Oʻzbekiston milliy tiklanish demokratik partiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Oʻzbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi (OʻzMTDP) — Oʻzbekistondagi siyosiy partiyalardan biri. 1995 yilning 3 iyunida boʻlib oʻtgan taʼsis qurultoyida tashkil topgan. OʻzMTDP teran milliy ruh va dunyoqarashga ega boʻlgan, ruhan va qalban vatanparvarlik gʻoyalarini, siyosiy jihatdan oʻz taqdirini oʻzi belgilashga, oʻz-oʻzini boshqarishga intilayotgan, oʻzligini anglash, milliy birlik va milliy tiklanishni muhim hayotiy maqsadlari deb ifoda etayotgan fuqarolarning qarashlari va manfaatlarini birlashtiradi. OʻzMTDP ziyolilar, milliy taraqqiyot yoʻlidan borayotgan mulkdor va tadbirkorlar, ijodiy faoliyat bilan mashgʻul intellektual mehnat sohasi vakillari, istiqlol gʻoyasiga sadoqatli yoshlar, oʻz manfaatlarini umummilliy manfaatlar bilan uygʻunlikda koʻrayotgan fuqarolar hamda partiyaning dasturiy maqsadiga xayrixoh boshqa ijtimoiy tabaqalarga suyanadi va ularning manfaatlarini himoya qiladi. Partiyaning oliy organi Qurultoy boʻlib, partiya Markaziy kengashi tomonidan kamida 5 yilda bir marta chaqiriladi. Qurultoylar oraligʻida partiyaning doimiy ishlaydigan rahbar organi — Markaziy kengash (hayʼat)dir. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar partiya kengashlari partiyaning mintaqaviy tashkilotlari hisoblanadi. Shahar va tumanlarda Oʻz MTDPning shahar va tuman kengashlari faoliyat yuritadi. Partiya oʻz atrofiga 50 mingdan ortiq aʼzoni birlashtirgan (2005). OʻzMTDP 1999 yil 8 dek.da ilk bor Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga boʻlib oʻtgan saylovlarda ishtirok etdi va parlamentda 12 deputatdan iborat oʻz fraksiyasini tuzdi. Fraksiya aʼzolari parlament qoʻmitalari va komissiyalari tarkibida qonunchilik faoliyatini olib bordi, Oliy Majlisning barcha ish yoʻnalishlarida, nazorattahlil jarayonida, mafkuraviyommaviy tadbirlarda ishtirok etdi. 2004 yil 26 dek.da ikki palatali parlamentga oʻtkazilgan saylovlarda 11 nafar partiya aʼzosi Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi. Partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasiga partiya Markaziy kengashi raisi rahbarlik qiladi. OʻzMTDPning nashri "Milliy tiklanish" gazetasidir.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. "Oʻzbekiston milliy tiklanish demokratik partiyasi" OʻzME. M-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil