Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston respublikasi fanlar akademiyasining asosiy kutubxonasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Country Uzbekistan
Established 1933 Tashkent city
Location Oʻzbekiston Tashkent city, Uzbekistan
Collection
Size 5 million
Other information
Director Berdieva Zukhra Shukurovna
Website http://www.academy.uz/uz/publications/libraries.php

Oʻzbekiston respublikasi fanlar akademiyasining asosiy kutubxonasi — respublikadagi yirik kutubxonalardan biri. 1933-yil Toshkent shahrida Oʻzbekiston Fan qoʻmitasi tarkibida tashkil etilgan. 1943-yil Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tarkibiga kirgan. 1964-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi kutubxonalari tizimi markazlashtirilib, 24 ta (2005-yilda 27 ta) ilmiy tekshirish institutlarining kutubxonalari birlashtirildi. 1983-yildan maxsus qurilgan binoda. Fondida 3,6 mlndan ortiq asar saqlanadi (2005), shundan 698,2 mingdan ziyod nusxasi chet el nashrlaridir, shuningdek, 70 dan ortiq SD disk maʼlumotlar bazasiga ega. 20 mingdan ortiq kitobxonga xizmat koʻrsatadi.

Kutubxona fondi nodir asarlarga boy: Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi birgina Sharqshunoslik instituti kutubxonasida 60 mingga yaqin noyob qoʻlyozmalar bor; fan va texnika sohasidagi nodir qadimiy nashrlar alohida jamlangan [A.P.Fedchenkoning ,,Qoʻqondan. 1871-yildagi Qoʻqon xonligi boʻylab qilingan sayohatlar haqida" (1871); Klavixoning ,,1403—1406-yillarda Klavixoning Amir Temur saroyiga Samarqandga qilgan sayohati kundaligi" (1881); Oʻrta Osiyo tadqiqotchisi B.A.Fedchenkoning kutubxonasi katta qimmatga ega], shuningdek Oʻzbekiston olimlarining dissertatsiya va avtoreferatlari ham toʻplangan.

Kutubxonaning asosiy vazifasi — Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi institutlari va boshqalar ilmiy tekshirish muassasalari xodimlarini zarur adabiyot va axborot-bibliografiya xizmatlari bilan taʼminlash. Kutubxona Respublika yagona axborot-maʼlumotnoma fondining aʼzosi, unga tabiiy fanlar boʻyicha depozitariy vazifasi yuklangan, Kutubxonalararo abonement (KAA)ning markazi, kutubxonalarning chet el nashrlari bilan toʻldirishning bosh kutubxonasi hamda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi kutubxonalar tarmogʻining uslubiy markazidir. Kitobxonlar guruhiga yagona kitob fondi yordamida axborot-kutubxonachilik xizmati koʻrsatiladi.

Kutubxonada quyidagi boʻlimlar bor: rahbariyat, kutubxonashunoslik, kitoblarni toʻplash va kutubxonalararo ularni ayirboshlash; chet el nashrlari, xalqaro kitob ayirboshlash, kitobxonlarga xizmat koʻrsatish, adabiyotlarga ilmiy ishlov berish, ilmiy bibliografiya, kitob fondi va adabiyotlarni saqlash, ilmiy-uslubiy ishlar; shuningdek nusxa koʻchirish va koʻpaytirish markazlashgan boʻlimi mavjud. Kutubxona fondi alifboli, tizimli, predmetli, yangi xorijiy kitoblar, chet el vaqtli matbuoti kabi kataloglar tizimi yordamida yoritiladi. Chet el adabiyotlari markazlashgan tartibda sotib olinadi hamda xalqaro kitob ayirboshlash orqali keltiriladi, baʼzi chet el nashrlari mikrofilm tarzida olinadi. Soʻnggi yillarda chet ellardagi 147 hamkorlari bilan kitob almashadi. 1994-yildan kutubxona yangi texnologiyalar bilan jihozlanadi: mahalliy kompyuter tarmogʻi oʻrnatildi; 1995-yildan yangi olingan adabiyotlarning elektron katalogi shakllana boshladi; Avtomatlashtirilgan kutubxona dasturi ,,IRBIS" oʻrnatildi (1998); Avtomatlashtirilgan Kutubxona modeli va oʻquv markazi ishga tushdi (2000) va boshqalar.

Kitobxonlar talabini tez va toʻla qondirish maqsadida kutubxonachi turli xizmat shakllaridan foydalanadi; koʻrgazmalar zalida kitobxonlar yangi olingan adabiyotlar bilan tanishtirib boriladi va zarur axborotlar bilan taʼminlanadi, unda kutubxonaga kelib tushgan mahalliy, chet el nashrlari maʼlum vaqt mobaynida namoyish etiladi. Kutubxonaning oʻquv kurslarida kutubxona xodimlariga metodik yordam berish, yangi texnologiyalarni ish jarayonlariga tatbiq etish, malaka oshirish ishlari muntazam olib boriladi. ,,Yangi adabiyotlar axborot byulleteni", ,,Oʻzbekiston olimlari" turkumida biobibliografiya va bibliografik koʻrsatkichlarni nashr etadi. Kutubxona turli tarixiy voqealar, sanalarga bagʻishlab koʻrgazmalar tashkil etadi, adabiyotlar targʻibotining anʼanaviy va noanʼanaviy shakl va uslublarini qoʻllaydi, uyushtirilgan koʻrgazmalar uchun koʻrsatkichlar nashr etadi.

   Kutubxonashunoslik ishi tarixi va Nazariyasi: Nosirov, Oʻ. Davlatov, S [Metodik qoʻllanma] .-Toshkent: Donishmand ziyosi.-2011.-286 b.