Oʻzbekistonda sharq pravoslavligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻzbekistondagi sharq pravoslavligiga mamlakatda istiqomat qiluvchi sharq pravoslav xristianligi tarafdorlari kiradi. Respublika aholisining katta qismi musulmonlardan tashkil topganligi bois, sharq pravoslav xristianlari va boshqa nasroniy konfessiyalari tarafdorlari mamlakatda ozchilikni tashkil qiladi[1].

Oʻzbekistondagi sharq pravoslav xristianlari, asosan, sharq pravoslavligining asosiy cherkovlaridan biri hisoblanuvchi Arman Apostol cherkovi tarafdorlari boʻlgan etnik armanlar hisoblanadi. Mamlakatda ularning soni 40 000 ga yaqin boʻlib, ularning aksariyati poytaxt Toshkent shahrida istiqomat qiladi. Birinchi arman sharq pravoslav cherkovi 1905-yilda Samarqand shahrida ochilgan. Oʻzbekistondagi zamonaviy armanlar hamjamiyati arman genotsidi paytida koʻplab armanlar, shu jumladan, ularning sharq pravoslav ruhoniylari Ozarbayjon orqali Oʻzbekistonga qochib oʻtgan vaqtda, keyinchalik esa Rossiya imperiyasi tomonidan boshqarilgan davrda shakllangan. Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi tashkil etilgandan keyin armanlar Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotiga katta hissa qoʻsha boshlaydilar[2]. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin esa koʻplab armanlar, asosan, Rossiya, Armaniston va AQShga koʻchib oʻtadilar. Mamlakatda qolgan armanlar oʻzlarining diniy urf-odatlarini saqlab keladilar. Oʻzbekistonda ikkita faol arman cherkovi mavjud boʻlib, ular Samarqand va Toshkent shahrida joylashgan. Sovet Ittifoqi davrida ushbu cherkovlar butunlay yopib yuborilgan, biroq 1995-yilda samarqandlik, millatiga koʻra asli arman boʻlgan tadbirkor Artur Martirosyan cherkovni qayta qurish va ochish uchun kerakli mablagʻni xayriya qilgan[3].

Samarqandda Sharq pravoslav cherkovini qayta tiklash ishlarini tashkil qilgan barcha armanlar katolikosi Karekin I va Artur Martirosyan (1996-yil).

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Uzbekistan“. State.gov (2012-yil 31-yanvar).
  2. David Zenian (1998): Armenians in Central Asia – Uzbekistan
  3. „Uzbekistan“. State.gov. 2009-yil 30-noyabrda asl nusxadan arxivlangan.