Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbek tilining izohli lugʻati (1981)

Bu maqolani tinglang
Vikipediya, erkin ensiklopediya
Oʻzbek tilining izohli lugʻati

„Oʻzbek tilining izohli lugʻati“ I jildining titul beti
Asl nomi Ўзбек тилининг изоҳли луғати
Muharrir(lar) Zokir Maʼrufov
Til oʻzbekcha
Janr(lar)i Izohli lugʻat
Nashriyot „Rus tili“
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 1981
Sahifalar soni 632 (I jild)
715 (II jild)

„Oʻzbek tilining izohli lugʻati“ — oʻzbek tilining ikki jildli izohli lugʻati. Bu lugʻat shu kungacha chiqarilgan eng keng koʻlamli oʻzbekcha izohli lugʻatlardan biridir. Uning chop etilishi oʻzbek lugʻatchiligi tarixida yangi bosqichni boshlab bergan. Lugʻat 1981-yil chop etilgan va kirill alifbosida yozilgan.

Lugʻatga hozirgi oʻzbek adabiy tilida keng qoʻllaniladigan 60 000 soʻz va soʻz birikmalar, fan, texnika, sanʼat sohalariga oid atamalar, shevaga oid va eskicha soʻzlar kiritilgan. Lugʻatda soʻzlarning qoʻllanishi oʻzbek adabiyoti va matbuotidan olingan misollar bilan dalillangan.

Lugʻat Zokir Maʼrufov tahriri ostida tayyorlangan. 2006–2008-yillarda „Oʻzbek tilining izohli lugʻati“dagi materiallardan foydalanib yangi besh jildli lugʻat chop etildi.

Jild Nashr yili Jilddagi maqolalar qamrovi
I 1981 АР
II 1981 СҲ

Lugʻat oʻzbek tilining ilk izohli lugʻatidir. Lugʻatni tuzish uchun 1959-yil chop etilgan „Oʻzbekcha-ruscha lugʻat“ bevosita asos boʻlgan. Lugʻatga oʻzbek tilining barcha soʻz boyligi emas, balki Ulugʻ Oktabr sotsialistik revolutsiasidan keyingi davrda rivoj topgan hozirgi zamon oʻzbek tilining keng qoʻllaniladigan soʻzlari kiritilgan.

Lugʻat oʻzbek tilining normativ lugʻati boʻlib, unda adabiy tilning imlo, talaffuz, soʻz yasash va ishlatish normalari tavsiya etilgan. Lugʻatda har bir soʻzning qabul qilingan yozilish shakli, kelib chiqishi, zarur hollarda, talaffuzi berilgan, maʼnosi (yoki maʼnolari) aniqlangan va izohlangan, soʻzlarning aniqlangan maʼnolari va shu maʼnolarda toʻgʻri qoʻllanishi oʻzbek badiiy adabiyoti va matbuotidan olingan misollar, iqtiboslar bilan tasdiqlangan.[1]

„Oʻzbek tilining izohli lugʻati“ning chop etilishi oʻzbek lugʻatchiligi tarixida yangi bosqichni boshlab bergan. 2006-2008-yillarda chop etilgan besh jildli izohli lugʻatni tayyorlashda 1981-yilgi lugʻat materiallaridan foydalanilgan.[2]

Lugʻatni tuzishdan avval kartoteka, yaʼni lugʻatning leksik asosi tuzilgan. Kartotekaga Ulugʻ Oktabr sotsialistik revolutsiasidan keyingi davrda nashr etilgan ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-texnikaviy, ilmiy-ommabop asarlar, darsliklar, matbuotdan olingan bir yarim milliondan ortiq kartochka-iqtibos toʻplangan.[1]

Lugʻat kartotekasini tuzish bilan bir vaqtda dastlab „Oʻzbek tilining izohli lugʻatini tuzish uchun qoʻllanma“ ishlab chiqilgan va 1964-yil nashr etilgan. Qoʻllanma nashr etilishidan avval uni SSSR va OʻzSSR Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi professor Aleksandr Borovkov tanishib chiqqan va oʻz maslahatlarini bergan.

Qoʻllanmani boshqa sovet respublikalari leksikograflari ham koʻrib chiqqan. Olingan fikr-mulohazalarga asoslanib, A. S. Pushkin nomidagi Til va adabiyot institutining katta xodimi S. F. Akobirov 1970-yil lugʻatning „maketini“ tayyorlagan. „Maket“da lugʻatning tuzilishi va qamrovi haqida ruscha maqola, leksik-semantik va grammatik soʻz turkumlari uchun izoh namunalar hamda А, Б, Г, Д harflari boʻyicha maqola namunalari berilgan.[1]

Dastlabki tahrir jarayonida lugʻatga kirgan ayrim harf qoʻl yozmalari (masalan, Е, Ё, П, У, Ў, Ғ, Ҳ) toʻldirilgan yoki qayta ishlangan. Lugʻatda berilgan soʻzlarning kelib chiqishi – manbaiga doir maʼlumotlarni lugʻat boʻlimining katta ilmiy xodimi G. N. Mixaylov tayyorlagan. Lugʻatga kiritilgan soʻz birikmalari, maqola, matal va idiomatik iboralarning lugʻat maqolalarida oʻzaro muvofiqligini lugʻat boʻlimining katta ilmiy xodimi T. Aliqulov tekshirib chiqqan.

Lugʻat qoʻl yozmasining leksigorafik tahririni boʻlimning katta ilmiy xodimi N. A. Alhamova qilgan. Lugʻatda ilmiy atamalarga berilgan izohlarning toʻgʻriligini va aniqligini taʼminlash uchun zoologiyaga oid atamalar izohini OʻzSSR Fanlar akademiyasining akademigi Tesha Zohidov, botanikaga oid atamalarni akademik Qodir Zokirov, ijtimoiy-siyosiy atamalarga oid lugʻat maqolalarini OʻzSSR Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi, falsafa fanlari doktori Muzaffar Xayrullayevlar koʻrib chiqqan.

Lugʻatning ayrim haflarini OʻzSSR Fanlar akademiyasining akademigi, filologiya fanlari doktori professor Shonazar Shoabdurahmonov, filologiya fanlari doktorlari professor Hodi Zarifov, professor Fattoh Abdullayev, falsafa fanlari doktori professor Qoʻchqor Xonazarov, respublikada xizmat koʻrsatgan fan arbobi, filologiya fanlari nomzodi O. U. Usmonovlar koʻrib chiqqan.

Lugʻat qoʻl yozmasi, barcha fikr-mulohazalar hisobga olinib, lugʻat bosh muharriri OʻzSSR Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti lugʻat boʻlimining mudiri Zokir Maʼrufov tomonidan soʻnggi marta tahrir qilinganidan keyin „Sovet ensiklopediyasi“ nashriyotiining SSSR xalqlari lugʻatlari redaksiyasiga topshirilgan. „Sovet ensiklopediyasi“ keyinroq „Rus tili“ nashriga kiritilgan. Nashriyotda lugʻat tahrirdan oʻtkazilgan.[1]

Lugʻatni tuzish va uni nashrga tayyorlash bilan bogʻliq barcha ishlar OʻzSSR Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining lugʻat boʻlimida bajarilgan. Lugʻatni tuzishda boʻlimning ilmiy xodimlari A. T. Xoʻjaxonov (А, Б, Ц; З – T. Aliqulov bilan hamkorlikda), S. F. Akobirov (Б, Ж, С va Т – qisman), Zokir Maʼrufov (Г va Т – qisman), Sobirjon Ibrohimov (Д, Л va О – qisman, Ҳ), Azim Hojiyev (И, К, Н), T. Aliqulov (Й, Р, Х, Ш va Т – qisman), M. M. Mirtojiyev (Е, Ё, П, У, Ў), N. M. Mamatov (О – qisman, Т – qisman va Қ), S. Z. Zufarov (Ч, Я), G. N. Mixaylov (Э), SH. Nuʼmonova va T. Aliqulov (Ғ), N. Habibullayev (Т – qisman) hamda Alibek Rustamovlar (М) qatnashgan.[1]

Qoʻl yozmaning dastlabki tahririni Til va adabiyot institutining katta xodimlari S. F. Akobirov (А, В, Г, Д, З, И, М, Н, О, П, Р, Т, Ц, Ч, Э, Қ), N. M. Mamatov (Й, К, П, У, Х, Ш, Ю, Я, У, Ў, Ғ, Ҳ), Zokir Maʼrufov (Ж, Е, С), Sobirjon Ibrohimov (Б, Ё, И), Azim Hojiyevlar (Л, М) bajargan.

Lugʻat qoʻl yozmasini boʻlimning kichik ilmiy xodimlari SH. Nuʼmonova va H. Yusufxoʻjayevalar nashriyotga topshirish uchun tayyorlagan.

Qoʻlyozmani tayyorlash va unga aloqador texnik ishlarni bajarishda boʻlimning kichik ilmiy xodimlari N. Ikromova, F. Konyusheva, M. Xoliyorov, R. Shukurov, B. Xoʻjaxonov; laborantlar R. Abduqahhorova, A. Alimov, SH. Ibrohimova, SH. Xalilova, R. Shukurova, I. Eshonqulovalar koʻmaklashgan.[1]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 „Soʻz boshi“, Oʻzbek tilining izohli lugʻati (I jild). Moskva: „Rus tili“, 1981 — 5-bet. 
  2. „Soʻzboshi“, Oʻzbek tilining izohli lugʻati (I jild). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2006 — 5, 7-bet. ISBN 5-89890-132-9. 
Ushbu maqolani tinglang (7 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 11-iyul, 2022-yil(2022-07-11) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.