Oʻtkir chirik infeksiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Chirik (putrid) infeksiyaga nekroz va toʻqimalar yemirilishining tez rivojlanishi xosdir. Bu dard ixoroz ekssudat, badboʻy hidli yiring-qonli suyuqlikning paydo boʻlishi bilan davom etadi[1].

Etiologiyasi va patogenezi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chirik infeksiya turli anaerob mikroblar (B. proteus, B. putrificus, Bacteroidis, Fusobacterium turkumi), shuningdek Escherichie Coli, Pseudomonas aeruginosa tufayli paydo boʻladi. Infeksiyaga stafilokokk yoki streptokokkli infeksiyalar gaz (vodorod sulfid, metilmerkaptan) ajralib chiqishi va qoʻlansa hid bilan kechadigan toʻqimalar parchalanishi xosdir. Ekssudat loyqasimon, toʻq kulrang rangda, qon aralash boʻladi. Infeksiya ogʻiz boʻshligʻi, ichak, siydik yoʻllari orqali ekzogen, kamdankam hollarda endogen yoi bilan yuqadi. Toʻqimalar nekrozi va anaerob sharoitlar infeksiyasining tarqalishiga imkon beradi. Masalan, ogʻiz boʻshligʻi infeksiyasi ogʻir yutqin abssesslarini va boʻyinning chuqur flegmonalarini keltirib chiqarishi mumkin. Koʻpincha pastki jagʻ suyak usti abssessi yorib koʻrilganda badboʻy hidli boʻshliq aniqlanadi. Xuddi shunga oʻxshash infeksiya churra qisilib qolganda yoki koʻrichak chuvalchangsimon oʻsimtasi yalligʻlangan hollarda toʻgʻri ichak kletchatkasi atrofida ham rivojlanadi.

Patolik-anatomik manzarasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chirik infeksiya jarayoni dastlab teri osti kletchatkasiga tarqaladi, keyin mushak pardalari orasidagi boʻshliqqa oʻtib mushak pardasi va pay nekroziga sabab boʻladi. Suyak yemirilganda chirik osteomiyelit rivojlanadi. Venada kasallikni keltirib chiqaruvchi tiqinlar paydo boʻladi, ulardan septik embollar shakllanib, ular boshqa aʼzolarga oʻtadi va metastatik abssesslar, chirik septikopiyemiyani paydo qiladi, ikkilamchi qon ketishi aniqlanadi.

Klinik manzarasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bunda umumiy intoksikatsiyaning rivojlanishi, haroratning yuqori boʻlishi, badan uvishishi, qon bosimining pasayib ketishi, yurak urishining tezlashuvi (taxikardiya) va hokazolar kuzatiladi. Jarohat spesifik kulrang tusda boʻladi, muskul toʻqimasi qaynatib pishirilgan goʻshtni eslatadi. Oʻtkir ixorozda hidli qoramtir gemorragik suyuqlik va gazlar aralashmasi ajraladi. Jarohat atrofida keng infiltratsiya kuzatiladi. Gazlarning borligi toʻqimalar krepitatsiyasini belgilab beradi. Ayni vaqtda limfangit va limfadenit kuzatiladi.

Differensial diagnozi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chirik infeksiyani baʼzan anaerob yoki gaz infeksiyasidan, umumiy xirurgik infeksiyadan, septik metastazli umumiy xirurgik infeksiyadan, qovurgʻa bilan qorin orasidagi vena septik tromboflebitidan („phlegmasia coerilea dolens“) farq qilish qiyin. Chirik infeksiyada gaz pufakchalarida faqat jarohatning koʻpikli suyuqhgi boʻladi 442va u biriktiruvchi toʻqima yogʻ qavatiga tutashib turadi, gazli gangrenada (klostridiyli anaerob infeksiya) esa aksari muskullarda (glikoliz tufayli) paydo boʻladi.

Davosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chirik infeksiyada parchalangan toʻqimalarni tezda jarrohlik yoʻli bilan olib tashlash zarur. Toʻqimalar keng ochiladi, yiring chiqarib yuboriladi, antiseptiklar bilan yuviladi. Jarohatga polixlorvinnilli drenajlar, antiseptik eritmalarga shimdirilgan (vodorod peroksid va kaliy permanganat eritmasi oʻrinli hisoblanadi) tamponlar qoʻyiladi. Kasallik kechiktirib yuborilgan hollarda jarohatlangan qoʻl yoki oyoq kesib tashlanadi. Antibiotiklar, sulfanilamid preparatlar, proteolitik fermentlar va spesifik plazma qoʻllaniladi. Umumiy davolash toʻyimli ovqatlar, vitaminlar tayinlash, qon va uning oʻrnini bosuvchilarni qoʻyishdan iborat. Giperbarik oksigenatsiyani qoʻllash foydalidir[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ergashev U.Y.. Xirurgik kasalliklar ToshTA 2020. 
  2. Oripov O.. Umumiy xirurgiya 442-bet Yangi asr avlodi 2008.