Kontent qismiga oʻtish

Tadbirkorlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Tadbirkordan yoʻnaltirildi)

Tadbirkorlik yoki biznes (inglizcha: business – „bandlik“), deb har qanday qonuniy tijorat faoliyatiga aytiladi[1][2][3][4]. Tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi shaxs tadbirkor, deyiladi. Xususiy tadbirkorlik kapitalistik iqtisodiyot negizidir. Sotsialistik iqtisodiyotlarda tadbirkorlik bilan hukumat, jamiyat yoki ishchilar kasaba uyushmalari shugʻullanadi.

Tadbirkorlik xoʻjalik yuritish koʻlamiga qarab, yirik, oʻrta va kichik turlarga boʻlinadi. Yirik tadbirkorlik ishlab chiqarishda 500 dan ortiq kishi band boʻlgan, oʻrta tadbirkorlik esa 20–500 kishi band boʻlgan korxona (firma) lar, kichik tadbirkorlik 10–20 va undan kam kishi ishlaydigan korxonalarni qamraydi. Yirik va oʻrta tadbirkorlikka, asosan, yirik ishlab-chiqarish, koʻp sonli tovarlar chiqaradigan, mexanizatsiyalashgan hamda avtomatlashgan sohalar kiradi. Kichik tadbirkorlik qishloq xoʻjaligi, aholiga xizmat koʻrsatish sohalarida keng tarqalgan. Kichik tadbirkorlik sharoitga tez moslasha olishi bilan boshqalaridan farqlanadi va shu bois u keng tarqalgan[5].