Yara kasalligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(O'n ikki barmoq ichak yarasidan yoʻnaltirildi)

Yara kasalligi, meʼda va oʻn ikki barmoq ichak yarasi — meʼda yoki oʻn ikki barmoq ichakda yara hosil boʻlishidan iborat kasallik. Koʻpincha 25—50 yashar erkaklarda, baʼzan ayollarda ham uchraydi. Kasallikning kelib chiqishiga kuchli hayajonlanish, qaygʻurish, qiyin hazm boʻladigan, yogʻli, achchiqshoʻr, oʻta issiq yoki sovuq taomlar isteʼmol qilish, tartibsiz ovqatlanish, chekish, spirtli ichimliklar ichish va boshqalar sabab boʻladi; irsiy moyillik ham rol oʻynaydi.bazan muroda xam kup uchraydi

Ogʻriq Yara kasalligining asosiy belgisi, u koʻproq toʻsh osti sohasida kuzatilib, ovqatdan keyin yarimbir yoki 1,5—2 soat oʻtgach boshlanadi. Oʻn ikki barmoq ichak yarasida nahorda (och qoringa) ogʻriq tutadi, bu holat koʻpincha ozgina ovqat yeyilgach oʻtib ketadi.

Baʼzan ogʻriq orqaga yoki koʻkrak qafasiga tarqaladi. Meʼda yarasida koʻproq koʻkrak osti, ichak yarasida aksari kindik atrofi goh loʻqillab, goh achishib ogʻriydi. Kuchli ogʻriq tutganda bemor oyoqlarini bukib, chap yoki oʻng yonboshni yoki qornini bosib yotadi, baʼzan tizza va tirsaklariga tayanib oladi. Ogʻriq qancha kuchli boʻlmasin bemor qayt qilganidan soʻng toʻxtaydi. Ogʻriq bilan birga ayrim hollarda jigʻildon qaynab, kekirik keladi, koʻngil ayniydi. Yara oʻn ikki barmoq ichakda boʻlsa, koʻpincha qabziyat kuzatiladi; ayrim bemorlarning asabi zaiflashib, kayfiyati oʻzgaradi, qon bosimi pasayib, qoʻloyoqlari soviydi. Yara kasalligida meʼda shirasi koʻp, kam yoki meʼyorida ajraladi.

Kasallik aksariyat surunkali kechadi, u vaqtvaqti bilan (bahor va kuzda) qoʻziydi, goh zoʻrayib, goh bosiladi. 1—2 oy davom etadigan bu davrda bemor ish qobiliyatini yoʻqotadi, baʼzan oʻz vaqtida davolanmasa, kasallik ogʻirlashib, turli asoratlarga sabab boʻladi. Xavfli asoratlardan biri yaraning teshilishidir, bunda qorinda toʻsatdan xanjar suqqandek ogʻriq paydo boʻlib, bemor hushdan ketishi mumkin. Bunday hollarda uni zudlik bilan kasalxonaga yotqizib operatsiya qilish kerak. Kasallikning asoratlaridan yana biri yaradan qon ketishidir, bunda bemor toʻsatdan holsizlanadi, badanini muzdek ter bosadi hushidan ketadi, baʼzan qon qusadi (kofe quyqasiga oʻxshash), qoramtir boʻlib ichi ketadi, kamqonlik (anemiya) yuz beradi, bu holat tez tibbiy yordam koʻrsatilishini taqozo etadi.

Vrach kelgunicha bemorni oʻringa yotqizib, orom berish, hech nima yediribichirmaslik kerak. Baʼzan kasallik yashirin kechib, bemorni hech nima bezovta qilmaydi va asorat bergandagina (qon ketishi yoki yaraning teshilishi) bilib qolinadi.

Kasallikni davolash kompleks usullar bilan vrach nazoratida olib boriladi. Bunda maʼlum tartibga rioya qilish, parhez saqlash talab etiladi.

Ovqatni ilitib, dambadam va ozozdan yeyish, kechasi och qoringa ogʻriq bezovta qilsa, yotishdan oldin 1 stakan sut yoki yangi ivitilgan qatiq yoki kefir ichib yotish maqsadga muvofiq. Kasallik yillab choʻzilishi mumkin, shuning uchun yengil hazm boʻladigan va tarkibida oqsil, yogʻ, vitaminlar (ayniqsa, S, A va V guruh vitaminlari) yetarli boʻlgan parhez taomlar isteʼmol qilish, kasallik xuruj qilganda parhezga alohida eʼtibor berish, chekish va spirtli ichimliklardan oʻzni tiyish lozim. Kasallikni doridarmon bilan davolash ham faqat vrach koʻrsatmasiga binoan olib boriladi.

Kasallik xuruj qilmagan vaqtda yoki kasalxonada davolangandan soʻng bemorlar mahalliy sanatoriy va kurortlar (Tashminvoda, Chinobod, Tibbiy tiklanish va fizioterapiya ilmiy tekshirish instituti) ga yuboriladi.

Kasallikning oldini olishda yoshlikdanoq oʻz vaqtida ovqatlanish rejimiga amal qilish shart. Baʼzi dorilar: atsetilsalitsilat kislota (aspirin), butadion, prednizolon va boshqalarni oʻz bilgicha ichib yurish ham meʼda va ichakning Yara kasalligiga olib kelishi mumkin.

Kasallik boshlanishi aniqlangan davrda bemor vrachning koʻrsatma va tavsiyalariga qatʼiy amal qilishi talab etiladi. Bemorlar poliklinikalarda dispanser hisobiga olinadi. Kasallik xurujining oldini olish uchun kuz va bahor oylarida, ishdan ajralmagan holda davolanib turish (profilaktoriy va sanatoriykurortlarda) ham ijobiy samara beradi.

Kasallik oʻz vaqtida toʻla davolansa, bemor sogʻayib ketishi mumkin.