуқуқлари ва қонуний манфаатларини ҳимоя қилиш бўйича вакил тўғрисида“. lex.uz. Qaraldi: 2023-yil 29-sentyabr.
  8. „ ПФ-5690-сон 15.03.2019. Тадбиркорлик фаолиятини ҳимоя қилиш тизимини тубдан такомиллаштириш ва прокуратура органлари фаолиятини оптималлаштириш чора-тадбирлари тўғрисида“. lex.uz. Qaraldi: 2023-yil 29-sentyabr.
  9. „ ПҚ-374-сон 13.09.2022. Тадбиркорлик субъектлари фаолиятида текширувлар ўтказишни мувофиқлаштириш тартибини такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида“. lex.uz. Qaraldi: 2023-yil 10-oktyabr.
  10. „ ПҚ-374-сон 13.09.2022. Тадбиркорлик субъектлари фаолиятида текширувлар ўтказишни мувофиқлаштириш тартибини такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида“. lex.uz. Qaraldi: 2023-yil 3-oktyabr.