Oʻzbek lotin alifbosi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Oʻzbek lotin yozuvidan yoʻnaltirildi)
Amaldagi oʻzbek lotin alifbosi

Oʻzbek lotin alifbosi, oʻzbek lotin yozuvi — lotin grafikasiga asoslangan harf-tovush (fonografik) yozuv turi. Oʻzbek yozuvi tarixida lotin yozuviga asoslangan alifboning bir necha variantlari qabul qilingan.

1929—1934[tahrir | manbasini tahrirlash]

A a B ʙ C c Ç ç D d E e Ə ə F f G g Ƣ ƣ H h I i
J j K k L l M m N n Ꞑ ꞑ O o Ө ө P p Q q R r S s
Ş ş T t U u V v X x Y y Z z Ƶ ƶ Ь ь '

Oʻzbek yozuvini arab grafikasidan lotin grafikasiga oʻtkazish haqidagi dastlabki qaror 1929-yil 15—23-may kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan respublika adiblari, til-imlochilari va umuman yetakchi ziyolilar ishtirokidagi konferensiyada qabul qilingan va bu qaror 1929-yil 10-avgustda OʻzSSR Xalq maorif komissarligi hayʼati tomonidan tasdiqlangan edi. Ixtiyoriylikdan koʻra koʻproq majburiylikka asoslangan bu jarayon Moskvada ishlangan reja asosida Moskva vakillari kuzatuvida amalga oshirilgan edi.

1934—1940[tahrir | manbasini tahrirlash]

A a B ʙ C c Ç ç D d E e (Ə ə) F f G g Ƣ ƣ H h I i
J j K k L l M m N n Ꞑ ꞑ O o P p Q q R r S s
Ş ş T t U u V v X x Z z Ƶ ƶ '

Samarqand konferensiyasida qabul qilingan „lotinlashtirilgan oʻzbek alifbosi“ 33 harf va bir belgi (apostrof)dan iborat boʻlgan. Konferensiyada singarmonizm oʻzbek adabiy tili uchun xos hodisa deb topilishi va alifboga 9 ta unli uchun alohida harflar kiritilgani, shu asosda ishlab chiqilgan imlo qoidalari keyinchalik oʻzini oqlamadi, amalda imloda boshboshdoqlik vujudga keldi, ayni bir soʻz bir necha xil yoziladigan boʻldi. Natijada 1934-yilning yanvar oyida til va imlo masalalari boʻyicha oʻtkazilgan respublika qurultoyida oʻzbek alifbosidan Ө ө, Y y, Ь ь harflarini olib tashlashga hamda Ə ə harfidan foydalanishni cheklashga va uning oʻrniga aksar hollarda A a harfidan foydalanishga qaror qilingan. Bu qaror Oʻzbek SSR hukumati tomonidan 1934-yil 13-martda tasdiqlangan.

Lekin oʻtgan asrning 30-yillari 2-yarmidan oʻzbek yozuvini rus grafikasi asosida shakllantirish ishlari boshlanib, bu jarayon 1940-yilda yangi kirillcha alifbo qabul qilinishi bilan yakunlangan.

1993-1995[tahrir | manbasini tahrirlash]

A a B ʙ C c Ç ç D d E e F f G g Ğ ğ H h I i
J j K k L l M m N n Ñ ñ O o Ö ö P p Q q R r S s
Ş ş T t U u V v X x Y y Z z Ɉ ɉ ʼ

Harflarning alifbodagi asl tartibi: A a, B b, C c, D d, E e, F f, G g, H h, I i, J j, K k, L l, M m, N n, O o, P p, Q q, R r, S s, T t, U u, V v, X x, Y y, Z z, Ç ç, Ğ ğ, Ɉ ɉ, Ñ ñ, Ö ö, Ş ş, ʼ

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng respublikada oʻzbek yozuvini rus grafikasidan yana lotin grafikasi asosidagi yozuvga oʻtkazish haqida fikr-mulohazalar oʻrtaga tashlandi. Bu masala bir yil davomida ommaviy axborot vositalarida keng jamoatchilik ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, 1993-yil 2-sentabrda Oʻzbekiston Respublikasining „Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida“gi qonuni eʼlon qilindi. Yangidan qabul qilingan oʻzbek alifbosi 31 harf va bir tutuq belgisi (apostrof)dan iborat deb belgilandi.

1995 — hozirgi vaqt[tahrir | manbasini tahrirlash]

A a B b Ch ch D d E e F f G g Gʻ gʻ H h I i
J j K k L l M m N n ng O o Oʻ oʻ P p Q q R r S s
Sh sh T t U u V v X x Y y Z z ʼ

Harflarning alifbodagi asl tartibi: А а, B b, D d, Е е, F f, G g, H h, I i, J j, K k, L l, М m, N n, О о, P p, Q q, R r, S s, Т t, U u, V v, X x, Y y, Z z, Oʻ oʻ, Gʻ gʻ, Sh sh, Ch ch, ng, ʼ

1993-yilda joriy etilgan alifboni va shu asosda tayyorlangan „Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari“ni muhokama qilish jarayonida bir qator taklif va tavsiyalar qilindi, tanqidiy fikrlar bildirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 1995-yil 6-may kuni alifboga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida qonun qabul qildi. Bu hujjatga binoan 1) yangi oʻzbek alifbosi 26 ta harf, 3 ta harflar birikmasidan iborat ekanligi belgilandi; 2) C c, Ɉ ɉ harflari alifbodan chiqarib tashlandi; 3) Ç ç, Ğ ğ, Ş ş, Ñ ñ harflarning shakliga esa isloh kiritildi. Yangi alifbo asosida ishlash 1996-yildan boshlanishi qayd etilgan edi.

2004—2005-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan „Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida“gi qonunni amalga oshirish ishlarini yanada jadallashtirish va takomillashtirish boʻyicha muhim qarorlar qabul qilindi[1].

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME (2000-2005). Abduvahob Madvaliyev.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]